So‘nggi to‘rt yilda O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida barcha sohalarda, jumladan, parlamentlar o‘rtasida hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi.
Muloqotda ikki davlat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, ularni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Indoneziya parlamenti delegasiyasi a’zolariga Oliy Majlis Qonunchilik palatasining faoliyati, siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Uchrashuvda R. Gobel mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyov rahbarligida olib borilayotgan oqilona siyosat va uning dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotganini ta’kidlab, parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini bildirib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekistonda Indoneziyaning yetakchi Oliy ta’lim muassasalarining filiallarini ochish hamda bugungi kunda eng talabgor kasblarga o‘qitish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni ishlab chiqish masalasi ham muhokama qilindi hamda ularni amaliyotga tadbiq etish bo‘yicha kelishib olindi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy, investisiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning foydalanilmagan katta salohiyatini qayd etib, ikki mamlakat uchun ustuvor bo‘lgan yo‘nalishlarda aniq qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali samarali hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash bilan birga, turizm, madaniy-gumanitar sohalarda ham hamkorlikni yanada rivojlantirish va aloqalarni chuqurlashtirish masalalri ko‘rib chiqildi. Ikki parlament rahbarlari bu kabi ezgu ishlarni amalga oshirishda hukumatlarni dastaklashlarini bildirdi.