Vobkent tumani Quruvchi mahallasida yashovchi, B.Sh. otasining uyali aloqa apparati orqali internet tarmogʻidagi “ OLX” onlayn savdo platformasiga kirib, oʻziga tegishli velosipedini sotish maqsadida eʼlon bergan.

Shundan soʻng unga notanish raqamdan nomaʼlum shaxs qoʻngʻiroq qilib, mazkur saytda uning eʼlonini koʻrganligini hamda uning velosipedini 600.000 soʻmga sotib olishini bildiradi. B.Sh.ga mazkur pulni uning plastik karta hisob raqamiga oʻtkazib berishini vaʼda qilib, undan onasining plastik karta raqamini olishga erishadi. Soʻng plastik karta hisob raqamidan 1.600.000 soʻm miqdordagi pullarni yechib oladi.

Buxoro viloyati IIB axborot xizmati xabariga koʻra, Mazkur holat yuzasidan nomaʼlum shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Olib borilgan tezkor texnik va surishtiruv hamda tergov harakatlar davomida ushbu jinoyatni Toshkent viloyati Oʻrtachirchiq tumanida yashovchi, 2000-yilda tugʻilgan A.A. sodir qilganligi fosh etildi.

Hozirgi kunda ushbu shaxsning sodir etilib, fosh etilmasdan kelayotgan xuddi shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.