Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-67-sonli qarori bilan tasdiqlangan qator amaliy harakatlar rejalari (“yoʻl xaritalari”) ijrosining borishi muhokama etildi.
Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-18-dekabr kunlari Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida salmoqli ikki tomonlama oʻzaro manfaatli boʻlgan kelishuvlarga erishildi.
Xususan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan holda ijtimoiy-iqtisodiy sektorni raqamlashtirish, “yashil energetika” tizimini rivojlantirish hamda kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish Oʻzbekiston Respublikasining Koreya Respublikasi bilan hamkorlik aloqalarida uzoq muddatga moʻljallangan yangi ustuvor yoʻnalishlari etib belgilandi.
Koreya Respublikasi Oʻzbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biri hisoblanib, keyingi yillarda tovar ayirboshlash va qoʻshma korxonalar soni qariyb ikki baravarga ortdi.
Janubiy Koreyaning Oʻzbekistonga investitsiyalari hajmi 7 milliard dollardan ortdi. 2021-yilda 320 million dollar, yaʼni 2020-yilga nisbatan 20 foiz koʻp mablagʻ oʻzlashtirildi. Bu mablagʻlar hisobiga kimyo, neft-kimyo, toʻqimachilik, qurilish, qishloq xoʻjaligida qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Koreya Respublikasi Eksport-Import (Eksim) banki hamda Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamgʻarmasi (EDCF) bilan koʻp yillik samarali hamkorlik natijasida mamlakatimizning investitsiya loyihalarini moliyalashtirish hajmi 1 milliard dollarga yetkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʻrtasida ikki tomonlama va koʻp tomonlama parlamentlararo aloqalarni kengaytirish, shuningdek davlatlararo ikki tomonlama imzolangan kelishuv va bitimlarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”da belgilangan vazifalarning borishi ustidan tizimli parlament nazoratini oʻrnatish maqsadida Senatning 2022-yil 3-fevraldagi SQ-473–IV-son Qarori bilan Oliy Majlis Senatining Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik boʻyicha komissiyasi tashkil etildi.
Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-dekabrdagi PQ-67-sonli qarori bilan tasdiqlangan 3 ta amaliy harakatlar rejalari (“yoʻl xaritalari”) ijrosining borishi, shu jumladan joriy yil yanvar oyida bajarilishi belgilangan 23 ta vazifaning ijrosi muhokama qilindi.
Tadbir davomida ikki mamlakat oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganligining 30 yilligiga bagʻishlangan “Oʻzaro almashinuvlar yili”ni tashkil etish, Senat faoliyatida Janubiy Koreya parlamenti tajribasi asosida “Elektron parlament” mexanizmini tatbiq etish boʻyicha dolzarb vazifalar belgilandi.
Majlis yakunida bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olgan holda Komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.