Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasini katta qiziqish bilan tingladim va “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan bajarilishi lozim boʻlgan barcha vazifalarni belgilab oldim.
Prezidentimiz murojaatnomada yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy tarqqiyotining, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishning muhim yoʻnalishlari xususida eʼtiborga molik taklif va tashabbuslarn ilgari surdi. Jumladan, 2023-yilni mamlakatimizda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qilganligi meni ham behad quvontirdi.
Prezidentimiz koʻp yillar davomida yangi gaz konlariga investitsiya kiritilmagani, elektr va gaz tarmoqlari modernizatsiya qilinmagani borasida taʼkidlab, gaz zaxiralarini koʻpaytirish maqsadida geologiya-qidiruv ishlari boʻyicha oʻn yillik dastur qabul qilinishini taʼkidladilar.
“Oʻzbekneftgaz” AJ oldiga qoʻyilgan bu vazifalarni bajarish uchun bugundan oldimizga aniq maqsadlarni qoʻyib oldik hamda neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarining 10 yillik dasturini ishlab chiqish ishlarini boshlandik.
“Oʻzbekneftgaz” AJ neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarining rejalariga asosan kelgusi 10 yillik dastur doirasida:
15,6 ming kv. km 3D seymik-qidiruv ishlari bajarish, 211 ta yangi maydonlarni burgʻilashga kiritish, 1700 ming metr izlov-qidiruv burgʻilash ishlarini bajarish va 530 ta yangi quduqlarni burgʻulash va ushbu tadbirlarni moliyalashtirishga qariyib 3,4 mlrd dollar mablagʻ ajratish rejalashtirilmoqda.
“Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan kelgusi 10 yil davomida yuqoridagi tadbirlarni oʻz vaqtida va samarali amalga oshirish natijasida 40 dan ortiq yangi uglevodorod konlarini ochish hamda 365 mlrd kub metr tabiiy gaz va 16 mln tonna suyuq uglevodorod zaxiralarini oʻstirish koʻzda tutilgan.
Ushbu davr mobaynida “Oʻzbekneftgaz” AJ boʻyicha uglevodorod qazib chiqarish hajmlarining oʻrnini yangi zahiralar bilan 100 % qoplab berish va bu orqali Respublika uglevodorod xom ashyo zahiralari balansini qayta tiklash, shuningdek aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va sanoat korxonalarini uzluksiz ravishda yoqilgʻi-energetika resurslari bilan taʼminlab berish uchun arzon va yetarli xom ashyo zahiralarini yaratish maqsad qilingan.
Prezidetimiz murojaatnomada yana bir oʻta muhim masalaga eʼtibor qaratdilar. Yaʼni, geologiya-qidiruv ishlari olib borilishida yangi texnologiyalarni joriy etib, ilk bor chuqur qatlamlarda gaz qazib chiqarish ishlarini boshlaymiz, jumladan, Ustyurtning yuqori istiqbolga ega chuqur qatlamlarida qidiruv ishlariga nufuzli xorijiy investorlar jalb qilinadi, – deb, taʼkidladilar.
Shundan kelib chiqib, “Oʻzbekneftgaz” AJ neft va gaz geologiya qidiruv ishlarini asosan, Ustyurt regionining 6,0 km va undan ortiq, va Buxoro-Xiva hududining 4,5-6,0 km chuqurliklarda joylashgan maydonlarning istiqbollarini oʻzlashtirish yoʻnalishlarida tashkil qilishni rejalashtirib oldik.
Ushbu maqsadlarda hozirning oʻzidayoq jamiyat tomonidan 2023-yilda Ustyurt hududining 6,0 ming metr va undan ortiq chuqurlikdagi yangi istiqbollarni oʻrganish maqsadida, Gʻarbiy Quyi Surgil, Quyi Sharqiy Berdax, Kelajak, Aspantay va Arslon kabi maydonlarda chuqurligi 6,5 ming metrgacha boʻlgan yangi quduqlarni boqichma-bosqich burgʻilash ishlarini boshlash boʻyicha raqamli modellashtirish va loyihalashtirish ishlari yakunlandi.
Natijada, Ustyurt hududida 6,0 ming metrgacha chuqurlikdagi Geologiya qoʻmitasi, Schlumberger, BCG va bilan birgalikda bashorat qilinayotgan 1,5 trln kub metr atrofidagi uglevodorod resurslarini tasdiqlash boʻyicha ishlar olib boriladi.
Prezidentimizning murojaatnomalarida qayd etilganidek, mahalliy va xorijiy kompaniyalarga gaz qazib chiqarishga oldin berilgan barcha litsenziyalar qayta koʻrib chiqiladi. Bu esa samarasiz ishlayotgan kompaniyalarning faoliyatini qayta koʻrib chiqish hamda ular tomonidan uzoq yillardan beri hech qanday amaliy ishlar bajarilmayotgan bloklarni haqiqiy maʼnoda ishlatishga va sarmoya kiritishga katta qizish bildirayotgan kompaniyalarga geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun berish imkonini beradi.
Natijada respublikamizda geologiya-qidiruv ishlarini yanada jadallashtirish, yangi texnologiyalarni joriy qilgan holda, chuqur qatlamlarni oʻrganish va neft va gazga istiqbolli boʻlgan yangi konlarni topishga katta turtki boʻladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning murojaatnomada taʼkidlab oʻtgan fikrlari “Oʻzbekneftgaz” AJ jamoasi zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklaydi va dasturlar yana bir bor qayta koʻrib chiqiladi.
Mehriddin Abdullayev,
“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi