Yoʻlakdan “Maʼmuriyat” deb yozilgan binoga burildim. Namangan shahar tibbiyot birlashmasi rahbarining davolash ishlari boʻyicha oʻrinbosari, mohir jarroh Halimjon Alimov qisqa majlis oʻtkazayotgan ekan. Eshik qiya ochiq. Odatdagidek, kun tartibi yuzasidan muhim vazifalar belgilab berildi. Yigʻilish yakunida yangragan hayotiy undov qulogʻimga chalindi: “Har bir bemor qatʼiy nazoratimizda va eʼtiborimizda boʻlishi shart. Qani, hamma ishga!” Soʻng boʻlim mudirlari oʻz hududlariga tarqalishdi.

Prezidentimiz yaqinda tibbiyot xodimlari bilan oʻtkazgan ochiq muloqoti chogʻida “Har bir viloyat hokimi tibbiyot masalalari bilan shaxsan shugʻullanishi shart va ulardan soʻrov qattiq boʻladi. Endi, har oy boshida qilingan ishlar va yangi oy rejalarini oʻzim eshitib boraman. Ochiq muloqotdan keyingi oʻzgarishlarni nafaqat tibbiyot xodimlari, balki har bir xonadon sezishi shart”, — deya taʼkidlagan edi

Masʼulga yuzlanib, maqsadimni maʼlum qildim. Davlatimiz rahbari tomonidan oʻsha uchrashuvda soha vakillariga berilgan topshiriqlarning aprel oyidagi ijrosini surishtirdim. U darrov kompyuteridan oxirgi maʼlumotlarni qogʻozga chiqarib, qoʻlimga tutqazdi.

Namangan shahar tibbiyot birlashmasi tarkibiga koʻp tarmoqli markaziy va 16 ta oilaviy poliklinika, shahar markaziy va bolalar shifoxonasi, 3 ta tugʻuruqxona, 1-shahar shifoxonasi — jami 23 ta tibbiyot muassasasi kiradi. Oʻnta yoʻnalish boʻyicha ish rejalar tayyorlanib, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻiga tasdiqlatilgan va kunlik bajarilgan ishlar axboroti berib borilmoqda. Aprel oyining ilk haftasida viloyat musiqali va drama teatri binosida Namangan shahar tibbiyot birlashmasi boshligʻi Shokirjon Haydarov kelgusi ish rejalari hamda tibbiyotni rivojlantirish boʻyicha belgilangan vazifalarning sifatli ijro etilishini taʼminlashga bagʻishlab aholiga murojaat bilan chiqdi. Murojaat matni ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilindi.

Mavjud oilaviy poliklinikalarga shahar markaziy shifoxonasi boʻlim mudirlari, koʻp tarmoqli markaziy poliklinika tor doira soha mutaxassislari biriktirilgan. 7-aprel – Jahon salomatlik kunida sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari ishtirokida shahar miqyosida “Salomatlik sari 5000 qadam”, sogʻlom ovqatlanish targʻibotiga doir aksiyalar, barcha MFYlarda aholi oʻrtasida tibbiy brigadalar tomonidan “Toza qoʻllar”, “Shaxsiy gigiyena”, “Biz chekishga qarshimiz”, “Sogʻlom tishlar” tadbirlari uyushtirildi.

Aprel oyida 5 ming 326 nafar xavf guruhiga kiruvchi 40 yoshdan yuqori aholining 1 ming 176 nafari va 265 nafar bola skrining tekshiruvlardan oʻtkazildi. Shundan bolalarda 11 ta endokrinologik, 92 ta yurak-qon tomir, 78 ta gelmintoz kasalliklari birlamchi bosqichda aniqlandi. Tizimdagi barcha muassasalarda kardiologik, endokrinologik, onkologik skrining tekshiruvlar mobil ilovaga kiritilmoqda. Elektron poliklinikalar ham faoliyat boshlagan. 7 mingdan oshiq qoʻllanmalar tarqatildi. Namangan shahrida aprel oyi oxirida ikkita oila poliklinikasi ochilishi koʻzda tutilgan...

Tasavvurlar oʻzgarmoqda

Qabulxonada yangi kelgan bemorning hujjatlari uzogʻi bilan besh daqiqada rasmiylashtirilyapti. Umumiy terapiya boʻlimidamiz. Lift orqali yuqoriga koʻtarildim. Toʻrtinchi qavat ostonasidaman. Tevarakni kuzatdim, saranjom-sarishta. Roʻparamdagi devorda amaldagi Konstitutsiyamizning 40-moddasi bitilgan: “Har bir kishi malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega”. Oddiy fuqaro sifatida vrach qabuliga yozildim. Birozdan soʻng navbatim keldi. Umumiy terapiya boʻlimi mudiri Rahmatullo Toʻraxonovga uchradim. Muxbirligimni, savollarim yuzasidan tibbiyot xodimlari va bemorlar bilan suhbatlashmoq ekanligimni aytdim.

Uning bildirishicha, mazkur boʻlim tashkil etilganiga yigirma yil boʻlibdi. Hozir 40 oʻringa moʻljallangan 16 ta xona mavjud. 34 nafar tibbiy xodim ishlaydi.

— Koʻp yillar shahar tibbiyot birlashmasi rahbarining davolash ishlari boʻyicha oʻrinbosar lavozimida ishladim, — deydi R. Toʻraxonov. — Sohamiz biroz nazardan chetda qolgan murakkab paytlarni ham koʻrdik. Hayriyatki, inson qadri, avvalo, uning salomatligini taʼminlash bilan bevosita bogʻliqligi anglab yetildi. Endi oldimizda faqat ishlash, kasallikka chalinganlarni tezroq sogʻlom hayotga qaytarish, ularni rozi qilish qoldi, xolos...

“Aytish joizki, bizda hamshira deganda, koʻz oldimizga faqat “ukol” qilishni biladigan tibbiyot xodimlari keladi. Lekin sogʻliqni saqlash tizimi rivojlangan mamlakatlarda esa oʻrta tibbiyot xodimlarining bilim darajasi, malakasi va masʼuliyati vrachlardan kam emas. Bemorlarni faqat dori bilan emas, balki mehr bilan, aql bilan davolash ham muhim ahamiyatga ega. Chunki gap inson hayoti, inson salomatligini asrashdek hal qiluvchi masala ustida bormoqda. Ishonamanki, Oʻzbekiston tibbiyot xodimlari bunga albatta qodir. Sizlar pandemiya davridagi ogʻir sharoitda xalqimiz sogʻligʻini asrab qolish uchun, chinakam qahramonlik va jasorat koʻrsatganingiz buning yaqqol isbotidir”, — deya taʼkidlagan edi Prezidentimiz.

11-xonada davolanayotgan 36 yoshli Munojot Dadamirzayevani suhbatga tortdik:

— Menga jigar serrozi tashxisi qoʻyilgan, — deydi u. — Baʼzida hududimizdagi 10-poliklinikaga qatnab davolanaman. Yilda bir-ikki marta shu boʻlimga kelaman. Oilaviy sharoitimiz yaxshimasligi sabab shifoxonaga imtiyozli tarzda joylashaman. Ikkinchi guruh nogironiman. Davlatimizga, shifokorlarimizga mingdan-ming rahmat. Bir hafta avval madorim yoʻq edi, qon bosimim pasayib ketgandi. Mana, endi ancha tuzukman. Mehribon hamshiralardan minnatdorman.

“Shikoyatlar qutisi minnatdorlik xatlariga toʻlib ketgan”

Foyedagi shikoyat qutisi diqqatimni tortdi. Undagi asosan minnatdorlik dilsoʻzlari yozilgan nomalarda Rahmatillo Toʻraxonov boshchiligidagi vrachlar — Akbarali Joʻrayev, Malika Jakbarova, katta hamshira Muhayyo Eshmatova, hamshiralar Nazira Joʻrayeva, Sadoqat Gʻoyibboyeva, Dildora Karimova, Oqila Boymirzayeva, Margʻuba Roziqova, boʻlim bekasi Saboxon Ibrohimova, kichik tibbiy xodimlar Muqaddas Badalova, Naima Mamajonova, Margʻuba Abdullayeva, amaliyotchi hamshira Dilfuza Qurbonovalarning ism-familiyalari keltirilgan.

— Toʻgʻrisi, shikoyatlar qutisi minnatdorlik xatlariga toʻlib ketgan, — deya hijolatomuz suhbatimizga qoʻshildi boʻlim shifokori Malika Jakbarova. — Biz, shifokorlar uchun ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar — barcha teng. Hammaga birdek eʼtiborli boʻlishga qasamyod qilganmiz. Ularning sogʻayishi uchun qoʻlimizdan kelganini qilamiz. Yaqin insonimizdek qaygʻuramiz. Lekin baʼzan kutilmagan, bizga bogʻliq boʻlmagan vaziyatlar ham uchraydi. Aslida, har bir bemor oʻzi misolida tibbiyot tizimiga baho beradi. Aynan bir fuqaroning minnatdorligiga erishish orqali butun sohaga ijobiy munosabat shakllanadi.

Yurtboshimiz tomonidan Navroʻz bayrami arafasida tibbiyot xodimlari bilan boʻlgan va tarixiy ahamiyatga ega ochiq muloqotda alohida taʼkidlanganidek, “Hayot haqiqati shuni koʻrsatadiki, faqatgina sogʻlom xalq, barkamol millat buyuk ishlarga qodir boʻladi. El-yurtimiz azaldan shifokorlarni, inson salomatligini asrashdek ezgu va savobli ishga butun borligʻini bagʻishlagan fidoyi zotlar, deb biladi va hamisha qadrlaydi. Chunki odamlar sizlarga oʻzlarining eng bebaho boyliklarini – hayotlarini ishonib topshiradi”.

— 30 yildirki, egnimdagi oq xalatga dogʻ tushirmaslikka, shifokor degan yuksak unvonga munosib boʻlishga, vazifamga halol va vijdonan yondashishga intilaman. Shundan halovat topaman, – deydi yana bir suhbatdoshimiz vrach Akbarali Joʻrayev. — Mehnatimiz yoʻlida bor bilim-mahoratimizni, gʻayrat-shijoatimizni bagʻishlayapmiz. Bemorlarning shifo topishlariga ishonch hadya etayotganimizdan baxtiyorman.

Ha, inson yilda bir marotaba mehnat taʼtili davrida profilaktika uchun shifoxonalarda statsionar davolanishi, sihatgohlarda dam olishi maqsadga muvofiq. Tinimsiz xizmat vazifalarini bajarish davomida charchagan asablar, vujudning erkin tin olishi ayni muddao. Bu esa, tabiiyki, navbatdagi samarali faoliyati uchun quvvat manbaidir. Umumiy terapiya boʻlimidan qaytar ekanmanmiz, salomatligimiz posbonlariga, najot farishtalariyu xaloskorlarimizning mashaqqatli va sharafli ishlariga rivoj tiladik.

Orifjon JOʻRAYEV,

Yangi Oʻzbekiston muxbiri