Bu haqda Prezident tomonidan imzolangan (OʻRQ–781, 29.06.2022-y.) “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunda belgilangan.

Qonunga asosan, yer uchastkasi olib qoʻyilishi munosabati quyidagilar kompensatsiya qilinadi:

olib qoʻyilgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulkning bozor qiymati;

olib qoʻyilgan yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati (bundan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarga boʻlgan ijara huquqi mustasno);

olib qoʻyilgan yer uchastkasida joylashgan koʻp yillik dov-daraxtlarning bozor qiymati;

koʻchish, shu jumladan boshqa koʻchmas mulkni vaqtinchalik ijaraga olish bilan bogʻliq xarajatlar;

yer uchastkasidan va unda joylashgan koʻchmas mulkdan foydalanishdan olinishi mumkin boʻlgan boy berilgan foyda (bunda yer uchastkasi va unda joylashgan koʻchmas mulk boʻshatib qoʻyilgan paytdan eʼtiboran avvalgi faoliyatni tiklashgacha boʻlgan, biroq 1 yildan ortiq boʻlmagan muddatdagi foyda yoki mavsumiy hosildan olinishi mumkin boʻlgan foyda hisobga olinadi);

huquq egasining qonunchilikda yoki kelishuvda nazarda tutilgan boshqa xarajatlari va zararlari.

Yer uchastkasi olib qoʻyilganligi munosabati bilan huquq egasiga noqulayliklar keltirib chiqarilganligi uchun kompensatsiya sifatida yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk bozor qiymatining 5 foizi miqdorida bir martalik toʻlov amalga oshiriladi.

Qonunchilikka muvofiq, huquq egasiga tegishli boʻlgan, olib qoʻyilgan yerda oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylar (yashash uchun moʻljallanmagan joylar), ishlab chiqarish binolari va inshootlari hamda boshqa binolar va inshootlar mavjud boʻlgan taqdirda, ularning bozor qiymati ham toʻliq hajmda qoplanishi lozim.

Shuningdek, turar joyga nisbatan huquqni belgilovchi hujjatlari mavjud boʻlmagan, ushbu turar joyga 15 yil (egalik qilish huquqini yuzaga keltiruvchi muddat) mobaynida xuddi oʻz mulkidek halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxslarga, ushbu koʻchmas mulk obyektlari uchun soliqlar toʻlab kelinganligi tasdiqlangan taqdirda, mazkur koʻchmas mulk obyektlari qiymatining oʻrni qoplanadi.