Soʻnggi toʻrt yilda Oʻzbekistonda ilmiy faoliyatni rivojlantirish borasida sezilarli qadamlar qoʻyildi. Qolaversa, davlatimiz rahbari olimlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlab, ularga yuksak eʼtibor qaratmoqda. Bu gʻamxoʻrlik samarasi oʻlaroq, ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish hajmi muntazam oshyapti. Shuningdek, Web of Science va Scopus maʼlumotlar bazalari tomonidan indekslangan chet el jurnallarida oʻzbek mualliflarining chop etilgan ilmiy maqolalari soni koʻpaymoqda.

Jumladan, 2017-2018-yillarda mahalliy olimlar tomonidan Scopus bazasidagi jurnallarda 1 ming 121 ta ilmiy maqola chop etilgan boʻlsa, 2019-2020-yillar mobaynida 2 ming 601 ta maqola nashrlar yuzini koʻrdi.

Mana shu ijobiy oʻzgarishlarga monand dunyoda mahalliy ilm-fan natijalarining axborot targʻiboti tobora kuchaymoqda. Ushbu tendensiyalarning barchasi, shubhasiz, ijobiy xarakterga ega boʻlib, ular mamlakatimizning jadal rivojlanishiga xizmat qiladi.

Bosib oʻtiladigan uzoq yoʻlning boshida hozir jahon reytingidagi mavqeyiga sezilarli darajada putur yetgan mamlakatlarning achchiq tajribasini ham hisobga olish zarur. Chunki fanning eng dolzarb muammolaridan biri — bu olimlarning ilmiy axloq qoidalariga rioya qilmasligi, jumladan, koʻchirmakashlik, maʼlumotlarni toʻqish, xayoliy ilmiy natijalarni shakllantirish maqsadida maʼlumotlarni manipulyatsiya qilishidir.

Dunyo ekspertlari tomonidan Xirsh indeksi (h-index)ni istalgancha oshirib koʻrsatish, olimning ilm sohalariga mos kelmaydigan nashrlar, uncha taniqli boʻlmagan mualliflarning maqolalari yoki soxta jurnallar, masofaviy oʻtkazilgan konferensiyalardagi toʻplamlarda chop etilgan maqolalarga havola berishi kabilarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Zero, bu kabi holatlarning barchasi tabiiy ravishda fanning obroʻsizlanishiga olib keladi.

Maʼlumot uchun aytish kerakki, Xirsh indeksi nashrning soni va ushbu nashrdan olingan iqtiboslar soniga asoslanadigan koʻrsatkich boʻlib, olimlar guruhi, ilmiy tashkilot yoki butun mamlakat mahsuldorligining miqdoriy tavsifi hisoblanadi.

Turli manbalarda Xirsh indeksini sunʼiy oshirishning kulrang sxemalari tavsiflari keltiriladi. Misol uchun, markazlashtirilgan havolalar almashinuvi va pulli hammualliflik: mualliflar oʻzi tayyorlayotgan maqola uchun narxini koʻrsatgan holda hammualliflikni yoki sirtqi konferensiyalarda qatnashishni taklif qiladi. Qatnashchining toʻlovi maʼlumotlar bazalaridan iqtibos olish, maqolasi muntazam politematik toʻplamlarda nashr etilishini kafolatlaydi.

Aksariyat hollarda maqola mualliflari oʻz reytingini koʻtarish uchun mualliflik maqolalaridan iqtibos keltiradi yoki “iqtiboslar fermasi”ga murojaat qiladi. Bu “ferma”da olimlar guruhi bir-biridan ommaviy ravishda iqtibos keltiradi. Bundan tashqari, koʻpincha olimlarni veb-saytdagi notoʻgʻri maʼlumotlar chalgʻitadi yoki ular chet el jurnallari tahririyatining noxolisligini ilgʻay olish uchun yetarli bilim va tajribaga ega boʻlmaydi.

Shu bilan birga, olimlarimizning nashr ettirish faolligi pastligini ham hisobga olishimiz darkor. Oʻzbekistonlik olimlar ilmiy maqolalarni chop ettirish faolligi boʻyicha hali-hamon Yevrosiyo mintaqasi davlatlaridan ham, MDH hududidan tashqaridagi davlatlardan ham ortda qolmoqda. Misol uchun, 2019-yilda Oʻzbekiston nomidan Scopus tizimida 1 ming 40 ta ilmiy maqola etilgan boʻlsa, Qozogʻiston uchun bu koʻrsatkich 4 ming 906 ta.

Olimlar eng koʻp duch keladigan muammolardan biri taniqli ilmiy nashrlarni oʻz ilmiy ishlariga qiziqtirishdir. Ijtimoiy fanlar sohasida faoliyat yuritadigan mahalliy olimlar orasida oʻtkazilgan qisqa soʻrovnoma shuni koʻrsatdiki, ularning aksariyati yetakchi ilmiy jurnallarda yuqori talabga ega emas. Buning sababi, ilmiy maqolalarni tayyorlashda oʻzlarining oldingi maqolalari yoki eskirgan adabiyotlardan foydalanishlaridir. Olimlar soʻnggi yillarda chop etilgan yetakchi jurnallar va tadqiqotlardan juda kam iqtibos keltiradi. Shu omillarning barchasi birgalikda ularning mavzulari har doim ham Scopus va Web of Science jurnallarida nashr etiladigan maqolalarning darajasiga mos kelmasligiga olib keladi.

