Nizomga koʻra, oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriatiga quyidagilar asosida oʻqishga qabul qilinadi:

Prezident hujjatlari bilan tasdiqlangan bakalavriat yoʻnalishlari boʻyicha davlat granti, jumladan, taʼlim granti asosida;

Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan umumiy qabul parametrlari asosida.

Kirish imtihonlari 2 boʻlimdan iborat boʻladi:

1-boʻlim – barcha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari uchun majburiy 3 ta fan – ona tili, matematika va Oʻzbekiston tarixidan test sinovlari;

2-boʻlim – abituriyent tanlagan bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos 2 ta fandan test sinovlari yoki taʼlim yoʻnalishiga mos kasbiy (ijodiy) imtihonlar.

Qabul jarayoni 2 bosqichda amalga oshiriladi:

1-bosqichda 5-iyundan 25-iyungacha test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, taʼlim tili va test topshirish hududi;

2-bosqichda test sinovi yakunlangach, 15 kun davomida oliy taʼlim tashkiloti, bakalavriat taʼlim yoʻnalishi, taʼlim shakli va tanlov ustuvorligi tanlanadi.

Abituriyentning test sinovida toʻplagan ballari haqida maʼlumot test sinovi oʻtkazilgan kunning ertasiga eʼlon qilinadi.

Abituriyentning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani boʻyicha tanlov natijasi roʻyxatdan oʻtishning 2-bosqichi yakunlangach, 1 hafta muddatda Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.