Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining O‘simlik moddalari kimyosi instituti olimlari ana shu imkoniyatdan foydalanib, mahalliy o‘simliklar asosida yangi fitokompleks yaratish ustida ish olib bormoqda.

Tadqiqotlar Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Rayhon, astragal va turdosh o‘simliklarning ekstraktlari asosida fitokomplekslar yaratish” mavzusidagi amaliy loyiha doirasida amalga oshirilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 1 milliard 409 million 357 ming so‘m bo‘lib, 2025–2027-yillarga mo‘ljallangan. Loyihaga institut Fizikaviy tadqiqot usullari laboratoriyasi yetakchi ilmiy xodimi, biologiya fanlari doktori Daniya Asilbekova rahbarlik qilmoqda.

Olimlar O‘zbekistonda yetishtiriladigan rayhon navlari, tog‘rayhon, kiyiko‘t, arslonquloq va astragal turlarini chuqur o‘rganmoqda. Ularning tarkibidagi efir moylari va boshqa biologik faol birikmalar zamonaviy laboratoriya usullari yordamida tahlil qilinmoqda. Tadqiqotlarning dastlabki natijalariga ko‘ra, fitokompleks yaratish uchun eng maqbul mahalliy o‘simlik xomashyolari saralab olindi. Shuningdek, antioksidant va gipoksiyaga qarshi faollikka ega ekstraktlarning texnologik namunalari tayyorlandi.

Antioksidant xususiyat nima uchun muhim? Organizmda hosil bo‘ladigan erkin radikallar hujayralarga zarar yetkazishi mumkin. Antioksidantlar esa ana shu jarayonlarga qarshi turishda yordam beruvchi moddalar hisoblanadi. Gipoksiyaga qarshi faollik esa organizm to‘qimalarida kislorod yetishmasligi sharoitida hujayralarni qo‘llab-quvvatlash salohiyati bilan bog‘liq. 

Hozirda olimlar faol ekstraktlar asosida komplekslar tayyorlash, ularning tarkibi va antioksidant xususiyatlarini yanada chuqur o‘rganish ustida ish olib bormoqda. Loyiha yakunida turli biologik faol birikmalarni o‘zida mujassam etgan yangi fitokompleks yaratish rejalashtirilgan.

Eng muhimi, bu ishlanmada asosiy e’tibor O‘zbekistonda o‘sadigan va yetishtiriladigan o‘simliklardan foydalanishga qaratilgan. Kelgusida yaratilgan fitokompleks asosida oziq-ovqat va kosmetika sohalarida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarish uchun zamin yaratilishi kutilmoqda.

Loyiha doirasida hozirga qadar 1 ta xorijiy va 1 ta mahalliy ilmiy jurnalda maqola, xalqaro anjumanlar materiallari to‘plamlarida 2 ta maqola, respublika miqyosidagi konferensiyada 1 ta maqola hamda 3 ta tezis chop etilgan.