Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, xalqaro tashkilotlar (BMT, IHT, ShHT), xususan, BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi doirasida ilgari surilgan O‘zbekiston tashabbuslarini targ‘ib qilish masalalari bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish muhimligi to‘g‘risida fikr alamashildi.

Suhbat davomida tomonlar parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qildi, shuningdek ikki mamlakat parlamentlari yuqori palatalari o‘rtasidagi tizimli muloqotni davom ettirish, shu jumladan oliy va yuqori darajalarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga ko‘maklashish muhimligini qayd etdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlandi.

Elchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan mintaqaviy siyosatni va uning xalqaro munosabatlarga bo‘lgan uzoqni ko‘zlaydigan yondashuvini hamda Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish bo‘yicha sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.

Ta’lim, savdo, iqtisodiyot, shu jumladan to‘qimachilik sanoati, investitsiyalar kiritish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ikki mamlakat parlamentlari palatalari va do‘stlik guruhlari o‘rtasida tizimli muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati