Davlat siyosatining ushbu yoʻnalishida oliy taʼlim muassasalari institutsional salohiyati, boshqaruv samaradorligi va tashqi akademik ishonch masalalari ustuvor ahamiyat kasb etyapti.
Bunga Fargʻona davlat universitetidagi faoliyatim mobaynida oʻzim guvoh boʻlyapman. Jumladan, 2021-yildan buyon universitetimizda moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash, infratuzilmani bosqichma-bosqich rivojlantirishga qaratilgan tizimli choralar koʻrilishi natijasida oʻsha yili 241 milliard soʻm boʻlgan universitet byudjeti 2025-yil yakuniga kelib, 537 milliard soʻmga yetdi. Bu koʻrsatkich oliygoh imkoniyatlari kengaygani, taʼlim va ilmiy muhitni zamon talablari asosida yangilash uchun puxta zamin hozirlanganini anglatadi.
Shuningdek, infratuzilma rivoji taʼlim yoʻnalishlari va ilmiy faoliyat koʻlami bilan hamohang kechdi. Pirovardida fakultetlar soni 8 tadan 12 taga, kafedralar 40 tadan 51 taga, taʼlim yoʻnalishlari 60 tadan 82 taga, magistratura mutaxassisliklari 34 tadan 41 taga yetkazildi. 7 ta ilmiy va 28 ta oʻquv laboratoriyasi tashkil etilib, qoʻshimcha oʻquv binolari hamda talabalar turar joylari barpo etildi.
Ilmiy muhitni kuchaytirish, professor-oʻqituvchilar va yosh tadqiqotchilarni ragʻbatlantirishga qaratilgan aniq mexanizmlar yoʻlga qoʻyildi. Natijada dissertatsiya yoqlashlar soni 51 tadan 126 taga yetib, ilmiy salohiyat 26 foizdan 62 foizga koʻtarildi.
Hozir universitetda mahalliy va xalqaro grantlar doirasida ilmiy tadqiqot va innovatsion loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu loyihalar taʼlim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Taʼlim sifatini oshirish maqsadida yetakchi OTMlarning 300 talik roʻyxatidagi universitetlar tajribasi asosida 454 ta oʻquv dasturi takomillashtirildi. Elektron kutubxona bazasi 95 foizgacha kengaytirildi, oʻqitish jarayonida raqamli yechimlar joriy etildi.
“Yashil oliygoh” tashabbusi doirasida universitet binolariga quyosh panellari oʻrnatilib, barqaror rivojlanish tamoyillari amaliyotga tatbiq etildi. Universitetda umumiy qiymati 2 milliard 298 million soʻmlik 19 ta mahalliy, 3 ta xalqaro va 1 ta startap loyiha amalga oshirilmoqda. Bu koʻrsatkichlar yoshlar tashabbuslari faol qoʻllab- quvvatlanayotgani, ilmiy-innovatsion ekotizim shakllanayotganidan dalolat beradi. Talabalar yutuqlari ham eʼtiborga molik. 207 talabamiz turli chempionatlarda gʻolib boʻldi.
Institutsional islohotlar xalqaro baholash tizimlarida ham oʻz aksini topmoqda. 2025-yilda Fargʻona davlat universiteti QS institutsional baholash tizimida 4 yulduzli sertifikatga ega boʻldi, QS Asia reytingida 901-950 oraliqda qayd etildi. Shuningdek, UI GreenMetric xalqaro reytingida dunyo miqyosida 327-oʻrinni egalladi.
Bundan tashqari, universitetimiz 2025-yilda qator yirik xalqaro ilmiy forumlarga mezbonlik qilib, mintaqada akademik muloqot va hamkorlik geografiyasini kengaytirishga munosib hissa qoʻshdi.
Umuman olganda, Fargʻona davlat universiteti tajribasi oliy taʼlim sohasidagi islohotlar izchil, institutsional barqaror va xalqaro ishonch asosida amalga oshirilganda qisqa muddatda aniq natijalarga erishish mumkinligini koʻrsatadi. Bunday yondashuvlar milliy oliy taʼlim tizimining raqobatbardoshligini oshirish va xalqaro nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Aziza BOZORBOYEVA,
Fargʻona davlat universitetining
xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori
Hamkorlik materiali