Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova joriy yilning 17-19-sentyabr kunlari boʻlib oʻtadigan Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi, Sankt-Peterburg Qonunchilik Majlisi va shahar ichidagi munitsipalitetlarning shahar kengashlari deputatlari saylovlarida ekspert sifatida ishtirok etish uchun Sank-Peterburg shahrida boʻlib turibdi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 17-sentyabr kuni Ombudsman Sankt-Peterburg saylov komissiyasida tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etdi. Qayd etilishicha, pandemiya sharoitidan kelib chiqqan holda, Davlat Dumasiga saylovlar 3 kun davom etadi va unga 450 nafar deputat saylanadi. Saylovlarda 18 yoshga toʻlgan Rossiya Federatsiyasi fuqarolari soat 8:00dan 20:00ga qadar ovoz berish huquqiga ega.

Matbuot anjumanida, shuningdek saylovchilarning elektron roʻyxati, murojaat qilish va saylovda elektron ovoz berish tartibi, nogironlarning saylash huquqlaridan foydalana olishi uchun yaratilgan sharoitlar, saylov jarayonlaridagi ochiqlik va ommaviy axborot vositalari bilan ishlash masalalarida axborot berildi.

Matbuot anjumanidan soʻng Ombudsman Sankt-Peterburgning Kronshtadt shahridagi qator saylov uchastkalarida ham boʻlib, saylov jarayonlarini kuzatish imkoniyatiga ega boʻldi.

Qayd etish lozimki, mazkur saylov uchastkalarida ishlar qatʼiy karantin talablariga rioya etilgan holda tashkil etilgan. Jumladan, saylov uchastkalari aʼzolari tibbiy himoya va antiseptik vositalari bilan taʼminlangan, ovoz berish jarayonidagi pandemiya talablariga rioya qilinishi haqidagi eslatmalar ham mavjud.

Saylov uchastkalarida nomzodlar haqida toʻliq maʼlumotlarni olish va saylov uchastkalarida murojaat qoldirish imkoniyati ham yaratilgan.

Ombudsman 18-19-sentyabr kunlari ham boʻlib oʻtayotgan saylovlar jarayonlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etib, bir nechta saylov uchastkalariga tashrif buyuradi.