Joriy yilning 14-aprel kuni “Amir Temurning Choch va Iloqdagi faoliyati davrida konchilik va maʼdanchilik” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbir Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Xalqaro Amir Temur jamoat fondi hamda OKMK hamkorligida tashkil etildi.
Anjumanda mamlakatimizdagi yetakchi olimlar, ziyolilar, davlat va jamoat arboblari, oliy taʼlim muassasalari rahbarlari hamda sanʼat va madaniyat vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov taʼkidlaganidek, bugungi kunda Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Amir Temur tavalludining 690-yilligi keng nishonlanmoqda.
— Buyuk ajdodimiz Amir Temur mustaqillik ramzidir. Uning merosini oʻrganish, toʻgʻri va xolis targʻib qilish — bugungi kunning muhim vazifalaridan biri. Ayniqsa, tarixiy manbalardagi kamchilik va xato talqinlarni bartaraf etish uchun ilmiy yondashuv zarur, — dedi Otabek Hasanov.
Shuningdek, u Temuriylar tarixi davlat muzeyi rekonstruksiya qilinib, zamonaviy texnologiyalar asosida yangilangani, bu esa milliy gʻururni oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Anjuman doirasida olimlar tomonidan taqdim etilgan maʼruzalarda Choch (hozirgi Toshkent vohasi) va Iloq (Ohangaron vodiysi) hududlari Amir Temur davrida strategik va iqtisodiy jihatdan muhim markazlar boʻlgani taʼkidlandi.
Tarixiy manbalarga koʻra, mazkur hududlarda oltin, kumush, mis va qoʻrgʻoshin kabi maʼdanlar keng koʻlamda qazib olingan. Ayniqsa, Ohangaron togʻ tizmalaridagi konlar Samarqanddagi zarbxonalar uchun asosiy xomashyo manbai boʻlgan.
Filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Dadaboyev anjumandagi chiqishida shunday dedi:
— Amir Temur davrida maʼdanchilik va hunarmandchilik yuqori bosqichga chiqqan. Bu esa davlat iqtisodiy qudratini taʼminlashda muhim omil boʻlgan. Ayniqsa, misgarlik va temirchilik sohalaridagi yutuqlar oʻsha davr sivilizatsiyasining yuksak darajasini koʻrsatadi.
Anjumanda ishtirok etgan tarixchi olimlar Amir Temur haqidagi maʼlumotlarni ilmiy asosda qayta koʻrib chiqish, ularni xalqaro maydonda toʻgʻri targʻib qilish zarurligini taʼkidladilar.
Tarix fanlari doktori, professor Abduxalil Mavrulovning fikricha:
— Anjumanning aynan Olmaliq shahrida oʻtkazilishi bejiz emas. Bu yerda qadimdan maʼdanchilik rivojlangan. Bugungi kunda OKMKda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar esa oʻsha tarixiy anʼanalarning davomidir. Bu — tarix va zamonaviy taraqqiyot uygʻunligining yaqqol namunasi.
Uning taʼkidlashicha, bu kabi tadbirlar yoshlarda tarixga qiziqishni oshirish, milliy oʻzlikni anglashni kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega.
Anjuman ishtirokchilari tomonidan Amir Temur merosini ingliz va boshqa xorijiy tillarda keng targʻib qilish, ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlar uchun sodda va tushunarli kontentlar yaratish boʻyicha takliflar ilgari surildi.
Bu orqali buyuk ajdodimiz haqidagi xolis maʼlumotlarni jahon hamjamiyatiga yetkazish maqsad qilingan.
Tadbir davomida sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan qoʻshiq va taronalar ishtirokchilarga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi. Xususan, Oʻzbekiston xalq artisti Xayrulla Lutfullayev va yosh ijodkorlar chiqishlari katta olqishlarga sazovor boʻldi.
Shuningdek, anjuman ishtirokchilari davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishga tushirilgan yangi 3-mis boyitish fabrikasi faoliyati bilan ham tanishdilar.
Mazkur anjuman nafaqat tarixiy merosni oʻrganish, balki uni zamonaviy taraqqiyot bilan uygʻunlashtirish, milliy gʻurur va iftixorni mustahkamlash yoʻlida muhim ilmiy va maʼnaviy platforma sifatida ahamiyat kasb etdi.
Hamkorlik materiali