Kimdir bu shaharni konlari, mis fabrikalari bilan eslaydi. Boshqa birov esa uni futbol akademiyasi, yoshlar bogʻi, yangi taʼlim maskanlari orqali, yana kimdir tabiati bilan taniydi. Biroq bu shaharni haqiqiy maʼnoda anglash uchun u yerga bir bor boʻlsa-da borish, odamlari bilan suhbat qurish, ularning yuzidagi mehnatsevarlik va ertangi kunga ishonchni koʻrish kerak. Ana shundagina Olmaliqning haqiqiy qiyofasini anglash, his qilish mumkin.
Bir paytlar sukunatga choʻmgan adirlar oʻrni bugun sanoat yuragiga aylandi. Bu yerlarda endi faqat texnika tovushi emas, balki orzular jarangi, yuksak maqsadlar shovqini eshitiladi. Oʻzgarishlar koʻchalarda emas, insonlarning fikrida, dunyoqarashi va ruhiyatida roʻy bermoqda.
Olmaliqqa xizmat safariga borganimizda yuqoridagi fikrlar miyamizda gʻujgʻon urdi. Bu oʻrinda sizni shunchaki sanoat yoki tarix bilan emas, balki mahalliy aholining oʻzini anglashi va kelajak sari dadil qadamlari haqida soʻz yuritamiz.
Ulugʻ loyihalar boshlangan manzil
Birinchi manzilimiz “Qalmoqqir” va “Yoshlik-1” konlari boʻldi. Kon tomon yurar ekanmiz, uzoqdan haybatini koʻz-koʻz etib, shaharga oʻzgacha koʻrk bagʻishlab turgan zamonaviy, baland uylar diqqatimizni tortdi. Oldinlari bu yerlarda nari borsa, 4 qavatli uylar boʻlgan. Endi esa biyday dashtda zamonaviy shahar qad rostlayotir. Bir vaqtlar olmaliqliklarning asosiy jamoat transporti “Damas” boʻlganini koʻpchilik yaxshi eslaydi. Hozir ular poytaxtdagidan qolishmaydigan zamonaviy avtobuslarda manziliga oshiqmoqda.
Ilonizi yoʻl boʻylab 500 metrgacha quyidan maʼdan olib chiqayotgan 130-240 tonna yuk koʻtaradigan gigant texnikalarni koʻrib, hayratga tushmaslikning iloji yoʻq.
“Yer — boylikning onasi, mehnat esa uning otasi”, degan maqol bunday joylarda toʻla-toʻkis oʻz tasdigʻini topadi. Chunki bu yerda faqat texnika emas, fidoyilik, sabr va sadoqat ham ishlayapti. Bu yerdagi har bir siqim tuproqda faqat maʼdan emas, balki kelajak, tinch va farovon hayot uchun ishonch mujassam.
Davlatimiz rahbarining 2017-yili Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrifida hudud aholisi uchun quvonchli voqeaga tamal toshi qoʻyildi. Shu kundan boshlab, “Qalmoqqir” konining gʻarbiy qismida “Yoshlik-1” konini oʻzlashtirishga start berildi.
Bir paytlar qup-quruq, inson borishdan choʻchigan dasht bugun nafaqat mamlakat iqtisodiyoti, balki butun Markaziy Osiyoda sanoatlashishning flagmaniga aylanib bormoqda. Hozir uzunligi 4, eni 2 kilomyetrdan ziyod kondan kunu tun maʼdan tashilmoqda. Bu faqat texnika ishi emas, balki inson irodasi, ijtimoiy masʼuliyat va davlat siyosatining zafarli odimidir.
Bugun qurilish va qazish ishlarida 600 dan ortiq zamonaviy texnika ishtirok etmoqda. Ushbu misol loyihaning naqadar ulkanligini koʻrsatadi. Bu raqam shunchaki statistika emas, tasavvur qilib boʻlmaydigan mehnat, buyuk rejalar va vatanparvarlik inʼikosidir.
Shuningdek, avtomatlashtirilgan kon-transport komplekslari, mikroprotsessorli temir yoʻl tizimlari va boshqaruvning yangi shakllari joriy qilingan. Bu esa resurslar tejalishi va ish samaradorligining oshishiga xizmat qilmoqda.
Zamonaviy texnikalar nafaqat sifat, balki tezkorlikni ham kafolatlaydi. Aytish joizki, 70 yil davomida “Qalmoqqir” konida 600 metr chuqurlikka yetib borilgan boʻlsa, bor-yoʻgʻi 3 yilda “Yoshlik-1” konida 250 metr chuqurlikka tushilgan. Bu esa yangi zamonaviy texnologiyalar va ilgʻor boshqaruv modellari orqali amalga oshirilmoqda.
Sanoat moʻjizasi
Olmaliq togʻ bagʻrida qad rostlagan, tarixi bilan iftixor, buguni bilan faxr va kelajagi bilan ishonch bagʻishlovchi shahar. Bu manzil nafaqat oʻzining tabiiy boyliklari bilan, balki mehnatkash insonlarining qahramonligi, intilishi va kurashuvchan ruhi bilan ham qadrlidir.
Bugungi dunyo shiddat bilan oʻzgarmoqda. Iqtisodiy raqobat, texnologiyalar yangilanishi va global resurslar uchun kurash sharoitida faqat tabiiy boyliklarga ega boʻlish yetarli emas. Ulardan oqilona foydalanish, ishlab chiqarish zanjirini toʻliq shakllantirish davrning talabidir. Bu talabga javob berayotgan loyihalardan biri — Olmaliq togʻ-metallurgiya sanoati tizimida amalga oshirilayotgan 3-mis boyitish fabrikasi loyihasi.
Hammasi mushohada bilan boshlandi. Xalqning hayoti, iqtisodiyot rivoji va yer osti boyliklarini samarali oʻzlashtirish maqsadida qilingan rejalar hayotda oʻz aksini topa boshladi. Bugun bu yerlarda ulkan texnikalar va odamlar harakati, qurilish shovqini va ishlab chiqarishdagi shijoat – yaxlit jarayonni aks ettiradi.
Bu oʻzgarishning boshlanishida davlatimiz rahbarining qatʼiyati muhim ahamiyat kasb etdi. 2021-yildagi tashrifda Prezidentimiz 3-mis boyitish fabrikasi qurilishiga start bergan edi. Maqsad aniq edi: mis mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish uchun uning mustahkam xomashyo bazasini yaratish zarur.
2025-yil avgustdan boshlab fabrika toʻliq faoliyat boshladi. Ikki seksiya bir vaqtning oʻzida sinovdan oʻtkazildi. Shu davrda 3700 tonnadan ziyod mis konsentrati ishlab chiqarilib, mis eritish zavodiga yetkazildi. Bu oddiy natija emas, balki yuzlab muhandis va mutaxassislarning, minglab ishchilarning kechayu kunduz tinimsiz mehnati samarasidir.
— Fabrikadagi texnologik jarayon yaxlit zanjir asosida tashkil etilgan. Kondan tashib keltirilgan maʼdan avval yirik maydalashdan oʻtkaziladi, 1200 milligrammgacha boʻlgan boʻlaklar 300-350 milligrammgacha maydalanadi. Keyingi bosqichlarda maʼdan elaklanib, oʻrta va kichik maydalash sexlariga yoʻnaltiriladi. Soatiga 6,5 ming tonna maʼdanni maydalash quvvatiga ega uzellar va 4,2 kilomyetr uzunlikdagi konveyerlar maʼdan yetkazib berish jarayonini uzluksiz taʼminlaydi, — deydi 3-mis boyitish fabrikasi direktorining ishlab chiqarish boʻyicha oʻrinbosari Sherzod Mirsiddiqov. — Yanchish jarayoni fabrika faoliyatining asosiy halqasidir. Sharli tegirmonlar yordamida maʼdanning 80 foizi 74 mikrongacha maydalanadi. Avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari va zamonaviy sensorlar ish jarayonini real vaqtda kuzatib, operatorlarga tezkor maʼlumot taqdim etadi. Shuningdek, markazdan qochma “Falcon” konsentratorlari oltin va boshqa qimmatbaho metallarni aniqlik bilan ajratib olish imkonini beradi.
Flotasiya boʻlimi esa fabrikaning yuragi hisoblanadi. Bu yerda zamonaviy flotomashinalar joylashtirilgan. Hajmi 300 myetr kub boʻlgan 54 ta, shuningdek, 50 myetr kubli 60 ta va 20 myetr kubli 48 ta mashina hamda 6 ta vertikal tegirmon yaxlit tizim sifatida ishlaydi. Jarayon ikki bosqichda amalga oshiriladi. Avtomatik reagent dozalash tizimlari samaradorlikni taʼminlaydi. Sunʼiy intellekt asosidagi nazorat vositalari koʻpik qatlamini kuzatib, flotasiya jarayonini optimallashtiradi.
Fabrikaning yuragi sanalmish tegirmonlar uchastkasida maʼdan mayda zarralarga yetib borgunicha ishlovdan oʻtadi. Zamonaviy sharli tegirmonlar, konsentratorlar va sensor texnologiyalari bilan jihozlangan tizimlar har bir gramm maʼdanni aniqlik bilan ajratib olish imkonini beradi. Bu oddiy sanoat emas, ilm va texnika uygʻunligidagi murakkab jarayondir.
Flotatsiya uchastkasi esa bu jarayonning hal qiluvchi qismi. Bu yerda mis va molibden ajratib olinadi. Zamonaviy flotomashinalar va vertikal tegirmonlar ish samaradorligi bilan birga resurs tejamkorligini ham taʼminlaydi.
Keyingi bosqichda mahsulot saralanadi, filtrlanadi va quyultiriladi. 28 metrli quyultirgichlar va “Larox” filtrlari orqali tayyor mahsulot 4 kilomyetr uzunlikdagi quvurli konveyer orqali metallurgiya korxonasiga yetkaziladi. Bundagi butun jarayon avtomatlashtirilgan boʻlib, sunʼiy intellekt orqali boshqariladi. Qatʼiy ishonch bilan bu fabrika yangi Oʻzbekiston sanoatining yuzi, salohiyati va kelajagi ekanini aytish mumkin.
Eng muhimi, bu ishlab chiqarishda inson qoʻli va aqli hali ham markazda turadi. Sensorlar, algoritmlar va avtomatika — bularning barchasi mutaxassislarning doimiy nazoratida. Bu yerda tegirmon mashinistlari, elektriklar, flotatorlar va texnik xizmat xodimlari — har biri oʻz kasbi bilan bugungi taraqqiyot pogʻonasini barpo etmoqda.
Bu yerda faqat ishlab chiqarish emas, balki orzu-umidlar, intilishlar va katta mehnat samarasi ham mujassam. Jarayondagi har bir uskuna, har bir tonna mahsulot — yurt kelajagiga ishonch ramzi.
Albatta, bugun dunyoda raqobat juda kuchli. Kim ortda qolsa, inqirozga yuz tutadi. Shu bois ham Oʻzbekiston ana shunday ulkan qadamlar orqali nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham oʻz oʻrnini topishga intilmoqda. Olmaliq bu intilish timsolidir.
Shahardagi har bir oʻzgarish, har bir loyiha nafaqat iqtisodiy muvaffaqiyat, balki maʼnaviy koʻtarinkilik, xalq farovonligi va ertangi kunga ishonch ramzidir.
Eʼtiborimizni yana bir jihat tortdi. Adirlik bagʻrida joylashgan fabrika atrofiga daraxtlar va gullar ekilgan. Bu yerga kelgan odam nafaqat sanoat sirlaridan, balki bugun respublikamiz boʻyicha dolzarb masala boʻlgan “Yashil makon” loyihasining ham guvohi boʻladi. Tabiat va sanoat birlashgan joyda odamlarning bugundan rozi, ertaga umid bilan yashayotganini koʻrish mumkin.
“Aqlli” konlar
Kombinat korxonalaridagi keng qamrovli raqamlashtirish ishlari natijasida yuqori mehnat unumdorligiga erishilmoqda. Jumladan, ayni kunlarda raqamlashtirish doirasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida kon-transport majmuasini boshqarishning keng qamrovli avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish ishlari yakunlanish arafasida.