Yana bir muammo xalqaro reyting jurnallarida nashr ettirish uchun zarur boʻlgan maqola strukturasini yaxshi bilmaslikdir. Aksariyat olimlar oʻz maqolalarida koʻpincha adabiyotlarni koʻrib chiqish, maʼlumotlarni barqarorlikka tekshirish va shu kabi boʻlimlarni keltirmaydi. Zamonaviy empirik adabiyotlarda katta hajmdagi maʼlumotlar bilan ishlash, axborotni tahlil qilishning ilgʻor ilmiy usullaridan foydalanish hamda adabiyotni chuqur koʻrib chiqish darajasi sezilarli darajada oshdi. Bunday elementlarning yoʻqligi maqolani nashr ettirish imkoniyatini sezilarli darajada kamaytiradi. Masalan, iqtisodiyot yoki sotsiologiyaga oid maqolalarda aniq hisob-kitoblarni oʻz ichiga olgan toʻrt–sakkizta jadval boʻlishi kerak.

Chet el jurnallari ishning alohida qismlarini asoslagan holda aniq strukturani talab qiladi. Hatto maqolani xorijiy jurnal veb-saytiga, shu jumladan, Scopus va Web of Science da koʻrib chiqilgan bitta maqolani elektron shaklda yuklashda ham koʻpincha ishning har bir qismini alohida fayllar koʻrinishida yuklash talab qilinadi. Aksariyat olimlar retsenziyalash dasturlari boʻyicha, maqolalar tayyorlashda dasturlar bilan ishlash boʻyicha texnik koʻnikmalarga ega emas va koʻpincha jurnallarning talablarini inobatga olmaydi.

Shuningdek, aksariyat olimlar empirik tadqiqotlar oʻtkazish uchun zarur koʻnikmalarga ega boʻlmaydi. Empirik tahlilda koʻpincha deskriptiv yoki korrelyatsion yondashuvlardan foydalanadi. Soʻnggi oʻn yilda ilm-fanda tahlilning yana-da ilgʻor metodlaridan, masalan, General method of moments, Cointegration, Fixed effect and random effects va boshqa metodlardan foydalanilgan ilmiy maqolalarga talab sezilarli darajada oshdi. Binobarin, oddiyroq tahlil metodlaridan foydalanish ilmiy tadqiqotlar sifatini sezilarli darajada pasaytiradi. Bu muammoga yechimlardan biri ilmiy tahlilning chuqur metodlarini oʻrganishdir.

Yana bir muammo — bu maqolalar yozishda ingliz tilini oʻz yoʻnalishida yaxshi bilmaslikdir. Yaʼni olimlar oʻz sohasi boʻyicha zarur ilmiy terminologiyani mukammal darajada bilmaydi. Maqolalar yozishda ilmiy ingliz tilidan foydalanish koʻnikmalarining yetishmasligi chet elning yetakchi jurnallarida ilmiy ishni nashr etish yoʻlini yopib qoʻymoqda.

Ilmiy axloq qoidalariga rioya qilish va nashr faolligini oshirish masalalarida aniq tushuncha va chuqur xabardorlikka ega boʻlgan Innovatsion rivojlanish vazirligi olimlarimiz faoliyatini diqqat bilan kuzatib boradi. Mahalliy ilm-fan uchun reputatsion xatarlarning oldini olish choralarini koʻradi. Sifatli tadqiqotlar oʻtkazish va ularning natijalarini nashr etish uchun muvofiq jurnallarni tanlashni qatʼiy tavsiya qilib boradi. Shu bilan birga, mamlakatda buning uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Amaliy nuqtayi nazardan, 2020-yil boshidan vazirlik tomonidan jamiyatimizdagi olimlarga dunyodagi eng yirik ilmiy noshirlarga, jumladan, SpringerLink (Springer Nature), Wiley (John Wiley & Sons, Inc.), Clinical Key (Elsevier) va boshqa elektron platformalarga erkin kirish imkoniyati taqdim etildi. Mazkur platformalarda dunyoning eng yaxshi olimlarning nashrlari toʻliq matnli shakllarda mavjud. Ushbu kompaniya vakillari tomonidan doimiy ravishda oʻquv-seminarlar va vebinarlar oʻtkazib kelinmoqda. Ilmiy maqolalarni reytingi yuqori boʻlgan jurnallarda nashr ettirish boʻyicha alohida mahorat darslari tashkil etilgan.

Shuningdek, 2020-yil oktyabr oyidan boshlab Ilmiy-texnik axborot markazi Oʻzbekistondagi yosh va yuqori yosh toifalari asosida tadqiqotchilar uchun bilim va amaliyotni takomillashtirishga qaratilgan ingliz tili boʻyicha 3 oylik English for Science oʻquv kursi loyihasini boshladi.

Loyiha doirasida UNESCO IsDB project UNESCO Global Observatory of Science, Technology and Innovation Policy Instruments towards strengthening inclusive Science, Technology, Innovation Systems for the Sustainable Development Goals, oʻzbek olimlari tomonidan ilmiy maqolalar tayyorlash sifatini oshirish maqsadida Scopus va Web of Science maʼlumotlar bazalari tomonidan indekslangan xalqaro jurnallarda nashr etish uchun soha mutaxassislari ishtirokida veb-seminarlar tashkil etildi.

Aleksandr SOY,

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi

Ilmiy-texnik axborot markazi direktori