Jumladan, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta'minlash hamda mansabdor shaxslarning aholi oldidagi hisobdorligini yo'lga qo'yish orqali davlat boshqaruvida samarali va ta'sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Ilk bor korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va tizimli tahlil qilish, ularni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish uchun mas'ul bo'lgan alohida organ – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Davlat hokimiyati organlari va yirik xo'jalik yurituvchi sub'yektlarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo'lga qo'yilmoqda.
Binobarin, Oliy ta'lim muassasalarida ham “Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplaens-nazorat” tizimini boshqarish” bo'limlari tashkil etilgani bunga misoldir. Farg'ona politexnika instituti rektorining 2021 yil 19 may kungi buyrug'iga asosan institut shtatlar jadvaliga “Korrupsiyaga qarshi kurashish “komplaens nazorat” tizimini boshqarish” bo'limi kiritildi. Bo'lim negizida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha talaba-yoshlar klubi tashkil etildi. Har bir fakultet dekani tomonidan talabalar bilan suhbatlar o'tkazilib, 160 nafar talaba “Talaba yoshlar klubi”ga a'zolikka qabul qilindi.
Institutda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni oldini olish, korrupsiogen holatlarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish maqsadida talabalarning murojaatlarini elektron qabul qilish uchun “Biz Korrupsiyaga qarshimiz” nomli “FarpiantiKorrupsiya” boti ishga tushurildi.
Institutda “O'qituvchi – talaba nigohida” mavzusida alohida so'rovnoma tayyorlanib, 3025 nafar talaba ishtirok etgan anonim so'rovnomalar olindi. Qayd etilgan natijalar bo'yicha korrupsion harakatlar sodir etadigan, manfaatlar to'qnashuvi, tanish-bilishchilikka yo'l qo'ygan yoki qo'yishi mumkin bo'lgan professor-o'qituvchi hamda xodimlar ro'yxati tuzilib alohida nazoratga olindi.
Institutga o'qishga qabul jarayonlarini ochiq va shaffof, adolatli o'tkazilishini ta'minlash maqsadida o'tkazilayotgan bakalavriat, magistratura va doktoranturadagi imtihon jarayonlari hamda qonun buzilish holatlarini oldini olishga qaratilgan, byudjet mablag'larining maqsadli sarflanishi va davlat xaridlarini amalga oshirish ustidan masofaviy nazoratni ta'minlash, ta'lim ob'yektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta'mirlash va jihozlashda byudjet mablag'laridan maqsadli sarflanishi ustidan monitoring va nazorat tadbirlarini amalga oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini samarali tashkil etish hamda xizmat vazifalarini bajarishda qat'iy talablarga rioya etish, korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va uni oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan 2021 yilda institutda 20 dan ortiq seminar-treninglar o'tkazildi.
Ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash maqsadida moliyaviy faoliyat turlari institutning rasmiy veb-sayti (ferpi.uz) ga joylashtirilmoqda.
Bundan tashqari, talabalarning o'qishini ko'chirishda uzrli sabablar mavjud bo'lganda yangi tartib bo'yicha talabaning respublikaning bir hududidan ikkinchi hududiga doimiy yashash uchun ko'chib o'tishi, turmush o'rtog'i yoki ota-onasining ish joyi boshqa hududga o'zgartirilishi, nikoh tuzgandan keyin turmush o'rtog'i doimiy yashaydigan hududga ko'chib o'tishi uzrli sabablar deb hisoblanishi yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etilishiga olib keldi.
Uzrli sabablar mavjud bo'lmagan holatlarda, shuningdek, mos va turdosh bo'lmagan ta'lim yo'nalishlariga ko'chirish tegishli bakalavriat ta'lim yo'nalishi uchun belgilangan tabaqalashtirilgan to'lov-kontraktning minimal miqdoriga teng bo'lgan bir martalik to'lov asosida amalga oshirilishi hamda xorijiy oliy ta'lim muassasalaridan O'zbekiston hududidagi oliy ta'lim muassasalariga o'qishini ko'chirish masalalari ham tabaqalashtirilgan to'lov-kontrakt asosida amalga oshirilishi belgilanganligi turli xil korrupsiogen holatlarni oldini olishda yangi va shaffof tizimni shakllantirish orqali ushbu jarayonlar legallashtirildi.
Jonajon yurtimiz ravnaqi, rivoji yo'lida kelajagimiz egalarini yetuk, bilimli va salohiyatli kadrlar bo'lib yetishishlarida ota-onalar befarq bo'lmasligimiz, ularni ilm olish va halollik bilan o'z kelajagini qurishga, kitobni sevishga o'rgatishimiz, shu bilan birga yoshlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat va ijtimoiy-psixologik immunitetni shakllantirish, jamoatchilik nazoratini yo'lga qo'yishimiz bugungi kunning pirovard vazifalaridandir.
Sherzod Dehqonov,
Farg'ona politexnika instituti Korrupsiyaga qarshi kurashish “komplaens nazorat” tizimini boshqarish bo'limi boshlig'i