Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining tarbiyaviy boʻlim va “Tillarni oʻrganish” kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etildi. Kafedra professori, isteʼfodagi podpolkovnik Toʻlqin Saydaliyev kechani ochar ekan, yozuvchining nafaqat oʻzbek adabiyoti, balki jahon adabiyoti taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshganligini, kamtarin adib oddiy ishchidan Oliy majlis Qonunchilik palatasining deputatligiga qadar yoʻlni bosib oʻtganini, shunchaki bir qiziqish bilan boshlangan ijod keyinchalik umrining mazmuniga aylanganini alohida taʼkidladi.

Tadbirga tashrif buyurgan adibning rafiqasi Oʻlmasxon aya soʻzga chiqib “Dunyoning ishlari” asaridagi Ona obrazi real voqea-hodisalar asosida yaralganligi haqida batafsil soʻzlab berdi. Ijodkorning serqirra ijodi xaqida oʻzgacha zavq-shavq bilan hikoya qildi. Adibning oʻgʻli Farrux Hoshimov otasi haqida gapirar ekan, yozuvchi har bir asar ustida nihoyatda sinchkovlik bilan ishlaganini, xar-bir detaliga alohida urgʻi berib ijod qilganini aytib oʻtdi.

Uchrashuvda soʻzga chiqqan kafedra professori Oqiljon Latipov “Ikki eshik orasi” asarini Tohir Malikning “Ajab dunyo” asari bilan qiyoslab tahlil qildi. Ikkala asarda ham urush davri voqea-xodisalari yoritilgani, oʻzbek xalqining tantiligi, bagʻrikengligi, mehmondoʻstligi va bolajonligi hayotiy va haqqoniy ochib berilganini eʼtirof etdi.

Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari ham adibning asarlari haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Tadbir davomida mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari badiiy havaskorlik toʻgaragining chiqishlari bilan davraga oʻzgacha fayz bagʻishladi.

Elmirza ERKAYEV,

Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti.

Ulugʻbek AKROMOV,

universitet katta oʻqituvchisi.