Tizimdagi oʻzgarishlar koʻlami
2017-yil 4-aprelda Prezidentimizning “2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yana-da rivojlantirish va aholiga onkologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish choratadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori imzolandi. Ushbu qaror yurtimiz onkologiya tizimini butunlay yangi pogʻonaga olib chiqdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Qaror ijrosi samarasi oʻlaroq, yurtimizda aholiga ixtisoslashgan onkologik yordam koʻrsatuvchi yagona tizim yaratildi. Onkologiya ilmiy markazi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga oʻzgartirildi va 15 ta hududiy onkologiya dispanseri markazning filiallariga aylantirildi. Markazda 10 ta davolash korpusi boʻlib, 370 oʻringa ega. Bu yerda yiliga 9 mingdan ortiq bemorga statsionar, 43 ming nafariga ambulator xizmat koʻrsatiladi.
Tizimning birlamchi boʻgʻinida, har bir tuman va shahar tibbiyot birlashmasida onkologik kabinetlar tashkil etilib, mutaxassislar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Shu tarzda onkologiya yagona tizim sifatida tuman darajasigacha kirib borishiga erishildi.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tarkibida Saraton profilaktikasi, Eksperimental onkologiya, Nur terapiya uskunalar metrologiya markazlari tashkil etildi. Onkologiyada diagnostika va davolash standartlari ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi. Buning natijasida endi yurtimizdagi barcha onkologiya muassasalarida tibbiy diagnostika va yordam yagona zamonaviy standartlar asosida bajariladi.
Bemorlarni davolash dori-darmonsiz boʻlmaydi. Lekin ularni topish va sotib olish har qanday bemorga, uning yaqinlariga qiyinchilik tugʻdiradi. Shu sabab, davlat tomonidan bu masalaga ham alohida eʼtibor qaratilyapti. Taqqoslash uchun misol: onkologiya xizmati uchun dori-darmon va sarflov vositalariga 2016-yilda 8 milliard soʻm ajratilgan boʻlsa, 2021-yilda bu koʻrsatkich qariyb 62 milliard soʻmga yetdi. 2022-yildan esa 125 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi, yaʼni mablagʻ hajmi qariyb ikki barobar oshiriladi.
Onkologiya sohasidagi islohotlarning davomi sifatida davlatimiz rahbari joriy yil 27-mayda “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini koʻrsatish tizimini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.
Ushbu hujjatda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uchun Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasi hududida zamonaviy yangi bino-inshootlar kompleksini qurish va jihozlash ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan. Buning uchun Koreya Respublikasining eng zamonaviy onkologiya klinikalari faoliyati oʻrganib kelindi. Ayni paytda Toshkent viloyati, Toshkent shahridagi filiallarni jamlagan holda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan 650 oʻrinli yangi binosini qurish ishlari jadal surʼatlarda davom ettirilmoqda.
Onkologiya tizimidagi kadrlar salohiyatini mustahkamlashga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, yosh mutaxassislarning xorijdagi yetakchi markazlarda davlat mablagʻi hisobidan malaka oshirishi, soha xodimlarining ish haqi sogʻligʻiga yetkaziladigan zararni hisobga olgan holda qayta koʻrib chiqilishi, tuman onkolog shifokorini Respublika onkologiya markazi viloyat filiali rahbarining tavsiyasi asosida lavozimga tayinlash va ozod etish tizimi joriy etilishi soha rivojiga ijobiy turtki boʻlishi, shubhasiz.
Gematologik, onkologik va irsiy immunologik kasalliklarga chalingan fuqarolarga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar boʻyicha axborot tizimi joriy etiladi. Foydalaniladigan dorilar roʻyxati, ularning samaradorligini hisobga olgan holda, har yili yangilab boriladi. Ogʻir va davolab boʻlmaydigan bosqichdagi bemorlar uchun ogʻriq qoldiruvchi narkotik noinyeksion vositalar belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Aholi orasida ushbu kasalliklarga qarshi kurashish maqsadida xorijiy grantlar, texnik va boshqa tashqi begʻaraz koʻmak mablagʻlarni jalb etishni kuchaytirish, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida gematologik va onkologik kasalliklarni erta aniqlash dasturini, palliativ yordam koʻrsatish standartlari va klinik protokollarini qayta ishlab chiqish va tasdiqlash ustuvor vazifalarimizdan biridir.
Endi aholiga onkologiya yordamini takomillashtirish va onkologiya xizmatini yana-da rivojlantirish bilan bogʻliq xarajatlar uchun davlat byudjetidan 2021-yilda qoʻshimcha 60 milliard soʻm, Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini Chilonzor tumanidagi yangi binoga koʻchirish, 2022-yil 1-yanvardan boshlab bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi Respublika gematologiya markazi tarkibidan chiqarilib, mustaqil faoliyat yuritishini taʼminlash, 2021–2022-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar bolalar koʻptarmoqli tibbiyot markazlarining bolalar gematologiyasi boʻlimlari negizida bolalar gematologiyasi va onkologiyasi boʻlimlarini tashkil etish ham muhim vazifalardan hisoblanadi.
Albatta, bularning bari onkologiya sohasida juda katta oʻzgarishlarga olib keladi. Jumladan, Respublika onkologiya markazi yangi zamonaviy binoga koʻchirilib, Toshkent shahri va Toshkent viloyat filiallari birlashtiriladi. Shu tariqa Markaziy Osiyoda yetakchi ilmiy-amaliy markaz yaratiladi va unda ham ilmiy, ham amaliy sohalar, taʼlim tizimi, tibbiyotning boshqa sohalari bilan integratsiyalashgan yirik majmua ish boshlaydi. Bu markaz dunyodagi yetakchi klinikalarga raqobatbardosh muassasa boʻlib, faqatgina aholiga koʻrsatiladigan ixtisoslashgan onkologik yordam sifati yaxshilanibgina qolmay, tibbiy turizm rivojlanishi natijasida qoʻshni davlatlardan davo istab keluvchilar soni ham ortishi kutilmoqda. Onkologik bemorlar yagona axborot bazasi yaratiladi, statistik koʻrsatkichlar haqqoniyligi taʼminlanadi va aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini real baholash mumkin boʻladi.
Bundan tashqari, qaror ijrosi natijasida onkologik kasalliklarni birinchi-ikkinchi bosqichlarda erta aniqlash koʻrsatkichlari yaxshilanmoqda. Operatsiyadan keyingi oʻlim holatlari kamayadi. Yuqori texnologik tekshirishlar qoʻllanishi, davolash endovizual jarrohlik yuqori texnologiyalari va radioterapevtik davolash usullarini joriy etish esa 95 foizga yetkaziladi.
Viloyatlarda ham xizmat imkoniyati kengaymoqda
Hududlararo xospislar onkologik va yuqumli boʻlmagan boshqa kasalliklarning oʻtkazib yuborilgan bosqichini boshidan kechirayotgan bemorlarni statsionar hamda ambulatoriya sharoitida, shuningdek, uyda tibbiy davolash imkoniyati boʻlmaganda, ularga tibbiy-psixologik yordam koʻrsatadigan mustaqil tibbiyot muassasalari sifatida tashkil etiladi.
Hozirda zamonaviy tibbiyot ancha rivojlangan boʻlsa-da, davolash imkoni boʻlmagan kasalliklar ham bor. Lekin har qanday vaziyatda ham shifokor bemorga qandaydir yordam koʻrsatadi. Bu palliativ yordam deyiladi. Yaʼni, ogʻriq xurujlarini qoldiradi, psixologik yordam koʻrsatadi, bemor ahvolini biroz boʻlsa ham yaxshilashga harakat qiladi va hokazo.
Kechki bosqichlardagi bemorlarga yordam koʻrsatish uchun filiallarda 200 oʻrinli palliativ oʻrinlar tashkil etildi. Ogʻir, kechki bosqichdagi bemorlar uchun Xorazm viloyatida 50 oʻrinli xospis ochildi, Samarqand va Fargʻona viloyatlarida ochilish arafasida. Toshkent shahridagi xospis respublikadagi hududlararo xospislarga yordam koʻrsatuvchi uslubiy markaz etib belgilandi.
