Bu tuygʻu – sogʻinch, bu tuygʻu – kindik qoni toʻkilgan ona zaminga muhabbat hissi. Ayniqsa, oʻzbek farzandi borki, Yer yuzining qaysi burchagida boʻlmasin, doim oʻzbekligidan gʻururlanadi, minglab kilometr olislarda ham qalban shu yurtga talpinaveradi. Bunga oʻz hayotim misolida guvoh boʻlib kelyapman.

Oilamiz bilan 12 yildan buyon AQSHning Nyu-York shtatida istiqomat qilamiz. Oʻtgan yillar davomida Amerika kollejlaridan birida oʻqib, tibbiyot sohasida ishlab kelyapman. Bu yerga oson moslashdik. Ammo amerikalikka aylanib ketmadik. Biz qayerda boʻlmaylik oʻzbekmiz va doim shunday boʻlib qolamiz.

Har gal yurtimizda kechayotgan jarayonlar, yangilanishlarni kuzatib, olisdan turib boʻlsa-da, ularda ishtirok etganimizda buni yaqqolroq his qilaman. Joriy yilning 9-iyul kuni boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ham oilamiz bilan qatnashib, Shavkat Mirziyoyevga ovoz berdik.

Biz kabi yurtdoshlarimiz dunyoning turli burchaklarida koʻplab topiladi. Ular Vatan taqdiriga befarq emas. Xuddi shunday, Oʻzbekiston ham xorijda yashayotgan fuqarolarini doim qoʻllab-quvvatlab kelayotganiga guvoh boʻlyapmiz. Ayniqsa, oxirgi yillarda bu jarayon faollashgani koʻzga tashlanadi.

Prezidentimiz oʻz lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan nutqida ham chet eldagi vatandoshlarimiz bilan aloqalar yanada mustahkamlanishini taʼkidlagani buning isboti. “Oʻzbekiston fuqarolari dunyoning qaysi oʻlkasi yoki mintaqasida boʻlmasin, qonunlarimiz himoyasida boʻladi”, dedi davlatimiz rahbari.

Bu soʻzlar xorijda yashayotgan vatandoshlarimizga yanada kuch berishi shubhasiz. Qolaversa, hamkorlikni oshirish faqat rivojlanishga, Oʻzbekiston turizmini targʻib qilish imkoniyatlari kengayishiga olib keladi. Yaʼni, chet davlatdagi yurtdoshlarimiz mamlakatimiz turizmini namoyon etishda qatnashishi mumkin. Shaxsan oʻzim ana shunday loyihalardan birining ishtirokchisiman. Oʻzbekiston turizmi tasvirlangan videolavhalarni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimga joylab boraman. Hozirgi kunda bu tarmoqlarda yarim milliondan ortiq obunachim bor va ular orasida Oʻzbekistonga qiziquvchilar juda koʻp. Shuning uchun yurtimiz turizmi, oʻzbek milliy anʼanalari, madaniyatiga oid videolar koʻpchilikka manzur boʻladi. Bunday roliklar Nyu-Yorkning aholi gavjum koʻchalaridagi katta ekranlarda ham tez-tez namoyish etiladi. Har gal ana shu lavhalarni koʻrganimda, faxr hissini tuyaman. Yurtimiz turizmi targʻibotida ishtirok etayotganimdan gʻururlanaman.

Videoroliklarimni doim milliy liboslarni kiygan holda olaman. Farzandlarimga ham atlas, adras matolari qoʻshib tikilgan liboslar kiydirishga harakat qilaman. Bunday videolavhalar tayyorlash eng sevimli mashgʻulotlarimdan biri. Muhimi, ularning bari tabiiy, kundalik hayotimizdan kelib chiqib olinadi. Gap shundaki, oilamizda milliy urf-odat, anʼanalarimiz doim ustuvor. Farzandlarim ham ingliz, ham oʻzbek tilida erkin gaplashadi.

