Uchrashuvda oliy taʼlim tizimida oxirgi yillarda erishilgan yutuqlar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, mamlakatimizda tizimni rivojlantirish borasidagi mavjud imkoniyatlar, duch kelinayotgan muammolar va ularning yechimi, tezkor hal etilishi zarur boʻlgan topshiriqlar haqida soʻz bordi.

Avvalo, oliy taʼlimga yoshlarning qamrov darajasi keskin oshgani nafaqat davlat oliy taʼlim muassasalari soni ortgani, balki yana yangi ikki turdagi taʼlim dargohlari — xorijiy universitetlarning filiallari va xususiy universitetlar tashkil etilishiga yaratilgan imkoniyatlar bilan bogʻliq.

Eng muhim qadam sifatida oliy taʼlim muassasalariga akademik va moliyaviy mustaqillik berila boshlanganini eʼtirof etish joiz. Jumladan, 2019-yil oxirida hukumat qarori asosida 10 ta oliy taʼlim muassasasiga moliyaviy mustaqillik berildi. Ular orasida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti ham bor. Prezidentimiz qarori asosida universitetimizda taʼlimning yangi shakllarini yoʻlga qoʻyish, oʻqituvchilar malakasini oshirish markazi hamda boshqa ilmiy markazlar bilan bir qatorda yangi taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar ochish, ularning oʻquv reja va dasturlarini ham mustaqil ishlab chiqish vakolati berildi. Ayniqsa, xorijiy universitetlar bilan qoʻshma taʼlim dasturlarining yoʻlga qoʻyilishi talabalarimizga bir paytning oʻzida ikkita universitetda oʻqish va ikkita diplomga ega boʻlish imkonini berdi. Xususan, universitetimizda Belarus davlat universiteti, Koreya Respublikasining Samyong va Kengdon universitetlari hamda Hindistonning Gujarat universiteti bilan birgalikda ishlab chiqilgan qoʻshma taʼlim dasturlari asosida oʻquv jarayoni tashkil etildi.

Qoʻshimcha oshirilgan shartnoma toʻlovi asosida universitetga talabalar qamrovini kengaytirish imkoniyati berilgani moddiy­texnik bazani mustahkamlashda katta rol oʻynamoqda.

Oliy taʼlim tizimida ishlayotgan professor­oʻqituvchilarning oylik maoshi oshirildi. Bundan tashqari, talabalar va xodimlarni qoʻshimcha ragʻbatlantirish mexanizmlari ishlab chiqildi. Jumladan, davlat stipendiyalaridan tashqari rektorlarga stipendiya va mukofotlar belgilash vakolati berildi. Bu, albatta, yoshlarning ilmiy­ijodiy faoliyatini, yangi tashabbuslarini qoʻllab­quvvatlashda oʻziga xos motivatsiya boʻlmoqda.

Yigʻilishda oliy taʼlim muassasalari rahbarlari uchun toʻrt ustuvor vazifa belgilab berildi.

Ulardan eng muhimi, keyingilarining samarali boʻlishini taʼminlashda alohida ahamiyat kasb etuvchi vazifa — oliy taʼlim muassasalari kengashlarining bosh qaruvdagi rolini oshirish va kafedralar vakolatini kengaytirishdan iborat. Kafedra kuchli, professor­oʻqituvchilar ilmiy salohiyati yuqori boʻlsa, yangidan­yangi gʻoyalar yuzaga keladi. Ularni amaliyotga joriy etish imkoni oshadi. Shu nuqtayi nazardan universitet kengashining rolini oshirish, ayniqsa, koʻp vakolatlarning mazkur kengashga berilishi aynan oliy taʼlim muassasalari mustaqilligini oshirishning asosiy omillaridan biri boʻla oladi.

Oʻquv reja va adabiyotlar, fan dasturlarini joriy etish, professor­oʻqituvchilar oʻquv yuklamasini, yoʻnalishidan kelib chiqib, taʼlim shakllarini (kunduzgi, kechki, sirtqi, masofaviy) belgilashni oliy taʼlim muassasasi boshqaruv kengashining oʻzi hal qilishi katta yangilik.

Sohada yuzaga kelgan har qanday masalani tegishli malakaga ega, yuqori bilimli va salohiyatli mutaxassislar hal etadi. Prezidentimiz tomonidan qoʻyilgan navbatdagi dolzarb vazifa, bu — taʼlim jarayonini bozor talablariga moslashtirib, ishlab chiqarish bilan uzviyligini taʼminlash va talabaning oʻz ustida ishlashi uchun qulay muhit va sharoit yaratish masalasi boʻldi. Mavjud taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini qayta koʻrib chiqish, shuningdek, kasblar klassifikatorini ham zamonaviy talablarga koʻra qayta ishlab, bitiruvchilar va ular ishlaydigan kasblarga muvofiqligiga erishish zarurligi belgilab berildi. Haqiqatan ham, tez rivojlanib va jahonga integratsiyasi kengayib borayotgan Oʻzbekiston mehnat bozorida kun sayin yangi kasblar paydo boʻlmoqda. Biroq ular mavjud klassifikatorlarga kiritilmay, mutaxassis tayyorlovchi taʼlim dargohlari bilan hamkorlikda yangilanmayapti. Ushbu dolzarb vazifani bajarish kelgusida yoshlarni maqsadli tayyorlashdan tashqari, ularning oʻz faoliyatini rejalashtirishida ham muhim omil boʻladi.

