Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish, Sogʻliqni saqlash, Qurilish, Bandlik va mehnat munosabatlari, Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, Xalq taʼlimi, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Markaziy bank, Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Hududgaztaʼminot”, “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyatlari, Kadastr agentligi, jami 20 ziyod vazirlik va idora rahbarlari murojaatchilar bilan yuzma-yuz oʻtirib, har bir masalani hududiy masʼullar bilan birga muhokama qilmoqda, muammolarni hal qilish uchun bor kuch-imkoniyat ishga solinmoqda.
Bir misol: Furqat tumanining Yangiqishlogʻida yashovchi Nilufarxon Qayumovaning arz qilishicha, u yerdagi elektr simyogʻochlari ancha eski, kamiga odamlar qoʻlbola qilib qurishga majbur boʻlgan. Bu esa elektr taʼminotida tez-tez uzilishlarga olib kelmoqda. “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati masʼullari murojaatni tinglagach, bu masalani tez kunda hal qilib berishni oʻz zimmasiga oldilar.
Muammo joyiga chiqib oʻrganilgach, ertasi kuni Yangiqishloqning eskirgan simyogʻochlari yangi beton-ustunlarga almashtirildi.
Oʻzbekiston tumani “Namuna” mahallasida yashovchi Doniyorbek Isoqov Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi masʼullaridan Yaypan va Nurafshon shaharchalarini bogʻlovchi koʻprikni taʼmirlashda amaliy yordam soʻradi. Masʼullar bu masalani joyiga chiqib oʻrgandi, muammolarni koʻzdan kechirdi, tahlil qildi. Natijada bu koʻprikni kapital taʼmirlash masalasi 2023-yilgi davlat dasturiga kiritiladigan, piyodalar yoʻlagi esa tez kunlarda taʼmirlab beriladigan boʻldi.
Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi masʼullariga kelib tushgan 201 ta murojaatning 92 tasi joyida hal qilindi. Murojaatlar asosida jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻqon shahri, Furqat, Beshariq, Oʻzbekiston, Bogʻdod, Rishton, Uchkoʻprik, Buvayda tumanlari sudlari tashkil qilgan sayyor sud majlislarida 49 ta ish koʻrib chiqildi. Aybini tan olgan, shunga mos belgilangan jazoning maʼlum qismini oʻtagan, qilmishiga ming pushaymon boʻlib hayotini oʻnglab olish uchun yana bir imkon soʻragan b u murojaatchilarning har birining ishi sudda batafsil koʻrib chiqilib, barcha tomon tinglandi. Yakunda esa hududlardagi ichki ishlar organlari probatsiya guruhlari taqdimnomalari asosida 36 nafar shaxs jazoni oʻtashdan muddatidan oldin shartli ozod etildi.
Rishtonlik Bahodir Jiyanboyev esa xuddi shunday ommaviy qabullardagi murojaatlari asosida 6,5 yil tanaffusdan soʻng yaqinda egniga yana ichki ishlar libosini kiydi. Bu yigit Rishton tuman ichki ishlar tizimida ishlagan paytida 2015-yil oxirlarida nohaq ishdan boʻshatilgan ekan. Koʻp yillik kurashlardan soʻng Fargʻona viloyat sudi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining 2022-yil 18-yanvardagi ajrimi asosida uni 2015-yilda xizmatdan boʻshatish haqidagi buyruq gʻayriqonuniy deb topildi va serjant Jiyanboyev Rishton tumani ichki ishlar boʻlimi katta inspektori lavozimiga ishga tiklandi, oradagi 6,5 yillik uzilish xizmat muddatiga qoʻshildi. Yana bir muhim jihat: Bahodirga majburiy yurgan progullari uchun 372 million soʻm ish haqi va maʼnaviy zarar qoplab berildi.
