Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosari — Bola huquqlari boʻyicha vakil Aliya Yunusova va Ombudsman mutaxassislari holatni oʻrganish maqsadida Boʻka tumani 15-sonli Mehribonlik uyiga tashrif buyurdi.
Maʼlum boʻlishicha, 137 nafar bolalar tarbiyalanayotgan ushbu muassasaning sobiq direktori 2013-2016-yillarda rahbarlik faoliyati davomida moliyaviy kamchiliklarga yoʻl qoʻyganligi sababli 2017-yilda Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyati Bekobod shahar sudining hukmiga koʻra aybdor deb topilgan.
Buni qarangki, avval jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va aybdor deb topilgan shaxs 2020-yilning 14-dekabrida yana shu muassasaga direktor vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib taynlangan.
Oradan koʻp vaqt oʻtmay, 2020-yilning 23-dekabr kuni Toshkent viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi A.Akmalovni vazifasidan ozod qilish boʻyicha buyruq chiqargan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videotasvirlar ushbu buyruq haqida Mehribonlik uyi jamoasi tanishtirilayotgan vaqtda, yaʼni, 2020-yilning 24-dekabrida tasvirga olingan. Unda sobiq direktorning oʻz lavozimida qolishini soʻragan baʼzi xodimlarning fikrlari aks etgan.
Mehribonlik uyining baʼzi xodimlari bilan suhbatlashilganda ular muassasaga keltirilgan homiylik yordamlari va mablagʻlarining noqonuniy taqsimotidan norozi ekanliklarini ham maʼlum qilishdi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil Aliya Yunusovaning taʼkidlashicha, muassasada yuzaga kelgan holat tarbiyalanuvchilarning ruhiyati, sogʻligi, sifatli taʼlim-tarbiya olishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Bu esa, oʻz-oʻzidan ularga ijodiy va intellektual qobiliyatlarini rivojlantirish uchun uy sharoitiga maksimal darajada yaqinlashtirilgan muhit yaratilishiga imkon bermaydi.
Davlat tomonidan ajratilayotgan mablagʻlar, sovgʻa-salomlar, koʻngilli tadbirkorlar tomonidan yuborilayotgan hayriyalar oʻz manziliga, yaʼni bolalar qoʻliga toʻliqligicha yetib bormayotganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan baho berilishi kerak. Agar shunday boʻlsa, bu juda achinarli... Bu masalaga Xalq taʼlim vazirligini aniqlik kiritishi maqsadga muvofiq deb oʻylaymiz.
Aslida Mehribonlik uyi direktori hamda tarbiyachilari koʻngli yarim bolalarga ota-onadek munosabatda boʻlishlari kerak. Bu muassasada bolalar kimdan oʻrnak olsin?Ularni muassasaga rahbar tayinlash masalasiga jalb etilganligi ham umuman notoʻgʻri. Ushbu holatdan Xalq taʼlimi vazirligidagi rahbar va vakolatli shaxslar tegishli xulosa chiqarishadi.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) xodimlari mehribonlik uylarida oʻtkazilishi rejalashtirilgan monitoring-nazorat faoliyatini yana-da kuchaytiradi. Xususan, bugun ham Bola huquqlari boʻyicha vakil boshchiligidagi Ombudsman xodimlari tomonidan Toshkent shahar, Yunusobod tumanidagi 23-sonli Mehribonlik uyida monitoring amalga oshirildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmat