Unda Oliy Majlis palatalari Kengashlari a’zolari, deputatlar, senatorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda 2024-yilga mo‘ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan tadbirlarning bajarilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish to‘g‘risidagi masala muhokama etildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, xususan makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta'minlash, investitsiya, eksport hajmlarini kengaytirish, qishloq xo‘jaligi, uy-joy qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport, ekologiya sohalarini, shuningdek ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamlashtirish, madaniyat va sportni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilyapti.
Muhokamalar jarayonida 2024-yilga mo‘ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan tadbirlarning bajarilishi ustidan tizimli parlament nazoratini yo‘lga qo‘yish, bu borada Oliy Majlis palatalari hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining faol ishtirokini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha parlament komissiyasining 2023-yildagi faoliyati ko‘rib chiqildi.
Parlament komissiyasi tomonidan Davlat byudjetidan 2023-yil uchun ajratilgan 226 milliard 490 million so‘m mablag‘ni davlat subsidiyasi, davlat ijtimoiy buyurtmasi va davlat granti moliyalashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Shuningdek, Parlament komissiyasi qarorlari asosida Davlat byudjeti hisobidan «Nuroniy» jamg‘armasiga va Progressiv islohotlar markaziga qo‘shimcha davlat subsidiyasi shaklida mablag‘ yo‘naltirilgan.
Bundan tashqari, Parlament komissiyasining qaroriga asosan Jamoat fondi tomonidan 2023 yilda davlat grantlarining 6 ta tanlovi o‘tkazilgan va 200 ta loyiha 18 milliard so‘mga moliyalashtirilgan.
2023-yil davomida davlat organlarining ta’lim sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash, energiya resurslaridan oqilona foydalanish, qurilish, kommunal xo‘jaligi, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik kabi sohalarda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga yo‘naltirilgan buyurtmalari asosida Parlament komissiyasi qaroriga muvofiq Jamoat fondi tomonidan 11 ta ijtimoiy buyurtmaga ochiq tanlovlar e’lon qilingan.
Muhokamalar chog‘ida sohalar kesimida tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda muayyan ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga qaratilgan ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalar hajmini bosqichma-bosqich oshirib borish, o‘tkaziladigan tanlovlarning barcha bosqichlarini raqamlashtirish orqali shaffof va sog‘lom raqobat muhitini yaratish lozimligi ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, qo‘shma majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Misr Arab Respublikasi parlamenti bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhining yangi tarkibini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.