O'zbekistonda ham nogironligi bo'lgan shaxslarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida turli tadbir va  islohotlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, joriy yilning O'zbekiston amaliy san'at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida  “3-dekabr` — Xalqaro nogironlar kuni”ga bag'ishlangan “Madaniyat haftaligi” xayriya tadbirlari bo'lib o'tdi. Unda Toshkent shahridagi 100-, 101-, 102-, 103-, 106-sonli  maktab-internatlarida tahsil oluvchi imkoniyati cheklangan bolalar ishtirok etdilar.

Mazkur tadbir doirasida bolalar uchun maxsus surdo tarjimon bilan ekskursiyalar, mahorat darslari, ko'rgazmalar, yurtimiz ardoqlagan mashhur estrada vakillari bilan ijodiy uchrashuvlar tashkillashtirilib, bolalarga o'zlari uchun qiziqarli bo'lgan san'at asarlarining suratini chizish, plastilin bilan ishlash kabi turli ko'ngilochar o'yinlar o'ynash imkoniyati yaratildi. Shuningdek, Elmurod Ziyoev, Ali Otajonov, iste'dodli xonanda SHohjaxon ergashev, aktrisa Sitora Farmonova ishtirokchilar bilan yaqindan suhbat qurdi.

Tadbir O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi, Yakkasaroy tuman “Yunus Rajabiy” mahalla qo'mitasi bilan hamkorlikda o'tkazildi.  Tadbir so'nggida faol qatnashgan  bolalarga muzey tomonidan faxriy yorliq hamda homiy tashkilotlar “Sharq” nashriyoti, “Tower group” kompaniyasi “MAVIS GLOBAL” qandolatchilik korxonasi tomonidan esdalik sovg'alari tantanali ravishda topshirildi.

Bu kabi xayriya tadbirlari bolajonlarni moddiy-ma'naviy, boy madaniy-tarixiy merosimiz aks etgan amaliy san'at namunalari bilan yaqindan tanishtirish asnosida  nafis san'at olami bilan hamnafas etishga,  imkoniyati cheklangan bo'lsa-da,  shijoatli va iqtidorli yosh avlod vakillarining  ijodiy salohiyatlarini yanada sayqallashga, yashirin qobiliyat qirralarini  kashf etishga turtki bo'lsa ajab emas.

Ismat Yusupov,

Charos Bilolova