Uchrashuvda O'zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan islohotlarning borishi, mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmoqlarini modernizatsiyalash va raqobatbardoshligini oshirishning strategik yo'nalishlari, davlat boshqaruvi tizimini mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslarini hayotga tatbiq etish va mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi hamda xalq farovonligining izchil oshirib borilishini ta'minlash bo'yicha olib borilayotgan ishlar to'g'risida so'z yuritildi.
Bundan tashqari, mamlakatning investitsiyalar jalb etuvchanligini va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, shuningdek, O'zbekiston imiji va parlamentning rolini oshirish, mahalliy va xalqaro darajalarda hamkorlik qilish masalalari muhokama etildi.
Suma Chakrabarti amalga oshirilgan ishlar va O'zbekiston iqtisodiyotining ijobiy ko'rsatkichlarini yuqori baholadi, shuningdek, mamlakat rahbariyati islohotlarni davom ettirishga qat'iy bel bog'laganini ta'kidladi.
Uchrashuv ishtirokchilari iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik bo'yicha belgilangan vazifalarni birgalikda amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati