Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi va bir qator tashkilotlar hamkorligida milliy va xalqaro jurnalistikaning eng yuksak yutuqlarini keng ommalashtirish, Yangi Oʻzbekiston ruhiga mos yangicha tafakkur tarzini shakllantirish, milliy kontentni boyitish, yurtimizda inson qadrini ulugʻlash, odamlarning ongu tafakkurini yuksaltirish, jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralik muhitini mustahkamlash, OAV xodimlari fuqarolik pozitsiyalarini namoyon etishlari uchun sharoit yaratish hamda jurnalistlarda tanqidiy-tahliliy fikrlashni va ijodiy faoliyatga yangicha yondashuvlarni ragʻbatlantirish maqsadida “Oltin qalam” XIX Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovini eʼlon qiladi.
Asosiy mukofotlar:
- 1 ta Bosh milliy mukofot
Televideniye yoʻnalishi boʻyicha:
- Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (1-, 2-, 3-oʻrinlar);
Radio yoʻnalishi boʻyicha:
- Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (1-,2-,3-oʻrinlar);
Bosma nashrlar yoʻnalishi boʻyicha:
- Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (1-, 2-, 3-oʻrinlar);
Internet nashrlari yoʻnalishi boʻyicha:
- Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (1-, 2-, 3-oʻrinlar).
Chet ellik jurnalistning Oʻzbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun – 1 ta birinchi oʻrin, 4 ta ikkinchi oʻrin (TV, radio, bosma va internet nashrlari yoʻnalishlari boʻyicha).
Shuningdek, 12 ta ragʻbatlantiruvchi nominatsiya joriy etiladi. Tanlovning ragʻbatlantiruvchi nominatsiyalari boʻyicha qoʻshimcha eʼlon beriladi.
Tanlov gʻolib va sovrindorlariga:
- Tanlov Bosh milliy mukofoti sohibiga maxsus diplom, “Oltin qalam” statuetkasi va yengil avtomobil tantanali ravishda topshiriladi.
- Birinchi oʻrinni olgan gʻoliblar diplom, “Oltin qalam” statuetkasi va bazaviy hisoblashning 200 barobari miqdorida pul mukofoti bilan;
- Ikkinchi oʻrinni olgan gʻoliblar diplom, “Oltin qalam” statuetkasi va bazaviy hisoblashning 175 barobari miqdorida pul mukofoti bilan;
- Uchinchi oʻrinni olgan gʻoliblar diplom, “Oltin qalam” statuetkasi va bazaviy hisoblashning 150 barobari miqdorida pul mukofoti bilan;
- Tanlovning ragʻbatlantiruvchi nominatsiyalari gʻoliblari diplom, “Oltin qalam” statuetkasi va bazaviy hisoblashning 100 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Tanlovda har bir ishtirokchining 2024-yil 30-apreldan 2025-yil 30-aprelgacha bosma va internet nashrlarida eʼlon qilingan, radio va televideniyeda efirga uzatilgan 5 tadan 7 tagacha materiallari koʻrib chiqiladi. Agar ijodiy jamoa – gazeta tahririyati tanlovda qatnashadigan boʻlsa, gazetaning 5 tadan 7 tagacha sonini, tele yoki radiokanal jamoasi tanlovda ishtirok etadigan boʻlsa, 5 tadan 7 tagacha eng yaxshi koʻrsatuv yoki eng yaxshi eshittirishning elektron varianti (yoxud havolasi) ilova qilinadi.
“2024-yilda chop etilgan publitsistik janrdagi eng yaxshi kitob uchun” ragʻbatlantiruvchi nominatsiyasi boʻyicha tanlovda qatnashish istagida boʻlganlar Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasiga kitobidan bir dona taqdim etadi.
Tanlovga taqdim etiladigan ijodiy ishlarga quyidagi hujjatlar ham ilova qilinadi:
- muallif va uning professional faoliyati toʻgʻrisidagi qisqacha maʼlumot (obyektivka);
- muallifning pasport yoki ID-karta nusxasi, telefon raqami.
- Jamoaviy ishtirok etuvchi OAVning roʻyxatdan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi guvohnoma nusxasi va tashkilot rahbarining pasport yoki ID-karta nusxasi.
Tanlovga ijodiy ishlar Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi va uning hududiy boʻlimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi koʻmagida mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari orqali, shuningdek, mualliflardan toʻgʻridan-toʻgʻri elektron shaklda tanlov matbuotda eʼlon qilingan kundan boshlab joriy yilning 25-mayga qadar qabul qilinadi.
Matbuot yoʻnalishi boʻyicha ijodiy ishlar:
- gazeta yoki jurnalda eʼlon qilingan materiallarning nusxasi (pdf formatda);
- Internet nashrlari boʻyicha materiallarning havolasi (link, ssыlkasi) koʻrsatilgan holda;
- televideniye boʻyicha videomateriallar (3 daqiqadan 30 daqiqagacha telegram formatda (annotatsiyasi, qisqacha mazmuni bayoni bilan);
- radio yoʻnalishi boʻyicha audiomateriallar (3 daqiqadan 30 daqiqagacha, annotatsiyasi, qisqacha mazmuni bayoni bilan);
Ragʻbatlantiruvchi nominatsiya – fotojurnalistika boʻyicha ijodiy ishlar (JPEG, TIFF va PNG formatda annotatsiyasi, qisqacha mazmuni bayoni bilan)
Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasining 99-466-10-25 raqamiga ochilgan (Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi) telegramiga yuborilishi soʻraladi.
Bu yildan boshlab «Oltin qalam« Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovi 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bayramiga bagʻishlab tashkil etiladi.
Tanlov gʻoliblari ushbu sana munosabati bilan oʻtkaziladigan bayram tadbirida tantanali ravishda taqdirlanadi.









