Yoshlikning zangor bogʻlarida oʻz tuygʻulari rangini chizish istagida qalam tebratayotgan yurtdoshlarimizdan biri Shahzoda Ashrapovadir. U Samarqand viloyati Urgut tumanidagi 149-maktabda oʻqiydi. Tashabbuskor va fidoyi qiz koʻplab tashabbuslari bilan ustozlari va tengdoshlarining mehrini qozongan.
Shu kungacha yosh ijodkorning “Bobom yaratgan bogʻ”, “Bagʻrikeng dunyo”, “Faxrimsan, vatanim”, “Onamga aytgalarrim” deb nomlangan sheʼriy mashqlari jamlangan toʻplamlari chop etilgan.
“Men xalq ogʻzaki ijodi namunalari bilan tanishishni juda yaxshi koʻraman. Asrlar davomida sayqal topib kelgan bu durdonalarimizda xalqimizning Ona Vatanga boʻlgan cheksiz muhabbati, donishmandligi va goʻzal nolalalari yashiringan”, deydi Shahzoda.
Vatansizdan soʻrab bilgil vatan qadrin,
Gul-giyohdan soʻrab bilgil chaman qadrin.
Dardli kishi yaxshi bilan tikan zahrin,
Qiyinchilik doim sinar inson sabrin,
Aziz inson, baxting topgil shu maskanda,
Oʻzbekiston deb atalgan hur Vatanda.
Yosh ijodkorning bu kabi misralarida uning begʻubor va ezgu niyatlarga toʻla qalbi bor tuygʻulari, silsilalari bilan namoyon boʻladi. Shahzoda Ashrapova kelgusida oʻz intilishlari va izlanishlari bilan ulugʻ ustozlarning va sheʼriyat muxlislarining eʼtibori va eʼtirofiga sazovor boʻladi, degan umiddamiz.
Dilnoza Rustamova,
jurnalist









