2022-yil oktyabr oyida “O'zbekneftgaz” AJ tomonidan sanoat miqyosida tabiiy gaz va gaz kondensati oqimi olingan “Yangi Olot” konini o'zlashtirish maqsadida uzunligi 11,2 kilometr bo'lgan gaz quvuri qurib ishga tushirilgandi. Mazkur kondagi quduqlardan qazib chiqariladigan tabiiy gazni uzatish maqsadida “Yangi Olot” konidan “G'arbiy Tegirmon” konigacha 11,2 kilometr uzunlikda diametri 168 millimetrli gaz uzatish quvuri o'rnatilgan.
Uglevodorod zaxiralarini o'stirish dasturi doirasida ayni yangi yil arafasida Olot tumanida “Moyquduq” gaz koni ham ishga tushirildi. Bu mas'uliyati cheklangan jamiyati — “Olot neft va gaz qidiruv ekspluatatsiyasi” jamoasining yakunlangan yildagi samarali mehnati natijasi bo'ldi.
Buxorolik yerosti boyliklarini izlovchilar mazkur kon joylashgan 2140 metr chuqurlikdagi 1-quduqda burg'ilash ishlarini 2022-yil sentyabri o'rtalarida boshlab yuborgan edi. Jarayon tezkorlik bilan olib borildi. Shundan so'ng bu manbada geofizik tadqiqotlar o'tkazilishi barobarida, istiqbolli qatlamlarning tabiiy gazga mahsuldorligini baholash maqsadida sinov-o'zlashtirish tadbirlari ham bajarildi.
Nihoyat, gazkondensat ob'ekti Yangi yil bayrami arafasida foydalanishga topshirildi. Mutaxassislar hisob-kitobiga ko'ra, mazkur konda 1 milliard 700 ming kub metr tabiiy gaz zaxirasi mavjud. Bundan tashqari, u ancha miqdorda gaz kondensati xomashyosiga egaligi taxmin qilinmoqda. Yangi manbadan kuniga 60 ming kub metr gaz va 2,3 tonna gaz kondansati qazib olinmoqda.
“O'zbekneftgaz” axborot xizmati ma'lumotiga ko'ra, tizimda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini oshirish maqsadida kon hududida navbatdagi quduqni burg'ilash ishlari davom ettiriladi.