Qarorga koʻra, oliy harbiylashtirilgan taʼlim muassasalari quyidagilar:

- Ichki ishlar vazirligi akademiyasi;
- Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti. 

Mazkur taʼlim muassasalarida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlanadi. 

Bakalavriat taʼlim yoʻnalishida oʻqitish kunduzgi, masofaviy va sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim shakllarida amalga oshiriladi.

Kunduzgi taʼlim shaklida oʻqish kamida 3 yil davom etadi. 

Bakalavriatda ishlab chiqarishdan ajralmagan holda (masofaviy), sirtqi taʼlim davomiyligi oliy maʼlumotga ega boʻlmagan xodimlar uchun kamida 4 yil, oliy maʼlumotga egalar uchun 3 yil etib belgilanadi.

Kursantlar 1-bosqich taʼlim muddati yakunlanganidan soʻng muddatli harbiy xizmatni oʻtagan hisoblanadi va ularga harbiy guvohnoma beriladi.

Magistratura mutaxassisliklarida oʻqitish kunduzgi yoki masofaviy taʼlim shakllarida amalga oshirilib, oʻqish davomiyligi kamida 1 yilni tashkil etadi. 

Shuningdek, taʼlim muassasalari boshqaruv sohasiga mutaxassis kadrlarni maqsadli tayyorlash uchun 2 bosqichli (ikki yillik) magistraturani tashkil etishi mumkin. Bunda bitiruvchilarga ilmiy va pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish imkoniyati beriladi.

Taʼlim muassasalari bitiruvchilariga diplom bilan birga vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan namunadagi koʻkrak nishoni beriladi.