Olis hududlar aholisiga koʻchma kardiojarrohlik majmuasi xizmat koʻrsatadi

    Milliy tibbiyot markaziga Daniya davlatidan zamonaviy koʻchma kardiojarrohlik majmuasi olib kelindi.

    Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.

    Maʼlum qilinishicha, mazkur majmua nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan ushbu noyob majmuada yurak-qon tomir kasalliklarini erta diagnostika qilish uchun zarur boʻlgan angiografiya uskunasi hamda boshqa ilgʻor tibbiy asbob-uskunalarning mavjudligi bilan birga, deyarli barcha turdagi, shu jumladan yuqori texnologik kardiojarrohlik amaliyotlarini bajarish uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan.

    Markaz direktori Maqsud Saidovning taʼkidlashicha, Avvallari chekka hududlarda yashovchi aholi bu kabi yuqori texnologik tekshiruvlar va jarrohlik amaliyotlari uchun viloyat markazlariga, poytaxtga, ayrim hollarda esa hatto chet elga borishiga toʻgʻri kelardi. Endilikda esa bu majmua orqali ular yashash manzilining oʻzida bunday tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi.

    Majmuaning operatsion blokida havo haroratini bir maromda saqlash mumkin. Bu barcha uskunalarning samarali va uzluksiz ishlashini taʼminlaydi. Koʻchma kardiojarrohlik majmuasi 8 soat ishlay oladigan alohida generatorga ham ega.

    Ushbu unikal texnika yurtimizning olis hududlarida istiqomat qiladigan, ayniqsa, nogironligi bor, kasallik sabab toʻshakka mixlanib qolgan ogʻir bemorlarni yashash joyining oʻzida koʻrikdan oʻtkazish va ularda zarur operatsiyalarni bajarish imkonini beradi.