Prezident Administratsiyasi masʼullari, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, qariyb oʻttizta vazirliklar, qoʻmitalar va tashkilotlar rahbarlarining ommaviy qabullar uch oyligi doirasida Oʻrtachirchiq tumani, Boʻka, Oqqoʻrgʻon, Boʻstonliq tumanlari, Yangiyoʻl va Ohangaron shaharlaridagi ochiq-jonli muloqotlari ham “Inson qadri uchun!” gʻoyasini amalda qaror toptirishga xizmat qildi. Bu esa Toshkent viloyati aholisi muammolari bilan ishlashni samarali tashkil etish, hududlarda yechimini kutayotgan masalalarni “mahallabay” oʻrgangan holda joyida, tezkor hal etish imkonini berdi.

Muloqotlarda Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, viloyat, tuman-shahar sudlari masʼullari koʻrib chiqqan 372 ta masalaning 129 tasi ijobiy hal qilindi. Jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan jazodan ozod qilish boʻyicha kiritilgan taqdimnomalar asosida axloq tuzatish ishlari jazosini oʻtayotgan 114 nafar shaxs jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 97 nafar shaxsning oʻtalmay qolgan ozodlikdan mahrum qilish jazosi yengilrogʻi bilan almashtirildi, 19 nafar shaxs sud zalidan ozod etildi.

Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 50 nafar murojaatchi ayol foydasiga aliment undirish yuzasidan sud buyrugʻi chiqarilib, ijroga qaratildi. Ajrashish yoqasiga kelib qolgan 4 ta oila yarashtirildi.

Ohangaronlik Shahnoza Usmonova 26 yil avval uy-joysiz yurganda, unga Ohangaron shahridagi egasiz uylardan biri ajratib berilgan, biroq shu davrda ayolga na uy rasmiylashtirib berilgan, na xususiylashtirilgan. Bu masala 1998-yildan beri chuvalashib, ish sudgacha yetib borgan, hatto fuqarolik ishlari boʻyicha Ohangaron tumanlararo sudining 2016-yil 24-martdagi hal qiluv qarorida Ohangaron tuman hokimligi zimmasiga mazkur uy-joyni Shahnoza Usmonovaga biriktirib berish majburiyati yuklatilgan, biroq bu uy hokimlik balansida turmagani uchun qaror ham ijro qilinmagan.

Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 187-moddasida mulkdor boʻlmagan, lekin koʻchmas mol-mulkka oʻn besh yil davomida oʻziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs bu mol-mulkka mulk huquqini olishi belgilangan. Shahnoza Usmonova esa 26 yildan beri shu uyda yashab kelmoqda. Shu bois ommaviy qabulda Shahnoza opa Oliy sud masʼullari bilan muloqotdan soʻng Fuqarolik kodeksining 187-moddasiga asosan egalik qilish huquqini belgilashni soʻrab sudga yangidan daʼvo arizasi kiritdi. Shuningdek, onkologik xastalikdan qiynalib kelayotgan ayolga davolanishi uchun ham koʻmak koʻrsatiladigan boʻldi.

Bosh prokuratura masʼullari koʻrib chiqqan 530 ta masalaning 54 tasiga joyida yechim topildi.

Bir necha yil avval yangiyoʻllik aka-uka tadbirkor Nurmatovlarning Yangiyoʻl shahar buyum bozoridagi doʻkonlari buzilgach, ularga kompensatsiya toʻlanmaydi. Bu masala bir necha bor sud tartibida koʻrilgan, xususan, Yangiyoʻl shahar maʼmuriy sudining 2019-yil 4-iyuldagi, Chinoz tuman maʼmuriy sudining 2019-yil 31-iyuldagi hal qiluv qarorlarida Yangiyoʻl shahar hokimligi masʼullarining xatti-harakatlari-yu harakatsizligi qonunga xilof, deb topilgan. Biroq shunda ham kompensatsiya masalasi hal qilinmaydi. Bu galgi ommaviy qabulda aka-uka tadbirkorlarning murojaatlari ijobiy hal qilinib, Yangiyoʻl shahar hokimligi tomonidan kompensatsiya pullari toʻlab berilishi haqida kelishildi.

Boʻkalik tadbirkor Dilbar Karimova biznes hamkori bilan ishlab chiqarish korxonasi tashkil etish maqsadida 194 mln. soʻm kredit oladi, biroq sheriklik osh tatimas deganlaridek, kredit summasining 91 mln. soʻmini yoʻqotadi. Hamkor bu pulni qaytarib ham bermaydi, nima uchun sarflaganini ham aytmaydi. Orada ayolning ishlari orqaga ketadi. Bu ish Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudida ham koʻrilib, Dilbar Karimova daʼvosi qanoatlantiriladi, biroq sud qarori ijrosi kechikadi. Ayolning Bosh prokuratura masʼullariga murojaatidan soʻng unga 91 mln. soʻm qarz undirib berildi.

Muloqotlar davomida avvalgi ommaviy qabullardagi murojaatlar ijrosi ham oʻrganildi. Aytaylik, yangiyoʻllik 42 yoshli Umida Tojiboyeva boquvchisini yoʻqotgach, ikki farzandini yolgʻiz oʻzi ulgʻaytirmoqda. Bu ayol avvalgi qabulda ogʻir ahvoldagi uy-joyini taʼmirlash masalasida murojaat qilgan edi, Yangiyoʻl shahridagi Xalq qabulxonasi va 2-sektor maʼsullari Umida Tojiboyevani “Ayollar daftari”ga kiritib, ichki imkoniyatlar hisobidan ayolning xonadoni toʻliq taʼmirdan chiqarildi. Shu bois u bugungi ommaviy qabulga minnatdorlik bildirish uchun keldi.

Ichki ishlar vazirligi masʼullariga surishtiruv va tergov, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jazodan muddatidan avval ozod etish, fuqarolik, pasport-viza, mol-mulkni olib qoʻyish va qaytarmaslik kabi yoʻnalishlarda kelib tushgan 297 ta masalaning ham 84 tasi joyida hal qilindi.

Yangiyoʻllik Zulfiya Toʻrakeldiyevaning 4 yillik muammosiga ham yaqinda murojaatidan soʻng yechim topildi. Gap shundaki, bu ayol bir tanishiga yaxshilik qilib, oʻz nomiga kredit olib beradi. Ammo tanish deganlari bir necha marta Zulfiya opaning hujjatlaridan foydalanib, yana kredit chiqaradi va kreditni toʻlamay yuradi. Qarzni toʻlash esa ayolning gardaniga tushadi. Uning avvalgi murojaatlaridan soʻng yaqinda Yangiyoʻl shahar ichki ishlar boʻlimi surishtiruv ishlarini olib borgach, aybdor topildi. Shu bois Zulfiya opa mazkur qabulda masʼullarga minnatdorlik bildirdi.

Taʼlim, sogʻliqni saqlash, oila, xotin-qizlar, mehnat va bandlik kabi yoʻnalishlardagi oʻnlab murojaatlarga ham shu muloqotlar maydonida yechim topildi. Koʻp yillar oʻqituvchi boʻlib ishlagan ohangaronlik Hikmatxon Yoʻldosheva Xalq taʼlimi vazirligi masʼullaridan tumanda joylashgan, oʻzi ishlagan va farzand-u nevaralari oʻqigan 17-maktabning eskirgan binosini yangilab berishda amaliy yordam soʻradi. Masʼullar esa bu masalani joyiga chiqib oʻrganib, kelgusi yilgi dasturlarga kiritish uchun taklif ishlab chiqadigan boʻldi.

Qabullar davomida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida shartnoma asosida tahsil olayotgan yangiyoʻllik Nodira Normuhammadova singari ijtimoiy himoyaga muhtoj koʻplab talabalarning kontrakt pullarining kamida yarmi toʻlab berilishi taʼminlandi.

Muloqotlarda nogironligi bor, ijtimoiy himoyaga muhtoj Hasan va Husan Mahmedovlar singari oʻnlab ehtiyojmand insonlarga protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari topshirildi.

Qabullar davomida koʻplab nuroniylarga bepul yoʻllanmalar, davolanish uchun orderlar taqdim etildi. Mamlakatimizda keksalarga qaratilgan bu eʼtibordan 77 yoshli Yoʻldosh ota Ergashev ham mamnun boʻldi.

Bir soʻz bilan aytganda, davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Toshkent viloyatidagi olti kunlik ommaviy qabullarida 4 ming 250 nafar murojaatchining 4 ming 617 ta masalasi koʻrib chiqildi. Ularning 1 ming 438 tasi joyida hal qilinib, 1 ming 302 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan boʻlsa, 1 ming 877 ta murojaatni hal qilish boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, Prezident Administratsiyasi va Xalq qabulxonalari tomonidan nazoratga olindi.