Oliy taʼlim xalqning kelajagini belgilab beradi

    Mazkur tizim orqali yurtimizdagi 135 ta oliy taʼlim muassasasi oʻrtacha ming nafardan yoshni qamrab olganda ham, kamida yuz ming nafar yoshning hayotda oʻz oʻrnini topishida koʻmak boʻladi.

    Bugun sayyoramiz miqyosida olganimizda ham jahon tamaddunining harakatlantiruvchi kuchi, taraqqiyot kemasiga tezlanish bera oluvchi qatlami malakali, zamon talablarini ilgʻay oladigan, ularga “labbay” deb javob bera oladigan, professional omilkor mutaxassislar ekanini anglaymiz. Bunday kadrlarni esa, shubhasiz, oliy taʼlim tizimi tayyorlab beradi.

    Shu sababli ham bugun dunyo taraqqiyotning tamal toshi, mamlakatni qudratli, millatni buyuk eta oladigan qudratli kuch boʻlgan ilm-fan, taʼlim va tarbiyaga alohida eʼtibor qaratmoqda. Jahonning qator yetakchi davlatlarida taʼlimni rivojlantirish birinchi galdagi vazifa sifatida belgilanishi ham bejiz emas. Zero, mamlakatning ertangi kuni, ravnaqi aynan shu sohada qoʻlga kiritilgan yutuqlarga bevosita va bilvosita bogʻliq.

    Mamlakatimiz ham bu jarayonning faol ishtirokchisi ekani quvonarli hol, albatta. Eʼtirof etish lozim, oliy taʼlim tizimining keyingi yillardagi faoliyatiga nazar tashlaydigan boʻlsak, koʻplab ijobiy ishlar amalga oshirilganiga guvoh boʻlamiz.

    Oliy taʼlim tizimida yuzaga kelgan muammolarni qisqa muddatda bartaraf etish maqsadida keyingi yillarda sohani tubdan takomillashtirish, izchil rivojlantirish, XXI asr talablariga moslashtirish, zamon bilan hamnafas qilish borasida aniq, izchil va keng koʻlamli kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Shuningdek, soha taraqqiyotiga yoʻnaltirilgan oʻnlab muhim farmon, qaror va dasturlar qabul qilindi.

    Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlimni tizimli isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, mustaqil fikrlaydigan, yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, oliy taʼlimni modernizatsiya qilish, ilgʻor taʼlim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi sohadagi yangi islohotlar uchun dasturulamal vazifasini bajarmoqda. Ushbu hujjatga intellektual taraqqiyotni jadallashtirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish singari vazifalar asos qilib olindi. Konsepsiya mazmuni mamlakatimiz oliy taʼlim tizimini isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlarini aks ettirdi. Unda oliy oʻquv yurtlarida qamrov darajasini kengaytirish hamda taʼlim sifatini oshirish, raqamli texnologiyalar va taʼlim platformalarini joriy etish, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish, innovatsion tuzilmalarni shakllantirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoriylashtirish, xalqaro eʼtirofga erishish hamda boshqa koʻplab aniq yoʻnalishlar belgilab berildi. Bularning barchasi taʼlim jarayonini yangi sifat bosqichiga koʻtarish uchun xizmat qildi.

    2019-yilning 11-iyulida oliy taʼlim sohasini tashkillashtirish va boshqarish tizimini tubdan oʻzgartiruvchi ikkita muhim hujjat qabul qilindi. Mamlakatimiz rahbari “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim sohasida boshqaruvni isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmon hamda “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida gi qarorni imzoladi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining taʼlim sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga yoʻnaltirilgan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonuni 2020-yil 23-sentyabr kuni qabul qilindi. Taʼkidlab oʻtish joizki, qonun jahon standartlari talablaridan kelib chiqqan holda taʼlim sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning qamrovi kengligi va oʻziga xos xususiyati bilan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi avvalgi qonundan tubdan farq qiladi. Mazkur qonun ushbu soha taraqqiyotida, hech shubhasiz, yangi ufqlarni ochib beradi. Unga muvofiq, oʻqitishning masofaviy, inklyuziv shakllari joriy qilindi. Taʼlim tashkilotlariga xorijiy muassasalar bilan hamkorlikda qoʻshma fakultet va oʻquv markazlari tashkil qilishga ruxsat etildi. Shuningdek, oʻqituvchilarga mualliflik dasturi va oʻqitish uslublarini joriy etish, zamonaviy pedagogik shakllar, oʻqitish va tarbiya usullarini erkin tanlash huquqi berildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvarda parlamentga taqdim etgan Murojaatnomasida ilm-fan va taʼlim tizimiga taalluqli qator strategik yoʻnalishlarni belgilab berdi. Bu yangilanayotgan jamiyatimizda oliy taʼlim siyosati mazmun-mohiyatini yana-da chuqurroq anglashimizga oʻziga xos yondashuv boʻldi. Zero, keng koʻlamli demokratik oʻzgarishlar, jumladan, oliy taʼlim islohotlari orqali Oʻzbekistonda yangi Uygʻonish davri, yaʼni uchinchi Renessans poydevori bunyod etiladi.

    Keyingi toʻrt yilda mamlakatimizda innovatsion va kreativ fikrlaydigan zamonaviy kadrlar tayyorlash uchun taʼlim tizimini takomillashtirish masalalariga qaratilayotgan eʼtibor tizimli ravishda va izchil ortmoqda.

    Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar samarasi oʻlaroq, oliy taʼlimga qamrov darajasi 2016-yilgi 9 foizdan 2020-yilda 25 foizga yetkazildi.

    Joriy yildan boshlab oliy taʼlimga ajratiladigan davlat grantlari soni 25 foiz oshiriladi. Oliy oʻquv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar soni ikki barobarga koʻpaytirib, ikki ming nafarga yetkaziladi. Aʼlo baholarga oʻqiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun maxsus stipendiyalar joriy etilishi koʻzda tutilmoqda.

    Oʻttizta yetakchi oliy oʻquv yurtiga oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, qabul kvotasi va moliyaviy masalalarni mustaqil hal qilish huquqi berildi. Dotsent va professor ilmiy unvonlari hamda falsafa va fan doktori ilmiy darajalarini berish vakolatining yetakchi oliy taʼlim muassasalar ilmiy kengashlariga taqdim etilishi ham har bir pedagog va tadqiqotchilarga yangi imkoniyat eshiklarini ochib beradi.

    Ilm-fan sohasida oliy oʻquv yurtlari va ilmiy tashkilotlardagi doktorantlar soni 4,5 mingtaga yetkazilib, tizimni rivojlantirish uchun byudjetdan qoʻshimcha 240 milliard soʻm ajratiladi. Fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi chuqurlashtirilishi ham bu borada keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

    Taʼlim sifatini tubdan yaxshilaydigan pedagog kadrlarning xorijda malaka oshirishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratildi. Oʻqitishning ilgʻor texnologiyalari oʻqitish jarayoniga joriy qilinayotir. Oʻquv muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda.

    Shuningdek, keyingi yillarda oliy taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini takomillashtirish, ularni zamonaviy oʻquv-ilmiy laboratoriyalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan taʼminlash, xalqaro taʼlim standartlariga asoslangan oʻquv-uslubiy materiallar va oʻquv dasturlari, yetakchi pedagogik texnologiyalarni oʻquv jarayoniga keng joriy qilish orqali oʻquv sifatini oshirish masalalariga keng eʼtibor qaratilyapti. Davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalari soni va samaradorligini oshirish hisobiga oliy taʼlimga qamrov darajasini 2030-yilga qadar ellik foizdan oshirish, oliy taʼlim muassasalarini yana-da koʻpaytirish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Kamida oʻnta oliy taʼlim muassasasini xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingining birinchi 1000 taligi roʻyxatiga, jumladan, Oʻzbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta oliy taʼlim muassasasi roʻyxatiga kiritish borasidagi saʼy-harakatlar davom etmoqda.

    Raqobatbardosh milliy kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim tizimi islohotlari doimiylik va izchillik talab etadigan jarayondir. Zero, tobora globallashayotgan dunyoda sifatli kadrlar tayyorlash masalasi har bir davlatning kelajagini belgilab beruvchi asosiy omil ekani oʻz-oʻzidan ayon.

    Prezidentimiz yaqinda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida yana bir bor oliy oʻquv yurtlari zimmasidagi masʼuliyat haqida toʻxtaldi. Davlat rahbari endi bu borada mutlaqo yangi tizim yaratilishini qayd etdi. Har bir oliy oʻquv yurti yon-atrofidagi kamida besh-oʻntadan mahallasi uchun “maʼnaviyat markazi” va “madaniyat oʻchogʻi” boʻlishi lozim.

    Oliy oʻquv yurtlariga yon-atrofdagi mahallalardagi uyushmagan yoshlarni xorijiy tillar, kompyuter savodxonligi, sport, madaniyat va kitobxonlik toʻgaraklariga jalb etish, ularning maʼnaviy dunyoqarashini shakllantirishga koʻmaklashish vazifasi topshirildi. Shuningdek, oliy taʼlim muassasalari oʻzlariga biriktirilgan mahalladagi “Yoshlar daftari”dagi yoshlar uchun oliy oʻquv yurtlariga kirish boʻyicha bepul tayyorlov kurslarini tashkil etadi.

    Darhaqiqat, mazkur tizim orqali yurtimizdagi 135 ta oliy taʼlim muassasasi oʻrtacha ming nafardan yoshni qamrab olganda ham, kamida yuz ming nafar yoshning hayotda oʻz oʻrnini topishida koʻmak boʻladi. Bu juda katta koʻrsatkich, albatta.

    Bir soʻz bilan aytganda, bugungi globallashuv va davlatlararo raqobat tobora kuchayib, internet va innovatsion texnologiyalar har sohaga chuqur kirib borayotgan, dunyoda anʼanaviy jamiyatdan axborotlashgan jamiyat sari harakatlar kechayotgan davrda mamlakatimizda har bir mutaxassisni mustaqil fikrlaydigan, jamiyatda faollik koʻrsatadigan, qiyinchiliklarni qoʻrqmasdan yengib oʻta oladigan, raqobatbardosh, oʻz Vataniga sodiq shaxs sifatida kamolga yetkazish oliy taʼlim sohasining eng asosiy, ustuvor vazifasi boʻlib qolmoqda. Bu boradagi saʼy-harakatlarning dastlabki ijobiy natijalari hozirdanoq koʻzga tashlana boshlagani esa hammamizni mamnun etdi.

    Shokir GʻAFFOROV,

    Samarqand davlat universiteti professori,

    tarix fanlari doktori