Biz globallashuv har tomonlama avj olayotgan, shiddatli oʻzgarishlar sodir boʻlayotgan murakkab zamonda yashamoqdamiz. Bugun insoniyat koʻplab umumbashariy muammolarga duch kelmoqda. Ulardan biri, shubhasiz, global isish, qurgʻoqchilik va choʻllanishdir.
Ayniqsa, 2019-2021-yillarda vaziyat sezilarli darajada oʻzgardi. Jumladan, yurtimizda ham ekologik tahdidning salbiy taʼsiri ortib bormoqda. Prezidentimiz raisligida shu yilning 2-fevral kuni chiqindilar bilan ishlash tizimi va ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu masalalarga toʻxtalib oʻtilgani bejiz emas.
Havo harorati Selsiy boʻyicha atigi 1 daraja yuqori koʻtarilsa ham insoniyat uchun jiddiy xavf-xatar paydo boʻladi. Kuchli jaziramadan nafaqat insonlar, balki oʻsimlik va hayvonot olami ham aziyat chekadi. Tinch okeani shimoli-gʻarbida millionlab dengiz jonzotlarining qirilib ketgani va oʻsimliklar qovjiraganiga jazirama issiq sabab ekani kuzatilgan. Kuchli jazirama va qurgʻoqchilik oʻrmon yongʻinlarini yuzaga keltiradi.
Ekspertlarning maʼlum qilishicha, harorat Selsiy boʻyicha bor-yoʻgʻi 1 daraja koʻtarilsa, atmosfera 7 foizdan koʻproq namlikni ushlab qola oladi. Atmosferada toʻplanadigan ulkan suv zaxirasi esa ob-havo yaxshi boʻlmagan pallada dunyoning turli qismida suv toshqinlariga sabab boʻlish uchun yetarli. Dovul paytida shamol tezligi soatiga 240 kilometrga yetgan. Mutaxassislarning bildirishicha, global isish sharoitida bizni aynan shunday dovullar kutmoqda.
Olimlarning aytishicha, qurgʻoqchilik natijasida havo isib borgani sayin daryo va koʻllar quriydi, tuproqdagi namlik ham bugʻlanadi. Bu esa, oʻz navbatida, suvning yanada koʻproq isishiga olib keladi. Agar harorat ortishi davom etsa, tez orada koʻplab mintaqalar ana shunday qurgʻoqchilikni boshdan kechirishiga toʻgʻri keladi. Biroq Afrika va Yaqin Sharq kabi tabiatan quruq boʻlgan mintaqalar koʻproq aziyat chekadi.
Oʻzbekiston iqlimi keskin va tez quruqlashib bormoqda. Kuzda yomgʻir, qishda esa qor yogʻishi sezilarli darajada kamaydi. Yoz oylarida anomal issiq kuzatilmoqda. Yil davomida yurtimiz hududiga kirib keladigan sovuq havo oqimi ikki barobargacha qisqardi. Bularning barchasi global iqlim oʻzgarishlari bilan bogʻliq.
Oʻrganishlar oxirgi 10 yilda mamlakatimiz iqlimida keskin oʻzgarishlar kuzatilayotganini koʻrsatmoqda. Yurtimizda avvalgi yillar davomida oʻrta hisobda 80 kun sovuq havo oqimi kirib kelgan boʻlsa, hozir bu koʻrsatkich ikki barobar, oʻrtacha hisobda 3540 kunga kamaydi va bunday kamayish yanada tezlashmoqda.
Videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari “Dunyo miqyosida sanoat yuqori darajada rivoj langan XXI asrda ekologiya bilan bogʻliq muammolar birinchi darajali muammo sifatida kun tartibiga chiqmoqda. Avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashi kerak. Buning uchun biz tabiatga eʼtibor berishimiz, faqat bugunni emas, yaqin va uzoq kelajakni oʻylab ish tutishimiz zarur”, deganda mana shu omillarni ham nazarda tutgani, shubhasiz.
Chunki yoz oylarida havoni biroz moʻtadillashtiradigan sovuq oqim oxirgi yillar yurtimizga umuman kirib kelmayapti. Bu havo va tuproqda suv tanqisligini kuchaytirib, dunyoda boʻlayotgan iqlim oʻzgarishining mintaqamizga jiddiy taʼsir qilayotganini anglatadi. Aksiga olib, qish oylari ham qor kam yogʻyapti, yozda esa baʼzan anomal jazirama kuzatilmoqda. Avvallari kuz oylarida yogʻingarchilik koʻp kuzatilardi. Oʻzbekistonning choʻl va yaylov hududlarida ham yaxshigina yomgʻir yogʻib, namlik yuqori boʻlgan va chang koʻtarilishiga toʻsqinlik qilgan. Biroq ayni davrdagi holat keskinlashayotgani soha mutaxassislarini tashvishga solmoqda.
Oxirgi hisobotlarga koʻra, mamlakatimiz hududining 70 foizi choʻllangan. Chunki bu hudud juda quruq va unda suv resurslari yetarli emas. Choʻllanishga olib keladigan omillardan biri — qishloq xoʻjaligining oqilona tashkil qilinmaganidir. Ikkinchidan, chorva mollarining notoʻgʻri oʻtlatilishi ham bunga sabab boʻladi. Chorva mollarini oʻtlatish jarayonida hayvonlar oʻsimliklarni ildizi bilan yeb yuboradi. Bu esa degradatsiya jarayonini yanada tezlashtiradi.
Prezidentimiz raisligida oʻtgan yili 2-noyabr kuni aholini uyjoy bilan taʼminlash hamda yashil maydonlarni kengaytirish choratadbirlari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasi eʼlon qilindi. Unda yiliga 200 million tup daraxt va buta koʻchati ekilishi, shaharlardagi yashil maydonlar hozirgi 8 foizdan 30 foizgacha oshirilishi belgilandi.
Oʻshanda davlatimiz rahbari kuyunchaklik bilan “Shuncha yillarda “qogʻozda” ekilgan daraxtlarni hisoblasa, Oʻzbekistonda boʻsh joy qolmasligi kerak edi. Tizim, qarov boʻlmagani uchun ekilganining ham koʻpi qurib ketdi. Bugungi va kelgusidagi ekologik vaziyatni inobatga olib, daraxt ekishni davlat siyosati darajasiga koʻtaryapmiz. Shuning uchun bu umummilliy loyihani puxta tayyorgarlik bilan, puli, egasi, sugʻorish tizimi bilan amalga oshirish kerak”, dedi. Yigʻilishda 10-dekabrga qadar daraxt ekish boʻyicha “dolzarb 40 kunlik” eʼlon qilindi.
“Yashil makon” loyihasi butun mamlakat boʻylab umummilliy harakatga aylandi. Jinsi, irqi, millati, kasbidan qatʼi nazar, har bir kishi unga jalb qilindi. Hozir barcha xalqaro anjumanlarda ham yashil maydonlarni kengaytirish va barpo qilish targʻib qilinmoqda. Bu borada davlat miqyosida salmoqli ishlar boshlab yuborilgan.
Maʼlumotlarga qaraganda, keyingi yillarda Buxoro viloyatining har gektar maydoniga faqat atmosfera orqali bir yilda oʻrtacha 400500 kilogramm chang va tuz aralashmasi yogʻiladi. Shuning 40-50 foizi Orol boʻyidan kirib kelmoqda. Viloyat hududida tabiiy namlik yetarli emas. Atmosfera yogʻinining yillik miqdori 90150 millimetrni tashkil qiladi. Yer sathidan bugʻlanish esa 2000 millimetrgacha yetadi. Bu jihatdan Buxoro viloyati oʻta qurgʻoqchil zonaga mansub. Orol dengizi suvining chekinishi natijasida keyingi 10 yilda viloyatda shamolning doimiyligi yoz mavsumidagi garmsel bilan birgalikda 40 foiz oshgani qayd etilgan. Keyingi bir-ikki yil ichida faqat yoz oylari emas, balki toʻrt fasl davomida ham shamol, baʼzan chang-qumli boʻron kuzatilmoqda.
