2025-yilda elektron tijorat global chakana savdoning 21 foizini tashkil qilgan boʻlsa, 2027-yilga kelib, bu koʻrsatkich 22,6 foizga yetishi kutilmoqda.

Mamlakatimizda onlayn tijorat bozori 2021-yilda 201 million AQSH dollarini tashkil etgan boʻlsa, 2023-yilda bu koʻrsatkich 543 million dollarga yetdi. 2024-yil holatiga koʻra, Oʻzbekistonda 50 dan ortiq elektron tijorat subyekti roʻyxatdan oʻtgan. Ularning umumiy yillik aylanmasi 300 million dollarni tashkil etmoqda. 2027-yilga kelib, ularning aylanmasi 1 milliard dollarga yetishi kutilyapti. Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan Meta, Google, Apple, Booking.com va Zoom kabi kompaniyalar oʻtgan yili jami 70 milliard soʻm soliq toʻladi. Bundan tashqari, elektron tijorat, fintex va bank xizmatlarini birlashtirgan milliy raqamli ekotizim boʻlgan “Uzum” 2024-yilda qariyb 1,2 trillion soʻm soliq toʻlagan. Bu 2023-yildagiga nisbatan 28 foiz koʻp. “Uzum” toʻlagan soliq mamlakat byudjeti daromadining 0,3 foizini tashkil etgan.

Onlayn savdoning global va mahalliy kengayishi isteʼmolchilarni himoya qilish va ularning onlayn tranzaksiyalarga ishonchini oshirish nuqtayi nazaridan elektron tijorat qonunchiligini tahlil etishni talab qiladi. Elektron tranzaksiyalar isteʼmolchilarga narxni osongina taqqoslash va mahsulotlarni doʻkonlardagiga qaraganda arzon bahoda sotib olish imkonini beradi. Bu afzalliklar Oʻzbekistonda elektron tijorat hajmining oshishiga olib keldi. Biroq bu oʻsish isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish bilan bogʻliq qiyinchiliklarni ham keltirib chiqarmoqda.

Birinchidan, onlayn tranzaksiyalarda mahsulotlar va sotuvchilar haqida aniq hamda oʻz vaqtida maʼlumot olish muhimligiga qaramay, sotuvchilarning maʼlumot berish boʻyicha shartnomadan oldingi majburiyatlarini toʻliq bajarmagani yoki elektron tijorat shaxssizligi sababli isteʼmolchilar bunday maʼlumotlarni olishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun sotuvchilardan isteʼmolchilarga aniq va toʻliq maʼlumot berishni talab qilsa-da, isteʼmolchilarning axborot olish huquqiga nisbatan huquqiy boʻshliqlar mavjud. Xususan, “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunning 5- va 6-moddalarida ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi), savdo va xizmat koʻrsatish qoidalari hamda tovar (ish, xizmat)lar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish bilan bogʻliq qoidalar tartibga solingan. Biroq ushbu maʼlumotlar elektron shartnomalarning xususiyatidan kelib chiqib takomillashtirilmagan. Masalan, onlayn savdoda sotuvchi bilan bogʻlanish imkonini beruvchi aloqa maʼlumotlari (telefon raqami, faks raqami va elektron pochta manzili) muhim boʻlsa-da, qonun sotuvchi (ijrochi) tashkilotining nomi, joylashgan (yuridik) manzili va ish tartibinigina isteʼmolchilarga maʼlum qilishi shartligini belgilaydi.

Bundan tashqari, koʻplab elektron tijorat platformalari qonun talablariga muvofiq ishlamaydi. Masalan, hozir ­Oʻzbekistondagi eng yirik elektron platformalarda mahsulot haqida faqat ayrim maʼlumotlar, masalan, mahsulotning qisqacha tavsifi va narxi koʻrsatiladi.

Xorijiy tajribani inobatga olgan holda, mamlakatimiz qonunchiligiga shartnomadan sababsiz voz kechish davrini kiritish, bu haqda isteʼmolchini xabardor qilishning va shartnomadan voz kechishning namunaviy shakllarini joriy etish, masofaviy xarid qilingan qaytarilmaydigan tovarlar roʻyxatini belgilash taklif etiladi.

Elektron tijorat rivojlanishi isteʼmolchilar uchun yangi imkoniyatlar ochishi bilan birga ularning huquqlarini himoya qilishga oid yangi huquqiy masalalarni ham yuzaga keltirmoqda. Tahlillarga koʻra, Oʻzbekiston qonunchiligida isteʼmolchilarga axborot berish, shaxsiy ­maʼlumotlarni himoya qilish va masofaviy shartnomalardan voz kechish kabi muhim institutlar yetarli darajada takomillashmagan. Xususan, onlayn savdoda sotuvchilarning axborot berish majburiyatlari aniq belgilanmagan. Toʻgʻridan toʻgʻri marketingni tartibga solish mexanizmlari yetarli emas.

Xorijiy tajriba, ayniqsa, Yevropa Ittifoqi qonunchiligi tahlili mazkur sohada aniq va kompleks huquqiy mexanizmlarni joriy etish isteʼmolchilar huquqlarini samarali muhofaza etishga xizmat qilishini koʻrsatadi. Shu bois, Oʻzbekiston qonunchiligiga masofaviy shartnomalardan sababsiz voz kechish huquqini kiritish, isteʼmolchilarga taqdim etiladigan axborot turlarini kengaytirish, shaxsiy maʼlumotlardan foydalanish, xususan, marketing maqsadida aniq tartibga solish maqsadga muvofiq.

Umuman, elektron tijorat sohasida huquqiy bazani takomillashtirish isteʼmolchilar ishonchini oshirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va bozor ishtirokchilari oʻrtasida adolatli raqobat muhitini taʼminlashda juda muhim.

Adiba SAFAROVA,

Qonunchilik va huquqiy siyosat

instituti bosh ilmiy xodimi