Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Xabarda qayd etilishicha, Andijon viloyati Xoʻjaobod tumanida tezkor tadbir oʻtkazildi. Tadbir davomida “Doʻstlik” chegara bojxona posti yaqinida Fargʻona viloyatida yashovchi, 1994-yilda tugʻilgan T.T. toʻxtatilib, unga tegishli xoʻjalik qopi xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi.
Tekshiruv natijasida qop ichida boʻlgan uch dona temir qoplamali avtomobil ehtiyot qismlari maxsus texnik vositalar yordamida boʻlaklarga ajratilganda, ularning ichiga jami 7 kilogramm 784 gramm oltin quymalari yashirilgani aniqlandi.
Baholash xulosasiga koʻra, mazkur oltin quymalarining umumiy qiymati 12 milliard 465 million 795 ming soʻmni tashkil etgan.
Aniqlanishicha, ushbu fuqaro Toshkent shahridan yuborilgan oltin quymalarini Qirgʻiz Respublikasi hududida qabul qilib olishi lozim boʻlgan shaxsga yuk avtotransport vositalari haydovchilari orqali, bojxona nazoratidan yashirgan holda yetkazib berishni rejalashtirgan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Tergov harakatlari doirasida ushbu qimmatbaho metallning haqiqiy egalari shaxsini aniqlash boʻyicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.