Tadbirda YeXHTga a’zo 50 ta davlatdan 220 dan ortiq parlament a’zolari ishtirok etdi.
Sessiya doirasida umumiy yalpi majlis, shuningdek, YeXHT PA migratsiya va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus qo‘mitalari majlislari bo‘lib o‘tdi. Sessiya doirasida YeXHT hududidagi nizolarni bartaraf etish, «yashil iqtisodiyot»ni yanada rag‘batlantirish, inson huquqlarini himoya qilish, saylovlarni tashkil etish sohasida tajriba almashish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, sessiya davomida parlament a’zolari Parlament Assambleyasi hamda YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) rahbariyatining hisobotlarini eshitdi.
YeXHT PA Terrorizmga qarshi kurashish maxsus qo‘mitasi majlisi doirasida qo‘mitaning yangi doimiy a'zosi senator R.Alimov tanishtirildi. O‘zbekiston vakili ma'ruza qildi. R.Alimov respublikada terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, qilmishidan afsuslangan shaxslarga manzilli yordam ko‘rsatish va ularni jamiyatga moslashtirish, shuningdek, terroristik faoliyatdan jabrlangan ayollar va bolalarni qutqarish hamda o‘z vataniga qaytarish bo‘yicha «Mehr» dasturlarini amalga oshirish doirasida ko‘rilgan kompleks chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.
O‘zbekiston delegatsiyasining Varshavada bo‘lishi doirasida YeXHT PA vitse-prezidenti, Terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus qo‘mita raisi R.Lopatka va Assambleya Bosh kotibi R.Montella bilan ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvlarda tomonlar mamlakatimizning YeXHT PA doirasidagi hamkorligining bugungi holati va istiqbollarini, shuningdek, Assambleyaning 2023-yildagi yalpi tadbirlariga oid masalalarni muhokama qildi.
YeXHT PA vakillari o‘zaro hamkorlik darajasini, O‘zbekiston Respublikasining Assambleya doirasidagi faol pozitsiyasini yuqori baholadi hamda ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda, fuqarolik jamiyati institutlarini mamlakat fuqarolari manfaatlaridan kelib chiqib mustahkamlashda bundan buyon ham har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.