Avtomatlashtirilgan kon-transport boshqaruv tizimi Oʻzbekistonda shu sohadagi birinchi loyiha boʻlib, undan koʻzlangan maqsad ilgʻor raqamli texnologiyalar yordamida konlarda ishlash yondashuvini tubdan oʻzgartirishdan iborat.
Loyiha doirasida 400 dan ortiq texnika turli sensorlar bilan jihozlangan. Xususan, “Qalmoqqir” konidagi 186 ta va “Yoshlik-1” konidagi 240 ta ekskavator, avtosamosval, burgʻilash qurilmalari va boshqa yoʻl qurilishi texnikalari oʻz faoliyati haqidagi maʼlumotlarni “Karyer” avtomatlashtirilgan kon-transport boshqaruv axborot tizimiga avtomatik uzatishi mumkin.
— Tizim konlarda ishlarning bajarilishini 24/7 rejimida nazorat qilish, yukni avtomatik agʻdaruvchi yuk mashinalarining qatnovi soni va tashilgan togʻ jinslarining hajmi haqidagi ishonchli maʼlumotlarni real vaqt rejimida olish tezlik rejimi va ruxsat etilgan yuklanishni nazorat qilish orqali texnikaning ekspluatatsiya xarajati va yonilgʻi sarfini kamaytirish imkonini beradi, — deydi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati raqamlashtirish departamenti direktori Aziz Roziqulov.
“Karyer” avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimining funksional imkoniyatlari oʻzi agʻdaruvchi yuk mashinalari, ekskavatorlar, burgʻilash qurilmalari va boshqa harakatlanuvchi obyektlarga oʻrnatilgan maxsus sensorlardan maʼlumot yigʻishga asoslangan. Sensorlarning koʻrsatkichlari, jumladan, kuzovning yuklanganlik darajasi, bakdagi yonilgʻi miqdori, joylashuvi, tashilayotgan yukning ogʻirligi va hatto burgʻilash asboblarining yeyilish darajasini ham qamrab oladi.
Barcha maʼlumot simsiz kanal orqali serverga uzatiladi. Shundan soʻng ushbu maʼlumotlar asosida analitik tizim keyinchalik tahlil qilish va tegishli qarorlar qabul qilish uchun ishlatilishi mumkin boʻlgan hisobotni tayyorlaydi.
“Aqlli karyer” OKMKga transport logistikasini optimallashtirish imkonini beradi. Oʻzi agʻdargich va temir yoʻl tarkiblari harakat yoʻnalishlarini avtomatik belgilash uchun bort tizimlari bilan jihozlangan.
Shuningdek, kondan yuklanadigan kon massasini tezkor hisobga olish tizimi joriy etildi. Bu yechim texnikaning toʻxtab turish vaqtini va sabablarini koʻrsatgan holda avtomatik hisobga olish, samosvallar kuzovida tashilayotgan yuk ogʻirligini avtomatik aniqlash, shuningdek, shinalardagi yonilgʻi va bosim nazoratini taʼminlaydi.
Bundan tashqari, togʻ-kon sanoati sharoitida transport vositalaridan foydalanish xavfsizligini oshirish, shuningdek, haydovchi yoki operatorni diqqatni yoʻqotish va uxlab qolish holatlari haqida ogohlantirish uchun moʻljallangan nazorat tizimi joriy etildi.
Tizim, shuningdek, yuklab joʻnatilayotgan maʼdan sifatini boshqarish va zarur hisobotlarni shakllantirish imkonini beradi. Burgʻilash dastgohlarini datchiklar bilan jihozlash esa haqiqiy burgʻilangan quduqlar va ularning texnologik parametrlari boʻyicha aniq maʼlumotlarni olish, toʻxtab turish vaqti va burgʻilash uskunalari sarfini hisobga olish imkonini beradi.
Tadqiqotlarga koʻra, intellektual karyer ekskavatorlarning ish samaradorligini oʻrtacha 10 foiz, oʻrtacha tezligini 5 foiz va yuklanishini 20 foizgacha oshirish imkonini beradi.
Ushbu loyiha nafaqat mintaqadagi eng yirik mis ishlab chiqaruvchi sifatida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining yetakchilik mavqeini mustahkamlaydi, balki Oʻzbekistonning butun togʻ-kon sanoatini raqamli transformatsiya qilish uchun yangi standartni belgilaydi.
Olmaliqda yangi nafas
Olmaliq shahridagi hashamdor bino eʼtiborimizni tortdi. Avvaliga bu kattaroq korxona boʻlsa kerak, deb oʻyladik. Lekin ichkariga kirib koʻrgach, bu 210 oʻringa moʻljallangan futbol akademiyasi ekanini bildik.
Shu oʻrinda kichik mulohaza. Bu yil tarixda ilk bor futbolchilarimiz jahon chempionatiga yoʻllanma oldi. Osiyo chempionatida ham yoshlarimiz bir necha bor gʻalabani qoʻlga kiritdi. Hatto baʼzilari dunyoning eng kuchli futbol ligalarida maydonga tushmoqda. Bu yoshlar nafaqat oʻzi uchun, balki yurtimiz nomi va sharafini yuksaltirish uchun ham katta fidoyilik koʻrsatmoqda. Dunyo ham ana shunday iqtidorli yoshlar orqali Oʻzbekistonni tanimoqda.
Endi oʻz-oʻzidan savol tugʻiladi: bu natijalar zamirida nima yotibdi? Menimcha, eng avvalo, eʼtibor. Bugun Olmaliq shahridagi kabi akademiyalar yurtimizdagi eng chekka hududlarida ham qurilayotir. Bu, shubhasiz, qanchalab iqtidorlilarni kashf etishga hissa qoʻshadi. Jumladan, Olmaliqda qad rostlagan akademiya ham. Ayniqsa, sport bilan shugʻullanayotgan yoshlar bu yerda xorijiy tillarni oʻrganish bilan birga, keng dunyoqarashga ham ega boʻlmoqda.
Olmaliqqa kelgan har bir kishi shaharning oʻziga xos yangilanishlari, odamlarning turmush darajasi va dunyoqarashidagi oʻzgarishlarni kuzatib, hayratda qoladi. Yangi yoʻllar, qulay shahar muhiti va faol hayot shaharni yanada jonlantirmoqda.
Hozir eng qimmatli va qadrli boylik iqtidorli, bilimli va salohiyatli kadrlardir. Oʻzbekiston sanoatining rivojlanishi, yangi zavod va fabrikalar faoliyati aynan salohiyatli inson resurslarini tayyorlashga yoʻnaltirilgan.
Safarimizni yakunlab uyga qaytar ekanmiz, xotiramda olmaliqlik Abdumajid otaning soʻzlari aylanardi:
— Bir vaqtlar mis boyitish fabrikalarining birinchi va ikkinchi bosqichi ishlayotganida, u yerda eski ikki “Jiguli” va bir “Moskvich” mashina bor edi. Hozir kombinatda ishlayotganlar zamonaviy avtomobillarda yuradi. Bu — oilalarning tinchligi va farovonligi belgisi. Yaqinda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati choʻl-biyobon oʻrtasida Xiyobon va Yoshlar bogʻini barpo etdi. Biz u yerga oʻzimiz havas bilan qaraymiz. Kombinat shahar taraqqiyotida katta ahamiyatga ega. Yangi qurilayotgan fabrikalar, ochilayotgan konlar — barchasi vatan, xalq va inson manfaati uchun xizmat qiladi. Bu shior bir kunlik emas, balki xalqimiz uchun bir umrlik qadriyatdir. Tabiiy boyliklar yer ostida yotsa-da, ulardan xalq manfaati va tinchligi uchun foydalanish maqsadida jon kuydirib ishlash kerak. Davlatimiz rahbari aynan shunday ish boshladi va hozir biz havas bilan qarayotgan yoshlarga shunday imkoniyatlar yaratildi. Buni har qanday joyda baland ovoz bilan gapirish mumkin.
Sardor TOLLIBOYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Hamkorlik materiali