Oltiariqdagi "gaz zapravka" 5 milliard 542 million so'mlik gazdan noqonuniy foydalangan

    Bu 27 ming 700 ta xonadonning bir oylik iste'moliga teng hajmdagi tabiiy gaz hisoblanadi.

    Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspektsiyasining xabar berishicha, Oltiariq tumanidagi AGTKSH 5 milliard 542 million so'mlik yoki 27 ming 700 xonadonning bir oylik iste'moliga teng hajmdagi tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi.

    Energetika vazirligi huzuridagi "O'zenergoinspektsiya" tomonidan Bosh prokuratura Farg'ona viloyati departamenti va "Hududgazta'minot" AJ xodimlari bilan hamkorlikda Farg'ona viloyatida o'tkazilgan nazorat tadbirlarida Oltiariq tumanida joylashgan "N.I.B" MCHJ tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi.

    Mazkur noqonuniy holat natijasida davlat manfaatlariga etkazilgan zarar miqdori 5 milliard 542 million so'm (5 mln 542 ming metr kub)ni tashkil etgan.

    Aniqlangan holat yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar belgilangan tartibda huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.