Markazning ochilishida Rossiyaning togʻ injiniring va raqamli geologiya sohasida faoliyat yuritadigan bir qator kompaniyalari vakillari, shuningdek Oʻzbekiston togʻ-metallurgiya korxonalarining yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi.
Ochilish marosimida yigʻilganlarga “GGIS GEOMIKS” raqamli geologiyaning maxsus jihozlangan sinflari namoyish etildi. Shuningdek “GGIS GEOMIKS” dasturining taqdimoti va “MISiS”ning Olmaliq filiali direktor oʻrinbosari S.R.Xudoyarov va “VIOGEM” OAJ Bosh direktori S.S. Serыy ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktyabrdagi “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida aks etgan vazifalarni amalga oshirish doirasida, shuningdek respublikada raqamli industriya taraqqiyotini jadallashtirish, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish maqsadida Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning Olmaliq filiali va “ROSTEX” tarkibiga kiruvchi “Giprosvetmet” AJ injiniring kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi.
Yangi markazni yaratishdan koʻzda tutilgan asosiy maqsad — Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning Olmaliq filiali professor-oʻqituvchilari va talabalarini tayyorlash, shuningdek mutaxassislarni “GGIS GEOMIKS” dasturi boʻyicha ishlash uchun qayta tayyorlashdir.
“GGIS GEOMIKS”ning raqamli mahsuloti tezkor rejimda mavjud va istiqboldagi qazilmalarning 3D modelini yaratish va karyerlarning togʻ ishlarini samarali rejalashtirish imkonini beradi. Mazkur innovatsion texnologiya bugungi kunda ushbu sohadagi eng soʻngi ishlanma sanaladi.