Tarixiy ma'lumotlarga ko'ra, bayroqlar eramizdan avvalgi III-II ming yillikda paydo bo'lib, dastlab qabilalarni bir-biridan farqlab ko'rsatuvchi belgi sifatida qo'llanilgan. Keyinchalik ular hukmdorlar, lashkarboshilarning hukmronligini bildiradigan ramzga aylangan. Zamonlar o'tishi bilan ular mamlakat tarixini, maqsad va e'tiqodlarini ham aks ettiruvchi muqaddas ramz sifatida e'zoz topgan.
Tariximizda To'maris, Spitamen, Muqanna, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik kabi vatanparlar yurt ozodligi uchun kurashda muqaddas yurt bayrog'i ostida jipslashgan. Buyuk sohibqiron Amir Temur o'z hayoti davomida g'oliblik bayrog'ini yuksak ko'tardi. Bu bayroq ostida buyuk el birlashdi va u barpo etgan ulug' saltanat dovrug'i dunyoda doston bo'ldi. Bu davr davlatchiligimiz tarixiga zarhal harflar bilan muhrlandi. Temur saltanatida bayroq tom ma'noda mamlakat ramzi, ulug'vorlik timsoliga aylandi. O'sha davrda jangchilarga jangovar ruh bag'ishlash, ularning kayfiyatini ko'tarish, irodasini chiniqtirish maqsadida jang maydonlari uzra bayroq hamisha balandlikda hilpirab turgan. SHu tariqa, Temur saltanatida bayroq davlatning mustahkam va qudratli ekanligini ifoda etgan.
Amir Temur davlatida davlat bayrog'i adolat, buyuk kuch-qudrat ramzi sifatida e'zozlangan. Jangu jadallarda yuksak mardlik va jasorat belgisi sifatida eng kuchli, jasur, botir va bahodirlarga hadya qilingan. Sohibqiron davlatida davlat tug'i adolat, buyuk kuch-qudrat ramzi hisoblangan. Bu saltanatda bayroq yuksak mardlik va jasorat belgisi sifatida eng jasur jangchilar tomonidan qo'riqlandi. Amir Temur zamonida bayroqni past tutish yoki sarbozning qo'lidan tushib ketishi xosiyatsiz sanalgan. Bunga Amir Temur alohida e'tibor qaratgan. Bayroqning pasaytirilishi mag'lubiyat va ortga chekinish ishorasi bo'lgan. “Temur tuzuklari”da qayd etilishicha, dushman ustidan jasorat va mardlik ko'rsatib, g'alaba qozongan martabali amirlar va sipohiylarga davlat timsollari – tug' va nog'ora tuhfa etilgan.
Milliy bayrog'imizning davlat idoralari, o'quv yurtlari, O'zbekiston a'zo bo'lgan xalqaro tashkilotlar, xorijdagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz binosida hilpirab turishi, turli bayram va tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning sha'ni, xalqimizning g'ururini namoyon etishi ko'ngilda faxr va iftixor uyg'otadi.
Jahon maydonlarida yurtdoshlarimiz ulkan g'alabalarga erishib bayrog'imizni ko'klarga ko'targanda, davlat gerbini o'pib, peshonamizga to'tiyo etganimizda, davlatimiz madhiyasi yangraganda beixtiyor qalblarimiz junbushga kelib, ko'zlarimizda sevinch yoshlari qalqiydi. Albatta, jasur Vatan o'g'lonlari yuksak g'alabalar nashidasini nishonlashda davlat ramzlariga faxr bilan qo'llarini ko'ksiga qo'yib ta'zim qiladilar. Biz uchun bayroq ozodlik timsoli, milliy iftixor ramzidir.
SHuningdek, davlatimiz bayrog'ini Vatan suratlariga qiyoslasak bo'ladi. O'zbekistonning quyoshli o'lka, buyuk tarix, ma'naviyat va madaniyat yaratgan zamin ekanligi ushbu timsol ranglarida aks etgan.
Bugun Yangi O'zbekiston dunyo sahnida kuchli salohiyat, munosib obro'-e'tiborga ega bo'lgan, har tomonlama obod va farovon mamlakat sifatida jadal odimlamoqda. Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, “Mamlakatimizda olib borilayotgan jadal va keng ko'lamli islohotlar yurtimizda yangi davrni – yangi O'zbekiston davrini boshlab berdi”. Zero, ayni paytda Prezidentimiz SHavkat Mirziyoev rahbarligida mamlakatimizdagi jadal sur'atlar bilan olib borilayotgan yangilanish va islohotlar dunyo hamjamiyatida O'zbekistonga bo'lgan qiziqishni yanada oshirib, uning xalqaro maydondagi nufuzini tobora mustahkamlashga zamin yaratmoqda.
