Taʼkidlanganidek, Prezidentimiz tashabbuslari bilan mamlakatda keyingi besh yilda sud-huquq sohasini tubdan isloh etishga qaratilgan keng qamrovli tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Senat Raisi bu sohada amalga oshirilgan islohotlarning ayrim natijalariga toʻxtalib oʻtdi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudi yagona oliy organ – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirildi, shuningdek, tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari tashkil etildi va maʼmuriy sudlar tizimi yaratildi.
Sudyalar oliy kengashi va Sudyalar oliy maktabi tashkil etildi. Sudya lavozimida boʻlishning ilk marotaba besh yillik, keyin oʻn yillik muddati va shundan soʻng muddatsiz davri belgilandi.
Sud majlislariga ommaviy axborot vositalari vakillarini qonunda belgilangan tartibda keng jalb qilish yoʻlga qoʻyildi.
Sudyalar oʻrtasida ishlarni avtomatik tarzda taqsimlash, sud majlislarini maxsus aloqa tizimi orqali oʻtkazish, sud majlislarini audio, video vositalari orqali qayd etish, sud qarorlarini inson omilisiz onlayn tarzda taqdim etish amaliyoti joriy etildi.
Sudlar va jazoni ijro etish muassasalari oʻrtasida videokonferensaloqa tizimi oʻrnatildi.
“Dalillar maqbulligi” instituti takomillashtirib, bu oʻz navbatida ish boʻyicha barcha holatlar sud tomonidan har tomonlama tekshirilishiga, dalillarga xolisona baho berilgan holda oqlov hukmlari koʻpayishiga asos yaratildi.
Jinoyat protsessida yarashuv instituti kengaytirilib, u barcha instansiyalarda qoʻllanilishi belgilandi, jinoyat ishi boʻyicha dastlabki eshituv, aybiga iqrorlik boʻyicha kelishuv instituti, mediatsiya institutlari joriy etildi.
“Bir sud – bir instansiya” tamoyili asosida xalqaro standartlarga mos ravishda uch bosqichli sud tizimi joriy etilib, nazorat instansiyasi bekor qilindi.
Odil sudlovni amalga oshirish borasida jinoyat, maʼmuriy, fuqarolik hamda iqtisodiy sudlar tomonidan 2017–2021-yil va 2022-yilning toʻrt oyida jami 4,5 milliondan ortiq ish koʻrib chiqilib, shundan, 3,8 millionga yaqin daʼvo ariza qanoatlantirilgan boʻlsa, 4 050 nafar sudlanuvchiga nisbatan oqlov hukmlari chiqarilgan.
Majlisda senatorlar nomzodga sud tizimidagi yuzaga kelayotgan muammolar, ularni bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilishi zarur boʻlgan ishlar haqida oʻz fikr va mulohazalarini bildirdilar.
Muhokamalar yakunida Kozimdjan Fazilovich Kamilov sudyalik lavozimida boʻlishning muddatsiz davriga, besh yil muddatga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi lavozimiga saylandi va Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.