Uchrashuv davomida tomonlar omonatlarni kafolatlash tizimi qamrovining kengayishi hamda avvalgi va amaldagi tizimlar o‘rtasidagi asosiy farqlarni ko‘rib chiqdilar. Yangi tizimda nafaqat jismoniy shaxslar, balki tadbirkorlik subektlarining omonatlari ham kafolatlanishi, kompensatsiya to‘lashning aniq mexanizmlari belgilangani hamda omonatchilarga kompensatsiya mablag‘laridan foydalanish imkoniyatini ta'minlash muddatlari bosqichma-bosqich qisqartirilishi qayd etildi.

 

Uchrashuvda Omonatlarni kafolatlash jamg‘armasining moliyaviy barqarorligini ta'minlash masalalariga alohida etibor qaratildi. Kafolat majburiyatlari hajmi va ularning Jamg‘arma mablag‘lari bilan qoplanish darajasi, Agentlik aktivlarining tarkibi, Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari hamda zarur likvidlik darajasini taminlash mexanizmlari muhokama qilindi.

Tomonlar Jamg‘arma mablag‘larini investitsiya qilish va boshqarish siyosatiga ham batafsil to‘xtalib o‘tdilar. 

 

Muhokamalarning yana bir muhim yo‘nalishi kafolat majburiyatlari bo‘yicha xatarlarni baholash va boshqarish tizimi bo‘ldi. Agentlik vakillari omonatlarni kafolatlash tizimini stress-testdan o‘tkazish, ssenariyli modellashtirish hamda banklarni baholashning riskka asoslangan mexanizmlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida malumot berdilar.

 

Bundan tashqari, tomonlar omonatlarni kafolatlash tizimi faoliyatining shaffofligi va axborotlarni oshkor qilish, Agentlikning moliyaviy hisobotlari hamda jamoatchilikni muntazam xabardor qilib borish amaliyoti yuzasidan fikr almashdilar.

 

XVJ delegatsiyasiga Agentlikning omonatchilarga kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish bo‘yicha amaliy tajribasi, jumladan, kafolatlash hodisasi yuzaga kelganda qo‘llaniladigan tashkiliy va moliyaviy mexanizmlar haqida ham malumot berildi.

 

Uchrashuv yakunida tomonlar omonatlarni kafolatlash tizimini institutsional jihatdan yanada rivojlantirish, uning moliyaviy va operatsion barqarorligini mustahkamlash, xatarlarni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish hamda faoliyat shaffofligini oshirish yo‘nalishlarida hamkorlikni izchil davom ettirish va o‘zaro tajriba almashishni kengaytirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Omonatlarni kafolatlash agentligi matbuot xizmati.