Prezidentning 2022-yil 1-martdagi “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-81-son Farmoni bilan Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi sifatida qayta tashkil etilgan hamda Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tuzilmasiga oʻtkazilgan.
Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. U bilan quyidagilar belgilangan:
- Jamgʻarmaning maqsadi, asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlari;
- Jamgʻarmani boshqarish, uning mablagʻlarini shakllantirish tartibi;
- Jamgʻarma mablagʻlarini taqsimlash;
- Jamgʻarma xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish shartlari;
- Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari hisobining yuritilishi, Jamgʻarma tomonidan ajratiladigan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishini nazorat qilish tartibi.
Ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, shu jumladan nogironligi boʻlgan, kam taʼminlangan oilalardagi xotin-qizlarni moddiy qoʻllab-quvvatlash Jamgʻarma mablagʻlari sarflanadigan asosiy yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Xususan, Jamgʻarma mablagʻlari yordamida quyidagi vazifalar hal etiladi:
- ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga moddiy yordam koʻrsatish;
- oilaviy va xususiy tadbirkorlikni, hunarmandchilikni tashkil etishda koʻmaklashish;
- mehnat bozorida talabgir boʻlgan kasblar boʻyicha bilim va koʻnikmaga ega boʻlishda koʻmaklashish.
Hujjat bilan Jamgʻarma Vasiylik kengashi tarkibi ham tasdiqlandi, u uning oliy boshqaruv organi hisoblanadi.
Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilandi:
- Qoʻmitaning hisob-kitoblariga muvofiq har yili 300 milliard soʻmgacha boʻlgan miqdorda Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar;
- vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish hisobidan olingan daromadlar;
- jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
- qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Hujjat Qonun hujjatlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 05.11.2022-yil 5-noyabrdan kuchga kirgan, deb xabar beradi “Norma”.