Oliy taʼlim dargohining bir qanoti taʼlim boʻlsa, ikkinchi qanoti tarbiya, poydevori ilm­fandir. Ilmiy asosi boʻlmagan masalani ijobiy hal etish imkonsiz. Shu bois, oliy taʼlim muassasalari ilmiy salohiyatini oshirish, ilm­fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish uchun innovatsiyalarni rivojlantirish dolzarb masalalardan boʻlib qolmoqda. Jumladan, sharqshunoslik sohasining koʻplab tarmogʻi boʻyicha ilmiy darajali kadrlar tayyorlashga oxirgi ikki yilda yangi talablarga mos saʼy­harakat kuzatildi. Bu borada, Prezidentimiz belgilab berganidek, har bir kafedraning kamida ikki xorijiy oliy taʼlim muassasasi kafedrasi bilan hamkorligini taʼminlash, ilmiy­uslubiy ishlardagi aloqalarni chuqurlashtirish, birgalikda ilmiy nashrlarni koʻpaytirish samara beradi. Ayniqsa, aynan shunday ilgʻor kafedralarga ajratiladigan doktorantura kvotalarining oshirilishi kafedralararo sogʻlom ilmiy raqobatni ham mustahkamlaydi. Masalan, sharqshunoslik boʻyicha oxirgi ikki yilda juda koʻp nufuzli xorijiy universitetlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Ularning har biri bilan kafedralar boʻyicha alohida rejali ish olib borish, ayniqsa, yoshlarni bunga koʻproq jalb etish muhim. Aynan mana shu yoʻnalishdagi ishlarimizni rivojlantirish xalqaro nufuzli reytinglarga kirish yoʻlida muhim qadam boʻladi.

Yosh olimlarni chet elning nufuzli oliy taʼlim muassasalariga stajirovkaga yuborish orqali ilgʻor xorijiy ilmiy natijalar va umuman, yangi tajribalardan xabardor boʻlamiz. Ayniqsa, ilmiy faoliyat yutuqlarini hayotga, tegish li sohalarga, ishlab chiqarishga joriy etishda xorijiy tajriba ham oʻrganiladi. Bu bilan kafedralarga daromad topish uchun barcha sharoit yaratiladi.

Bugungi kunda toʻsiq boʻlayotgan byurokratiya va qogʻozbozlikni kamaytirishda oliy taʼlim tizimida raqamlashtirish, elektron hujjat almashuvi, barcha faoliyatni qamrab olgan katta elektron bazalarni yaratish va muntazam ishlatish zarur. Hozir oliy taʼlim muassasalarida yoʻnalishlar boʻyicha bir qator elektron dasturlar, bazalar ishlatilmoqda. Ularni optimallashtirish, universitet faoliyatini qulay va samarali boshqarish uchun yagona bazani yaratish va yoʻlga qoʻyish aynan vaqt menejmentiga ham ijobiy taʼsir etadi. Ayniqsa, turli shakl va jadvallarni qayta­qayta toʻldirish va turli soʻrovlarga tinimsiz javob berish oʻrniga kafedra va tarkibiy boʻlinmalarda natijaga yoʻnaltirilgan faoliyat bilan shugʻullanish imkoniyati oshadi.

Bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan oliy taʼlim muassasalari rahbarlari oldiga qoʻyilgan eng muhim talab — vatanparvar boʻlish. Buning zamirida katta maʼno borligini har birimiz chuqur masʼuliyat bilan his etishimiz shart. Oʻz sohamizning kelajagi oldida masʼulligimizni bir daqiqa ham unutmasligimiz zarur. Jamoasini yaxlit oiladek tasavvur qilish va oʻzidan yaxshi nom qoldirish uchun masʼul boʻlgan har bir rahbar ishonib topshirilgan vazifani sidqidildan bajarsagina Vatanga sadoqatini namoyish eta oladi. Davlatimiz rahbari oldimizga qoʻygan vazifalarni toʻliq ado etish universitetimiz va umuman oliy taʼlimda keskin burilish va rivojlanish sari muhim qadam boʻladi, deb ishonaman.

Gulchehra RIXSIYEVA,

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori,

Respublika oliy taʼlim kengashi aʼzosi