Ombudsman huzuridagi komissiyaning navbatdagi yigʻilishi kun tartibidan Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) 2021-yildagi faoliyati natijalari, 2022-yilda Ombudsman jamoasi oldida turgan vazifalar va inson huquqlarini taʼminlashning asosiy yoʻnalishlarini belgilab olish va shu kabi boshqa masalalar oʻrin oldi.
Tadbirda soʻz olgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari buyicha vakili hamda Ombudsman huzuridagi komissiya raisi Feruza Eshmatovaning soʻzlariga koʻra, 2021-yil Ombudsman instituti faoliyati tarixida alohida oʻringa ega boʻlib, bu yilda katta oʻzgarishlarni qarshi oldi. Mazkur islohotlar nafaqat Vakil balki inson huquqlari va manfaatlarini taʼminlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan oʻtgan yilda Inson huquqlari boʻyicha vakil faoliyatiga taaluqli 2 ta Prezident hujjatining qabul qilinishi ham mamlakatimizda insonning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlashga ustuvorlik berilayotganidan dalolatdir.
Bunga javoban Ombudsman jamoasi aholi murojaatlari bilan ishlash, qiynoqqa qarshi kurashish, qonunchilikni takomillashtirish, xalqaro aloqalarni rivojlantirish, ochiqlikni taʼminlash kabi qator yoʻnalishlarda salmoqli ishlarni amalga oshirishga ulgurdi. Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) 2021-yilgi faoliyati tahlil qilinganda, taʼsir choralarini qoʻllashi va ularning samaradorligi 2020-yilga nisbatan 2,4 barobarga oshganini koʻrish mumkin.
Oʻylaymanki, Yangi Oʻzbekistonning keyingi 5 yilga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasi doirasida bu koʻrsatkichlarimiz yil sayin oshib borishiga intilamiz. Albatta buning uchun faoliyatimizga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, inson huquqlarini taʼminlashning yangi ilgʻor usullarini ishlab chiqish, 2022-yildan doimiy asosda ish boshlagan mintaqaviy vakillar mavqeyini oshirish, qonunchilik tashabbusi huquqidan samarali foydalanish borasidagi ishlarimizni jadallashtirishimiz talab etiladi.
Yigʻilishda qayd etilishicha, 2021-yilda Ombudsman nomiga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 18738 ta murojaat kelib tushgan (2020-yilda 14975 ta). Jumladan, fuqarolardan 16559 ta, tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muasssasalaridan 2120 ta, xorijiy davlatlardan 59 ta murojaat kelib tushgan.
Kelib tushgan murojaatlar asosiy qismi Toshkent shahri (2588 ta), Qashqadaryo (2530 ta), Surxondaryo (2000 ta), Toshkent (1658 ta), Samarqand viloyatlariga (1302 ta) toʻgʻri keladi.
2021-yilda Ombudsman tomonidan davlat organlari va tashkilotlarga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan 36 ta xulosa (2020-yil 16 ta), 14 ta taqdimnoma (2020-yilda 13 ta) hamda fuqarolarning manfaatlarini himoya qilib sudlarga 44 ta daʼvo arizalari (2020-yilda 11 ta) kiritildi.
Shuningdek yigʻilishda komissiya aʼzolariga murojaatlarning nazoratga olinishi natijasida inson huquqlarini taʼminlanishi borasida erishilgan koʻrsatkichlarga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qaroriga muvofiq Ombudsman hamda uning huzuridagi Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari haqida ham maʼlumot berildi.
Yigʻilish davomida komissiya aʼzolari tomonidan Ombudsman faoliyatidagi oʻzgarishlar va natijalar toʻgʻrisida fikr bildirildi. Shuningdek, 2022-yilda Ombudsman oldida turgan vazifalar, faoliyatidagi rejalarga qaratildi va aniq takliflar bildirildi. Tadbir yakunida komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi.
Oliy Majlisining Inson huquqlari
boʻyicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati