O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan “Iste'molchilar uyi” hamda “Iste'molchi kutubxonasi” loyihasi ishlab chiqilgan bo'lib, jamiyatda kitobxonlik madaniyatini oshirish, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusni hayotga izchil tatbiq etish maqsadida qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida shu kunga qadar Oltiariq, Qiziltepa, Rishton, Sariosiyo, Uzun, Bag'dod, Farg'ona, Koson, Olot, Dehqonobod tumanlarida hamda Farg'ona va Marg'ilon shaharlarida barcha qulayliklarga ega bo'lgan 12 ta ko'rkam va shinam majmua bunyod etildi. Yil oxiriga qadar yana 8 ta ana shunday ma'naviyat va ma'rifat maskani ishga tushiriladi. Ularda yuzga yaqin yigit-qiz ish bilan ta'minlanadi.

Bugun Namangan viloyati To'raqo'rg'on tumanida ham zamonaviy uslubda qurilgan, o'ziga xos innovatsion echimga ega va 5 mingdan ortiq kitob fondiga ega “Iste'molchilar uyi” ma'muriy kompleksining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi.
Mazkur ma'muriy kompleksda tashkil etilgan “Iste'molchi kutubxonasi” fondidan O'zbekiston Respublikasi qonunlari va iste'molchilik sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi me'yoriy hujjatlar, siyosiy-iqtisodiy qo'llanmalar, ma'rifiy, badiiy, ilmiy-ommabop kitoblar, respublikamizda nashr qilinayotgan ijtimoiy-siyosiy gazeta-jurnallar o'rin olgan.

Tadbirda federatsiya raisi Jahongir Sarimsoqov so'zga chiqib, iste'molchilarning huquqiy savodxonligini mustahkamlash maqsadida federatsiya hamda Toshkent davlat yuridik universiteti hamkorligida ishlab chiqilgan 16 turdagi yuridik adabiyotlar turkumi ham taqdim etilishi, shuningdek, ilk bora 100 ming dona elektron kitobdan iborat baza ham shakllantirilib, o'quvchilar pandemiya sharoitida uyida turib, kitoblarga buyurtma berishi va arzon narxda elektron kitoblarni xarid qilishi mumkinligini ta'qidladi.
SHu bilan birga, kutubxonada zamonaviy “Book cafe” va bepul Wifi tizimi hamda internet orqali zarur adabiyotlarni topish va xarid qilish imkonini beruvchi “eReader” elektron o'quv qurilmasi ham o'rnatilgan.

Qolaversa, majmuadan besh muhim tashabbus doirasida xotin-qizlar uchun chevarlikni bepul o'rgatish markazi, maktabni tugatib ishsiz yurgan yigitlar uchun  hunarmandlik bo'limi ham o'rin olgan. Bundan tashqari, hozir yoshlar katta qiziqish bildirayotgan milliy cholg'u asboblarini yasash va o'rgatish bo'limi ham ish boshlayapti.

Bundan tashqari, “Iste'molchilar uyi” ma'muriy kompleksidan joy olgan “Iste'molchi qabulxonasi”da esa, iste'molchilarning ariza va murojaatlari qabul qilinadi.
Bir so'z bilan aytganda, bu kabi maskanlar o'g'il-qizlarimizning ham ma'naviy tafakkurini boyitish, ularni kasb-hunarga o'rgatish, yashirin salohiyati va iste'dodini kashf etish uchun beqiyos imkoniyatlar beshigi bo'lib xizmat qiladi.