Nizomga ko‘ra, ta’lim tashkiloti har yili 1-oktyabrgacha “Yagona milliy mehnat tizimi” IDAKga (Dastur) kiritilgan korxona bilan bitiruvchilar amaliyotini o‘tashi bo‘yicha shartnoma tuzish uchun platforma orqali ushbu korxonaga so‘rov yuboradi.
Amaliyotni tashkil etish bo‘yicha ta’lim tashkiloti va korxona o‘rtasida shartnoma amaliyot boshlanishidan kamida 3 hafta oldin platforma orqali rasmiylashtiriladi.
Ta’lim tashkiloti har yili yakuniy davlat attestatsiyasi xulosasi asosida bitiruvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni platformaga kiritadi.
Korxona Dasturga har oyning 25-sanasigacha o‘zlari uchun zarur kadrlar, shu jumladan, vakant lavozimlar haqidagi ma’lumotlarni kiritib boradi.
Ishga qabul qilingan va mehnat shartnomalari Dasturda ro‘yxatdan o‘tkazilgan bitiruvchilar platformada avtomatik tarzda “bandligi ta’minlangan” sifatida qayd etiladi.