Oʻzbekistonga bir yilda ikki marotaba borib turamiz. Ochigʻi, soʻnggi yillardagi oʻzgarishlarni koʻrib, hayratga tushaman. Har gal borganimda yurtimizning yangi manziliga sayohat qilaman. Chunki yurtimizning chekka hududlarida ham rivojlanish shiddati yuqori va zamonaviy shaharlarnikidan qolishmaydigan taraqqiyotni his etish mumkin. Qolaversa, yurtimiz tarixiy obidalarga boy. Dunyoda zamonaviy va qadimiy binolarni oʻz ichiga olgan bunday goʻzal diyorlar kam.

Ana shu rivojlanishlar bilan birga yurtimiz turizm salohiyati oshib borayotgani ham quvonarli. Maʼlumotlarga koʻra, shu yilning birinchi choragidayoq 2,6 million xorijlik Oʻzbekistonga turistik maqsadda kelgan. Haqiqatan, chet elliklar orasida yurtimizga qiziquvchilar soni ortib boryapti. Amerikaliklar orasida ham milliy urf-odatlarimiz, liboslarimiz, madaniyatimizga qiziqadiganlar koʻp. AQSHning deyarli barcha shtatida oʻzbek restoranlarini uchratishingiz mumkin va, qizigʻi, bu yerdagi xoʻrandalarning asosiy qismi amerikaliklar. Yanada ajablanarlisi, ular ham oʻzbek palovini xuddi biz kabi sevib isteʼmol qiladi.

Bu yerdagi koʻp tanishlarim Oʻzbekiston haqida soʻraydi va ushbu goʻzal diyorga sayohat qilish istaklari borligini aytadi. Ularning koʻpini yurtimizga sayyoh sifatida ham olib borganman va doim iliq hamda samimiy minnatdorlik fikrlarini eshitaman. Mamlakatimizga borib qaytgan boshqa sayyohlar bilan ham suhbatlashganimda, oʻzbeklarning bagʻrikengligi, mehmondoʻstligini taʼsirlanib gapiradi. Milliy odatlarimiz, liboslarimiz, paxta gulli choynak-piyolalar, metrodagi oʻzaro hurmat ularda alohida qiziqish uygʻotadi.

Esimda bor, bir kuni Amerikada istiqomat qiladigan fransiyalik ayol mendan “qayerliksan?”, deb soʻradi. “Oʻzbekistondanman”, deganimda, birdan koʻzlari porlab ketdi. “Oʻsha oʻlkaga yana bir marta borsam, armonim yoʻq”, dedi. Yana, afsonaviy yurtga oʻxshatishini, faqat ertaklardagina bunday sodda va samimiy insonlar boʻlishini aytib, kulib qoʻydi.

Bunday gaplarni eshitganda, chindan, Oʻzbekiston jannatmonand yurt ekaniga amin boʻlaman. Biz qanchalik boshqa diyorlarga “uchishga” intilmaylik, doim ona Vatanga talpinaverishimiz boisi ham shundan boʻlsa kerak. Amerikaning barcha shtatlarida koʻplab vatandoshlarimiz yashaydi. Va ular doim bir-birini qoʻllab-quvvatlashiga guvoh boʻlaman. Xorijda yashayotgan har bir oʻzbekning koʻzida Vatan sogʻinchi boʻladi. Shu bois, Amerikada boʻlishimizga qaramay, milliy bayramlarimizni koʻpchilik boʻlib, shu yerdagi yurtdoshlarimiz bilan birga nishonlaymiz. Hatto, bir-birini tanimasa ham, oʻzbek oʻzbekka har qanday holatda yordam beradi, qoʻllaydi.

Amerikadagi Oʻzbekiston elchixonasi faoliyatini ham yuqori baholayman. Yurtdoshlarimizga har qanday masalada tezkor koʻmak berishadi. Ular tomonidan sayyohlikni rivojlantirish borasida ham koʻp ishlar, samarali loyihalar amalga oshirilyapti. Ana shunday loyihalarda ishlash orqali, yurtimizni dunyoga tanitishda biz ham oʻz hissamizni qoʻshayotganimizdan mamnunmiz va bunga doim tayormiz.

Shahzoda TOSHMATOVA,

AQSH, Nyu-York shtati