Avval yurtimizda bor-yoʻgʻi 5 ta nur terapiya uskunasi mavjud boʻlib, bemorlarning navbat kutishi eng katta muammolardan biri edi. Qaror doirasida nur terapiya oʻtkazish uchun 2 ta chiziqli tezlatkich, 11 ta gamma terapevtik va 7 ta braxiterapevtik uskuna sotib olindi va ishga tushirildi. Buning natijasida bemorlarga kompleks va kombinirlangan muolaja oʻz vaqtida koʻrsatilib, nur terapiyasini viloyatlarda olish imkoniyati yaratildi.
Toshkent shahri, Fargʻona va Samarqand viloyatlarida ilk bor 3 ta zamonaviy immunnogistoximiya laboratoriyasi tashkil qilindi. Endi bemorlar chet el klinikalariga bormasdan, yurtimizda sifatli muolaja olishi mumkin.
Onkologik kasalliklarni erta aniqlash maqsadida koʻkrak bezi va bachadon boʻyni saratoni boʻyicha skrining tekshiruvlar oʻtkazilmoqda. Buning uchun birgina Buxoro viloyatida 15 ta mammografik uskuna oʻrnatildi va ishga tushirildi. Boshqa hududiy filiallarga ham shunday uskunalar oʻrnatilib, joriy yilning birinchi yarmida yurtimiz boʻyicha 207 ming 402 nafar ayol skriningdan oʻtkazildi.
Andijon, Xorazm, Samarqand filiallarida va Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga zamonaviy laparoskopik uskunalar olinishi natijasida kaminvaziv laparoskopik jarrohlik amaliyotini bajarish keng yoʻlga qoʻyilmoqda.
Onkologiya muassasalarini rekonstruksiya qilish va taʼmirlash, qoʻshimcha oʻrinlar yaratish, yangi binolar qurish, ularni uskunalar, onkomarkerlar, reaktivlar bilan taʼminlash boʻyicha ham ish olib borilmoqda. Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida tibbiyot xodimlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha xorijiy davlatlar institutlari filiallarini tashkil etish, Samarqand viloyati filialiga ajratilgan 3-tugʻuruq kompleksi binosini taʼmirlash hududlarda xizmat rivojiga katta turtki boʻladi.
Bolalar onkologiyasi va gematologiyasi boʻlimlari birlashtirilib, yangi zamonaviy binoga koʻchirilishi natijasida, istiqbolda bu soha alohida faoliyat yurita boshlaydi. Ularni moliyalashtirish, kadrlar bilan taʼminlash, moddiy taʼminot masalalari, diagnostika va davolash standartlari qayta ishlab chiqiladi. Albatta, yangi soha boʻlmish bolalar onkologiyasi va gematologiyasi tizimi istiqbolda juda jadal rivojlanish yoʻlini tutishi, onkologik bemor bolalarga koʻrsatiladigan davo sifati esa yana-da yaxshilanadi.
Malaka oshirish va xorijiy aloqalar
Oʻzaro hamkorlikni yaxshilash borasida 18 ta yetakchi xorijiy davlat klinikalari va markazlari bilan kelishuv memorandumlari imzolandi. Kadrlar salohiyatini oshirish borasida shu davr ichida 150 dan ortiq yosh mutaxassis Janubiy Koreya, Turkiya, Fransiya, Portugaliya, Rossiya, Belarus kabi davlatlarda malaka oshirib qaytdi. Soʻnggi uch yilda tizimdagi 150 nafar mutaxassis nufuzli xorijiy klinikalarda davlat hisobidan malaka oshirgan.
Chet el klinikalari bilan aloqa yaxshilanishi, moddiy-texnik baza mustahkamlanishi natijasida tekshirish va davolash standartlari zamon andozalariga mos ravishda doimiy yangilanib boradi va barcha onkologiya muassasalarida yagona standartlar boʻyicha ish olib borishiga erishiladi.
Muxtasar aytganda, onkologiya sohasiga hukumatimiz tomonidan qaratilayotgan yuksak eʼtibor bizni behad quvontirishi, gʻayratimizga gʻayrat qoʻshishi barobarida, ushbu vazifalarni bajarish yoʻlida juda katta fidoyilik, mehnat va jonbozlik talab etadi. Malakali onkologik xizmat sifatini tubdan yaxshilab, aholining davlatdan va tibbiyot xodimlaridan roziligiga erishish, yurtimiz tibbiyotini dunyo tibbiyotining eng yuqori sathiga olib chiqish ustuvor vazifamizdir.