Viloyat hududiga kuchli chang-qum boʻroni va shamol tufayli kirib kelayotgan garmsel, chang va tuzning salbiy taʼsirini kamaytirish uchun Olot va Qorakoʻl tumanlarida oʻtgan yilning fevrali koʻchat ekish oyligi deb eʼlon qilingan edi. Bu hududlardagi mahalla, bogʻcha, maktablar atrofi va hovlilarga 100 mingdan ortiq har xil daraxt koʻchati ekildi va ularni parvarishlash boʻyicha monitoring yoʻlga qoʻyildi. Hozirgi paytda navbatdagi koʻchat ekish oyligini yuqori saviyada va keng koʻlamda oʻtkazish uchun tuzilgan ilmiy dastur va reja asosida tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
“Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish barchamizdan alohida eʼtibor va masʼ uliyat talab qiladi. Bu borada mutaxassislarning oʻrinli tavsiya va takliflaridan foydalanish ham zarar qilmaydi. Jumladan, suvni nisbatan koʻp hududlardan tanqis mintaqalarga yetkazish, yogʻingarchilik moʻl boʻlgan yillari zaxirada suv gʻamlab, qurgʻoqchil yillarda sarf qilish, chiqindi suvlarni qishloq xoʻjaligida foydalanish uchun qayta tozalashni ilmiy asoslash, choʻl hududida daraxtlarni koʻpaytirish, suv tanqisligiga chidamli va moslashgan oʻsimliklarni ilmiy asoslash orqali tuproq va iqlim sharoitlariga moslashtirish zarur.
Choʻl-adirda oʻsayotgan oʻsimlik dunyosiga juda eʼtiborli boʻlish darkor. Chunki sahroda oʻsimlik oʻsishi uchun sharoit juda qiyin. Biz esa aksiga olib, bunday hududlarda chorva mollarini boqamiz. Demak, bu masalaga ham alohida eʼtibor qaratish, chorva mollarini tizimli ravishda oʻtlatishni rejalashtirish zarur. Aytaylik, 1 gektar yerda 13 kun davomida chorva oʻtlatilib, keyin boshqa joyga koʻchirilishi kerak. Bundan maqsad — chorva oʻsimlik ildizini yeb qoʻymasligi yoki ildizlarini tuyoqlari bilan ezib yubormasligi kerak.
Choʻl hududida oʻsgan buta, daraxtlarning aholi tomonidan ayovsiz kesilishini allaqachon toʻxtatish payti keldi. Kuzgiqishki mavsumga tayyorgarlik vaqtida daraxtlarni kesish, choʻllarda oʻsimlikni qirqish illatini taomildan butkul chiqarish lozim. Ilmiy jihatdan insonning tabiatga munosabatini yaxshilash zarurati mavjud. Oldimizda ekologik bilim va tushuncha, ekologik madaniyatni, insonlarning tabiatga mehrini oshirish vazifasi turibdi. Davlatimiz rahbari shu yil 2-fevralda oʻtkazilgan yigʻilishda bu masalaga ham alohida toʻxtalib, jumladan, bunday dedi: “Eng muhim masala — aholining ekologik madaniyatini oshirish. Bugun koʻchaga yoki istalgan joyga qarang. Hamma joyda odamlar tashlab ketgan chiqindilarni koʻrasiz. Biz ona yurtimizni muqaddas deymiz. Nima uchun uni toza-ozoda saqlamaymiz? Axir, muqaddas kitoblarimizda ham “Poklik iymondandur” deyilgan. Nega bu masalada ommaviy axborot vositalari, mahalla faollari bong urmayapti? Qani nuroniylarimiz, jamoatchiligimiz? Albatta, bunday muammolarni faqat maʼmuriy yoʻl bilan hal etib boʻlmaydi. Bunga yosh avlod qalbida ona tabiatga daxldorlik hissini tarbiyalash orqali erishish mumkin. Mahallada, koʻchalarda chiqindi tashlagan kishini koʻrganda, “bu ishingiz notoʻgʻri boʻldi”, deydigan muhitni shakllantirishimiz, odamlarni bunga oʻrgatishimiz kerak. Bu — hammamizning ishimiz va insoniy burchimizdir”.
Yangi Oʻzbekiston hududini yashil makonga aylantirish, tuprogʻi, iqlimi, suvi va havosini muhofaza qilish va asrash barchamizning birinchi navbatdagi vazifamiz boʻlmogʻi zarur. Binobarin, Amir Temur bobomizning, “Qayerdan bitta gʻisht olsam, oʻnta gʻisht qoʻydirdim, qayerda bitta daraxt kestirsam, oʻnta daraxt ektirdim”, degan hikmatli soʻzlari barchamizga dasturulamal boʻlishi kerak.