Muloqot avvalida ikki mamlakat orasidagi hamkorlikning soʻnggi yillarda sezilarli jadallashgani hamda oʻzaro ishonch va doʻstona munosabatlar strategik sheriklik darajasigacha oshgani taʼkidlandi.

Ikki mamlakat xalqlarini bir-biriga bogʻlab turuvchi tarixiy, anʼanaviy, madaniy qadriyatlarning mushtarakligi davlatlaro aloqalarni rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.

Shuningdek, tomonlar iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, hududlararo hamda mamlakat ishbilarmon doiralari orasidagi savdo aloqalarini yanada rivojlantirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratdi.

Muloqot chogʻida 2026-yil Oʻzbekiston va Vengriya orasidagi madaniyat, fan va innovatsiyalar yili deb eʼlon qilingani ham qayd etilib, tomonlar ikki davlatda qator yirik tadbirlarni oʻtkazish masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Shu bilan birga, parlamentlararo munosabatlarni izchil rivojlantirib borish hamda davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan oʻzaro fikr almashildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.