Bugun Yangi O'zbekistonni porlayotgan quyoshga qiyoslasak, undan taralayotgan ilmu ziyo nuri ko'hna zaminga merosdir. Davlatimiz bayrog'i xalqimizning irodasini toblab, elni ezgulik, ulug' va buyuk maqsadlar sari birlashtirib xalqimizga ruhiy quvvat beradi.
Aslida Vatan bayrog'ini ko'zga surtish, uni to'tiyo qilish, ona yurt uchun jonni fido qilish har birimizning muqaddas burchimizdir. Zero, mardlik va buyuklik martabasini o'zida aks etuvchi bayrog'imizga nigoh tashlar ekanmiz, beixtiyor u har bir vatandoshimiz qalbini g'ururga to'ldiradi. SHu bois, davlat ramzi sifatida bayroq buyuk kelajak va yorug' istiqbolni mujda qilayotgandek zalvorli hilpiraydi.
Bayrog'imizda yuksak g'urur va ulug'vorlik timsoli aks etgan bo'lib, u vatanni chin dildan sevishga, o'z xalqini ardoqlashga da'vat etadi. Shuni alohida iftixor bilan aytishimiz mumkin, jonajon O'zbekistonimiz bayrog'i dunyodagi eng chiroyli va ko'rkam bayroqlardan biridir.
Xorijda bo'lganimizda hilpirab turgan bayrog'imizga cheksiz g'urur bilan nigoh tashlar ekanmiz, yuragimizda cheksiz mehr uyg'onib, ruhiyatimiz ko'tariladi. Bayrog'imiz timsolida dunyoning har qaysi nuqtasida ham O'zbekiston degan himoyachimiz, suyanchig'imiz borligini his etamiz.
Ayniqsa, mamlakatimizda “O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i to'g'risida”gi Qonuni qabul qilingan nafaqat mamlakatimizda, shuningdek, xorijiy mamlakatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz tomonidan ham keng nishonlanib kelinmoqda.
Davlat ramzlarimizga bo'lgan hurmat va e'tibor kuchayayotgani, ularning huquqiy asosini, ma'naviy ildizlarini keng jamoatchilikka targ'ibotini etkazish tom ma'noda bugungi kun talabiga aylanmoqda.
Agar tarixga nazar tashlasak, bayroq – insoniyat tarixini o'zida aks ettiradigan beqiyos timsoldir. Chunonchi, dastlabki bayroqlar olis o'tmish qa'rida, eramizdan avvalgi III-II ming yillikda paydo bo'lib, ular dastlab qabilalarni bir-biridan farqlab ko'rsatuvchi belgi sifatida qo'llanilgan. Keyinchalik ular hukmdorlar, lashkarboshilarning hukmronligini bildiradigan ramzga aylangan.
Hozirgi vaqtda esa bayroqlar davlat mustaqilligining asosiy ramzi sanalib, unda mamlakatning milliy mentaliteti va tarixi aks etadi. Mustaqil O'zbekiston bayrog'i sarhadimizda qadimdan mavjud bo'lgan davlatlar bilan tarixan bog'liqlikni hamda respublikamizning milliy-madaniy an'analarini o'zida mujassamlashtirgan. Bayrog'imizda yaxshilik, shon-shuhrat, sadoqat, poklik, xalqning tarixi va navqironligi aks etgan.
Hozirgi tinch va osoyishta davrda davlatimiz bayrog'i mustaqillik va milliylikni o'zida aks ettirib vatanimiz hududlarida viqor bilan hilpirab turishi har birimizga quvonch hamda faxr baxshida etadi. Albatta, mana shunday shirin lahzalar har bir Vatandoshimizda yurtga bo'lgan cheksiz mehr va sadoqatning yorqin namunasini namoyon etadi. Zero, davlat ramzlari ona Vatan kabi aziz va muqaddas bo'lib unda xalq tarixi, buguni va kelajagi o'z aksini mujassam etadi. Xulosa qilib aytganda, davlatimiz bayrog'i xalqimiz or-nomusini uyg'otuvchi beqiyos kuch sifatida ozodlik, vatanni sevishga da'vat etib, milliy g'urur, fidoyilik va vatanparvarlikni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. . Ana shunday muqaddas ramzlardan biri davlatimiz bayrog'i shonli tariximiz, e'tiqodimiz va an'analarimizni aks ettirgan timsol sifatida qadrlidir.
Mansur Musaev,
Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi huzuridagi
Ijtimoiy-ma'naviy tadqiqotlar instituti bo'lim boshlig'i,
siyosiy fanlari bo'yicha falsafa doktori.