2025-yilda elektron tijorat global chakana savdoning 21 foizini tashkil qilgan boʻlsa, 2027-yilga kelib, bu koʻrsatkich 22,6 foizga yetishi kutilmoqda.
Mamlakatimizda
onlayn tijorat bozori 2021-yilda 201 million AQSH dollarini tashkil etgan
boʻlsa, 2023-yilda bu koʻrsatkich 543 million dollarga yetdi. 2024-yil holatiga
koʻra, Oʻzbekistonda 50 dan ortiq elektron tijorat subyekti roʻyxatdan oʻtgan.
Ularning umumiy yillik aylanmasi 300 million dollarni tashkil etmoqda.
2027-yilga kelib, ularning aylanmasi 1 milliard dollarga yetishi kutilyapti.
Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan Meta, Google, Apple, Booking.com va Zoom kabi
kompaniyalar oʻtgan yili jami 70 milliard soʻm soliq toʻladi. Bundan tashqari,
elektron tijorat, fintex va bank xizmatlarini birlashtirgan milliy raqamli
ekotizim boʻlgan “Uzum” 2024-yilda qariyb 1,2 trillion soʻm soliq toʻlagan. Bu
2023-yildagiga nisbatan 28 foiz koʻp. “Uzum” toʻlagan soliq mamlakat byudjeti
daromadining 0,3 foizini tashkil etgan.
Onlayn savdoning
global va mahalliy kengayishi isteʼmolchilarni himoya qilish va ularning onlayn
tranzaksiyalarga ishonchini oshirish nuqtayi nazaridan elektron tijorat
qonunchiligini tahlil etishni talab qiladi. Elektron tranzaksiyalar
isteʼmolchilarga narxni osongina taqqoslash va mahsulotlarni doʻkonlardagiga
qaraganda arzon bahoda sotib olish imkonini beradi. Bu afzalliklar
Oʻzbekistonda elektron tijorat hajmining oshishiga olib keldi. Biroq bu oʻsish
isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish bilan bogʻliq qiyinchiliklarni ham
keltirib chiqarmoqda.
Birinchidan, onlayn
tranzaksiyalarda mahsulotlar va sotuvchilar haqida aniq hamda oʻz vaqtida
maʼlumot olish muhimligiga qaramay, sotuvchilarning maʼlumot berish boʻyicha
shartnomadan oldingi majburiyatlarini toʻliq bajarmagani yoki elektron tijorat
shaxssizligi sababli isteʼmolchilar bunday maʼlumotlarni olishda
qiyinchiliklarga duch kelmoqda. “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish
toʻgʻrisida”gi qonun sotuvchilardan isteʼmolchilarga aniq va toʻliq maʼlumot
berishni talab qilsa-da, isteʼmolchilarning axborot olish huquqiga nisbatan
huquqiy boʻshliqlar mavjud. Xususan, “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish
toʻgʻrisida”gi qonunning 5- va 6-moddalarida ishlab chiqaruvchi (ijrochi,
sotuvchi), savdo va xizmat koʻrsatish qoidalari hamda tovar (ish, xizmat)lar
toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish bilan bogʻliq qoidalar tartibga
solingan. Biroq ushbu maʼlumotlar elektron shartnomalarning xususiyatidan kelib
chiqib takomillashtirilmagan. Masalan, onlayn savdoda sotuvchi bilan bogʻlanish
imkonini beruvchi aloqa maʼlumotlari (telefon raqami, faks raqami va elektron
pochta manzili) muhim boʻlsa-da, qonun sotuvchi (ijrochi) tashkilotining nomi,
joylashgan (yuridik) manzili va ish tartibinigina isteʼmolchilarga maʼlum
qilishi shartligini belgilaydi.
Bundan tashqari,
koʻplab elektron tijorat platformalari qonun talablariga muvofiq ishlamaydi.
Masalan, hozir Oʻzbekistondagi eng yirik elektron platformalarda mahsulot
haqida faqat ayrim maʼlumotlar, masalan, mahsulotning qisqacha tavsifi va narxi
koʻrsatiladi.
Xorijiy tajribani
inobatga olgan holda, mamlakatimiz qonunchiligiga shartnomadan sababsiz voz
kechish davrini kiritish, bu haqda isteʼmolchini xabardor qilishning va
shartnomadan voz kechishning namunaviy shakllarini joriy etish, masofaviy xarid
qilingan qaytarilmaydigan tovarlar roʻyxatini belgilash taklif etiladi.
Elektron tijorat
rivojlanishi isteʼmolchilar uchun yangi imkoniyatlar ochishi bilan birga
ularning huquqlarini himoya qilishga oid yangi huquqiy masalalarni ham yuzaga
keltirmoqda. Tahlillarga koʻra, Oʻzbekiston qonunchiligida isteʼmolchilarga
axborot berish, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish va masofaviy
shartnomalardan voz kechish kabi muhim institutlar yetarli darajada
takomillashmagan. Xususan, onlayn savdoda sotuvchilarning axborot berish
majburiyatlari aniq belgilanmagan. Toʻgʻridan toʻgʻri marketingni tartibga
solish mexanizmlari yetarli emas.
Xorijiy tajriba,
ayniqsa, Yevropa Ittifoqi qonunchiligi tahlili mazkur sohada aniq va kompleks
huquqiy mexanizmlarni joriy etish isteʼmolchilar huquqlarini samarali muhofaza
etishga xizmat qilishini koʻrsatadi. Shu bois, Oʻzbekiston qonunchiligiga
masofaviy shartnomalardan sababsiz voz kechish huquqini kiritish,
isteʼmolchilarga taqdim etiladigan axborot turlarini kengaytirish, shaxsiy
maʼlumotlardan foydalanish, xususan, marketing maqsadida aniq tartibga solish
maqsadga muvofiq.
Umuman, elektron
tijorat sohasida huquqiy bazani takomillashtirish isteʼmolchilar ishonchini
oshirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va bozor ishtirokchilari
oʻrtasida adolatli raqobat muhitini taʼminlashda juda muhim.
Adiba SAFAROVA,
Qonunchilik va
huquqiy siyosat
instituti bosh ilmiy xodimi