“Olmaota – Toshkent” yoʻnalishida kunlik poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyiladi

    Shu yilning 14-dekabridan boshlab Qozogʻistonning “Yoʻlovchi tashish” AJsi “Olmaota — Toshkent” xalqaro yoʻnalishi boʻyicha Talgo poyezdi harakat jadvalini kunlik rejimga oʻtkazadi.

    Bu haqda Qozogʻiston temir yoʻllari maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, ushbu yechim kuniga 400 dan ortiq yoʻlovchini muntazam tashish imkonini beradi.

    Yoʻnalishga yuqori qulaylik darajasiga ega Talgo tarkiblari chiqariladi. Kundalik qatnov poyezdlar harakati barqarorligini taʼminlaydi va sayohatlarni rejalashtirishni qulaylashtiradi.

    Kundalik qatnovlarning yoʻlga qoʻyilishi Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi transport aloqasini mustahkamlashga, sayyohlar oqimini oshirishga, shuningdek, ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniy va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.