266 nafar Okrug saylov komissiyalari raisi, rais oʻrinbosari, kotibi hamda aʼzolar ishtirok etgan treninglarda Okrug saylov komissiyalari faoliyatini tashkil qilish, Okrug va USK binolari va ovoz berish xonalarini jihozlash, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari, saylovni oʻtkazuvchi saylov komissiyalari vakolat va vazifalari, saylovchilar roʻyxati bilan ishlash kabi mavzularda mashgʻulotlar olib borildi.

Bugun, 19-avgustda Markaziy saylov komissiyasida boʻlib oʻtgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 14 ta okrug saylov komissiyalari raislariga guvohnomalar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari muhri va kanselyariya mahsulotlari topshirildi.

MSK rahbariyati va aʼzolari, OAV vakillari ishtirok etgan tadbirda saylov qonunchiligidagi oʻzgarish va yangiliklar xususida atroflicha soʻz yuritildi.

Saylov kodeksining 21-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida yetmish kun qolganida komissiya raisi, rais oʻrinbosari, kotibidan va komissiyaning sakkiz — oʻn sakkiz nafar boshqa aʼzolaridan iborat tarkibda tuziladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini va Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlash uchun tavsiya etiladi, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.

Okrug saylov komissiyasining aʼzolari jamoatchilikning obroʻ-eʼtiborli vakillari orasidan tasdiqlanadi.

Taʼkidlanganidek, saylov jarayonlarini qonuniy, adolatli, xolis va yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazishda Okrug saylov komissiyasining aʼzolari oʻrni alohida ahamiyat kasb etadi.