Ommaviy qabullarda Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi rahbarlari 901 ta masalani koʻrib chiqib, ularning 423 tasiga joyida yechim topib berdi. Jumladan, qabullar jarayonida Buxoro va Kogon shaharlari, Gʻijduvon, Jondor, Olot, Qorakoʻl, Peshkoʻ, Vobkent, Romitan, Kogon tumanlari sudlari oʻtkazgan sayyor sud majlislarida jami 60 nafar shaxs jazoni oʻtashdan muddatidan oldin shartli ozod qilindi.

Buxoro viloyati sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati 1 nafar shaxsni oqlagan boʻlsa, 47 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilindi, bir shikoyat boʻyicha sud qarori ijrosi toʻxtatildi.

Shuningdek, sudlar 119 nafar murojaatchining arizalari asosida ularga aliment undirish yuzasidan sud buyrugʻi chiqarib berildi. 17 nafar murojaatchining yuridik ahamiyatga ega faktlarni belgilash boʻyicha arizasi qanoatlantirildi. Ajrashish yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan suhbatlar oʻtkazilib, 42 nafar voyaga yetmagan farzandi bor 27 ta oila yarashtirildi. Iqtisodiy sudlar koʻrib chiqqan 129 ta ish boʻyicha tadbirkorlarning foydasiga jami 2,1 mlrd. soʻm undirilishi belgilandi.

Bosh prokuratura masʼullari kelib tushgan 200 ta masalaning har birini murojaatchi va viloyat prokuraturasi rahbariyati bilan yuzma-yuz muhokama qildi. Ular asosan tergov-surishtiruv, sud qarorlarini qayta koʻrib chiqish, sud qarorlari ijrosi, tadbirkorlik va boshqa masalalardagi ariza-yu shikoyatlardan iborat. Muloqotlar davomida koʻpchilik mulkiga zarar yetkazilgan yirik firibgarlik holatlari bilan bogʻliq jinoyatlar boʻyicha tergov jarayonlari ustidan ham qatʼiy nazorat oʻrnatildi.

Deylik, Peshkoʻ tumani Kuyovxoʻja mahallasidan kelgan murojaatchilarning muammosi bitta – ular mehnatsiz daromadga qiziqib, “moliyaviy piramida” domiga tushib qolishgan. Pullarini oʻz qoʻllari bilan hamqishlogʻiga eltib berishgan, firibgar hamqishloq esa ularni aldab ketgan. Aytilishicha, bu “moliyaviy piramida”dan jabr koʻrganlar – 31 kishi, ular daʼvo qilayotgan summa esa 7,1 milliard soʻmdan ziyod. Albatta, ular bu zararga oʻzlari ham aybdorligini inkor qilmayapti, shu bilan birga tergov va sud jarayonlari adolatli oʻtkazilib, firibgarga tegishli mol-mulklar toʻliq xatlanishini soʻrashmoqda. Bosh prokuratura masʼullari bu borada qonuniylik va adolat taʼminlanishini oʻz nazoratiga oldi.

Muloqotlarda tadbirkorlik subyektlaridan kelib tushgan murojaatlarni hal qilishga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, Kogon shahrida koʻp yildan buyon faoliyat olib borayotgan “Megastroy” MCHJ rahbari Hamza Saidovning arz qilishicha, korxona ishlab chiqargan qurilish materiallarini xarid qilganlardan ayrimlari toʻlovlarni toʻlab bermayapti. Bu masala sud tartibida koʻrilgan, Buxoro viloyati iqtisodiy sudiining hal qiluv qaroriga asosan “Seying produksion” MCHJdan 76 million soʻm asosiy qarzni daʼvogar foydasiga undirish belgilangan. Biroq oradan bir yildan ziyod vaqt oʻtsa-da, sud karori ijro qilinmagan. Tadbirkorning Bosh prokuratura mutasaddilariga murojaatidan soʻng mazkur sud qarori ijrosini taʼminlashga kirishildi.

Ichki ishlar vazirligi masʼullari ichki ishlar organlariga ishga tiklanish va ishga kirish, surishtiruv va tergov, fuqarolik, pasport-viza, mol-mulk yoki buyumlarni qaytarib olish, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, jazoni ijro etish va boshqa masalalarga oid 164 ta murojaatni koʻrib chiqdi. Ularning 76 tasi joyida hal qilindi. Xususan, 33 nafar shaxslarni muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilish boʻyicha sudlarga taqdimnoma kiritildi, fuqaroligi boʻlmagan 24 nafar shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish yuzasidan hujjatlari rasmiylashtirildi.

Ommaviy qabullar davomida barcha soha mutasaddilarining birgalikdagi saʼy-harakatlari natijasida 79 nafar fuqaro ishga joylashtirildi, 18 nafar fuqaroga 1,1 mlrd. soʻmdan ziyod imtiyozli kreditlar ajratildi. Xususan, Shofirkon tumani “Talisafed” qishlogʻida yashovchi Sherali Hayitovga mebelchilik faoliyatini kengaytirishi uchun 75 mln. soʻm, qorakoʻllik Dilnora Hamroyevaga suvni filtrlash uskunasini sotib olishi uchun 33 mln. soʻm imtiyozli kredit ajratilishi taʼminlandi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj 8 ta oilaga uy-joyini taʼmirlashi uchun 350 mln. soʻmlik qurilish materiallari olib berildi, xuddi shu masalada murojaat qilgan yana 6 nafar fuqaroga 110 mln. soʻm ajratildi, “temir daftar”dagi 9 ta oilaning talaba farzandlari oliy taʼlim olishi uchun 27,8 soʻmlik shartnoma toʻlovlari toʻlab berildi. Murojaatchilarning 106 nafariga shifoxonada, 120 nafariga sanatoriyalarda bepul davolanishi uchun yoʻllanmalar ajratildi.

Umumlashtirib aytganda, Buxoro viloyatida oʻtkazilgan ommaviy qabullarda 2 ming 27 nafar murojaatchining 2 ming 158 ta masalasi koʻrib chiqildi. Ularning 765 tasi joyida hal etildi, 659 ta murojaat boʻyicha huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi, qoʻshimcha oʻrganish talab etiladigan 734 ta masala boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, nazoratga olindi.