Bosh prokuratura masʼullari koʻrib chiqqan 151 ta masalaning 69 tasiga joyida yechim topildi. Aytaylik, qoʻqonlik Habibaxon Mamatqulova murojaatidan soʻng qizi Nodira Poʻlatovaga sud qarori asosida ikki nafar farzandi qaytarilishi taʼminlandi. (Shu qismda)
Bogʻdodlik Shohista Yusupova va Hamidaxon Roʻzmatova esa 25-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotiga tarbiyachi yordamchisi vazifasiga ishga qabul qilindi.
Uch yil uy bogʻchasini boshqarib, sohada ancha tajriba toʻplagan buvaydalik Zarifaxon Joʻrayeva esa endi faoliyatini yanada kengaytirishni maqsad qilgan ekan. Bu ayolning ham murojaatidan soʻng 1 mlrd. soʻm qiymatdagi biznes-reja oʻrganilib, qoʻllab-quvvatlanadigan boʻldi. Tadbirkor bu loyihani yarim mablagʻini oʻz hisobidan, qolgan yarmini kredit evaziga amalga oshirmoqchi. Muhimi, Markaziy bank masʼullari uni tingladi, masalani nazoratga oldi.
Rishtonlik Odiljon Qoʻshmatovning oʻzi yashayotgan “Qoʻrgʻoncha” mahallasini limonchilikka ixtisoslashgan hududga aylantirish gʻoyasi Markaziy bank masʼullari bilan muloqotdan soʻng loyiha tusini oldi . Bu bilan birgina shu qishloqda 200 ta xonadon tomorqasida kreditlar evaziga issiqxona qurish va kamida 200 dan ziyod oilalarni qoʻshimcha daromad manbaiga olib chiqish imkoni yaratiladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼullari bilan muloqotlardan soʻng oʻnlab ehtiyojmand oilalar farzandlarini davolatish uchun imtiyozli yoʻllanmalar, dori-darmonlar ajratilmoqda. Aytaylik, uchkoʻpriklik Ibrohim Abdullayevning 27 yoshli farzandlari Hasan va Husanda buyrak yetishmovchiligi bor. Oʻtgan yili oila bor-yoʻgʻini sarflab, donor topib, Hasanjonga buyrak qoʻydirdi. Endi ota kichik oʻgʻliga oʻz buyragini bermoqchi, biroq murakkab jarrohlik amaliyoti uchun mablagʻi yoʻq. Murojaat asosida tez orada Husanjon poytaxtga chaqiriladigan va ixtisoslashtirilgan markazda bepul jarrohlik amaliyoti oʻtkaziladigan boʻldi.
Xuddi shunday murojaatlar tahlili asosida birgina Soʻx tumanidagi ijtimoiy ahvoli ogʻir 50 dan ortiq insonlarning murakkab jarrohlik amaliyotini oʻtkazish bilan bogʻliq muammolariga yechim topildi. Soʻxlik oqsoqollarning jamoaviy murojaatidan soʻng esa togʻlar orasidagi anklav hududda yana bir katta masalaga yechim topildi. Gap shundaki, bahor oyoqlashi bilan Soʻx daryosida suv toshib, ikki qirgʻoqdagi 4 km. uzunlikdagi kattagina ekin maydoniga zarar yetkazmoqda, daryoning 700 metr sohilidagi himoya dambasi yemirilgan. Oʻrganishlardan soʻng bu muammoni hal qilish uchun alohida loyiha ishlab chiqilib, amalga oshiriladigan boʻldi.
Umumlashtirib aytganda, Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahri, Oʻzbekiston, Dangʻara, Furqat, Beshariq, Bogʻdod, Buvayda, Rishton, Uchkoʻprik va Soʻx tumanlari aholisi qamrab olingan ikki kunlik ommaviy qabullarda 1 ming 61 ta masala koʻrib chiqilib, ularning 459 tasi joyida hal qilindi. 219 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan boʻlsa, 383 ta murojaatni hal qilish boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, nazoratga olindi.
Fargʻona viloyatidagi ommaviy qabullar davom etmoqda.