Ombor va muzlatkich kameralari kredit qarzlari evaziga xatlandi

    Qiymati jami 3 mlrd. soʻmlik meva-sabzavot saqlash ombori va 9 dona muzlatkich kameralari Oltinkoʻl tumanida faoliyat olib boruvchi masʼuliyati cheklangan jamiyatlarning kredit qarzlari evaziga xatlab qoʻyildi.

    Bu haqda Majburiy ijro byuro matbuot xizmati xabar berdi.

    Majburiy ijro byurosi Oltinkoʻl tuman boʻlimi ish yurituviga kelib tushgan ijro hujjatiga koʻra, qarzdor MChJlar hisobidan TIF "Milliybank" foydasiga 3,6 milliard. soʻm kredit qarzdorligini undirish va undiruvni garovdagi meva-sabzavot saqlash ombori va 9 ta muzlatkich kamera hamda generatorga qaratilishi belgilandi.

    Ijro hujjatining ijrosini amalda taʼminlash maqsadida ijro harakatlari olib borilib, garov mulklari xatlab qoʻyildi va salkam 3 mlrd. soʻmga baholangan ushbu mulklarni "e-auksion" savdo platformasi orqali sotuvga chiqarish choralari koʻrilmoqda.